1

O`zbekiston Respublikasi Markaziy Banki axboroti

Iqtisodiyot 23.10.2019, 10:50
O`zbekiston Respublikasi Markaziy Banki axboroti

Joriy yilning 22 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to`g`risida”gi Qonunning yangi tahriri Davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Qonun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini erkinlashtirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Avvalgi tahrirdan farqli o`laroq, yangi tahrirdagi Qonun bir qator me`yorlar va mexanizmlar bilan to`ldirilgan bo`lib, unda valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilishning asosiy tamoyillari belgilandi. Xususan:

valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi;

valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi;

rezidentlar va norezidentlarning valyuta operasiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo`l qo`yilmasligi asosiy tamoyillar sifatida belgilab qo`yildi.

Bundan tashqari, milliy valyutaning mavqeini kuchaytirish maqsadida, davlat bojlari, yig`imlar va boshqa majburiy to`lovlar milliy valyutada undirilishi, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qo`yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada o`rnatilishi qonun darajasida belgilandi.

Shu bilan birga:

valyuta operasiyalarini amalga oshirishda rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasidagi mablag`larning erkin tasarruf etilishi;

valyuta operasiyalarini amalga oshirish bilan bog`liq bir qator ruxsat berish tartibotlarining bekor qilinishi;

tashqi savdo operasiyalari bo`yicha aktivlarni O`zbekiston Respublikasiga repatriasiya qilish bo`yicha talablar;

rezident jismoniy shaxslar tomonidan xorijda cheklovlarsiz hisobvaraqlar ochishga ruxsat berilishi;

jismoniy shaxslar o`rtasida nosavdo valyuta operasiyalari bo`yicha 100 mln. so`m ekvivalentigacha bo`lgan miqdordagi pul o`tkazmalari amalga oshirilishi mumkinligi;

jismoniy shaxslar tomonidan 100 mln. so`m ekvivalentidan oshmagan miqdordagi naqd pul mablag`larini O`zbekiston Respublikasidan erkin olib chiqilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunning yangi tahririda valyuta operasiyalarining amaliyotdagi mavjud turlari qamrab olindi hamda qonunchilikdagi havola qiluvchi normalar maksimal darajada qisqaritirildi va mazkur Qonun to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi hujjat bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to`g`risida”gi Qonunining yangi tahriri qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankida bugun soat 15:00 da ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etilmoqda. Mazkur brifing davomida Qonunning yangi tahriri yuzasidan batafsil ma`lumotlar keng jamoatchilikka etkaziladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1