“Kelinim 7 oylik homilador. Unga “kesarevo” qilish kerak, deyishibdi... Nega hozir jarrohlik usulida tug`dirish ko`payib ketyapti? Bu amaliyot qanday hollarda tavsiya etiladi?”
Sahifa eksperti: Jamila ALIEVA, ginekolog
Darhaqiqat, bugungi kunda «Kesarevo» – “kesarcha kesish” jarrohligi bolani ona qornidan operasiya vositasida tug`dirib olishga murojaat etish hollari ko`p uchramoqda. Chet elda olib borilgan tadqiqotlarda ma`lum bo`lishicha tug`uruqning bunday echimida ayol organizmiga xavf ehtimoli tabiiy tug`uruqqa qaraganda 10-12 marta ko`p bo`lishi mumkin. Bu amaliyot ayolda tug`uruqni tabiiy amalga oshirishga qarshi ko`rsatma bo`lganda tavsiya qilinadi.
Qachon rejali “kesarcha kesish” tayinlanadi?
Aytish o`rinliki, “kesarcha kesish” uncha murakkab amaliyot bo`lmagani bilan baribir jarrohlik aralashuvi hisoblanadi.Shuning uchun faqatgina ayolda tabiiy tug`uruq imkoni bo`lmagan quyidagi holatlarda tayinlanadi:
- Ko`z tubidagi kuchli o`zgarishlar, uzoqni ko`rmaslikning yuqori darajasi;
- Qandli diabet va rezus omilning og`ir holati;
- Homila kattaligi va tos torligi;
- Genital gerpesning o`tkir turi, bolaga virus yuqishi xavfi;
- Kech toksikozning og`ir turi;
- Bachadon va qin rivojlanishidagi nuqsonlarda;
- Ikki va undan ortiq marta “kesarevo” usulida tuqqanlik;
- Homilaning noto`g`ri yotishi (ko`ndalang) yoki yo`ldoshning pastjoylashuvi;
- Tug`uruq muddati o`tib ketganda.
Tezkor amaliyotga ko`rsatma berilsa...
Ba`zan tug`uruq jarayonida ayol bolani tabiiy ravishda tug`a olmasa, to`lg`oq to`xtab qolsa yoki kuchana olmasa, ko`p qon yo`qotish va bolaga kislorod etmaslik xavfi bo`lsa va bunda qilingan dori va ukollar yordam bermasa “tezkor” (ekstrennoe) jarrohlik amalga oshiriladi.
Homilador ayol xohishiga ko`ra...
Hozirda ayrim ayollar “kesarcha kesish” bilan bolani tug`dirishlarini o`zlari iltimos qilishmoqda.Ular to`lg`oq og`riqlaridan, oraliq, qin yirtilishi va cho`zilishidan cho`chib shunday qilmoqchi bo`lishadi.
Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti (VOZ) bu qarorni ma`qullamaydi. Chunki ayollar bir mauammodan qo`rqib, boshqa jiddiyroq muammoga yo`liqishi mumkin. “Kesarevo”dan keyin bolada uchraydigan nevrologik buzilishlar, jarrohlikdan keyingi asoratlar, keyingi tabiiy tug`uruqlarning xavfli bo`lishi kabilar shular jumlasidan.
Bundan tashqari kesar kesish yordamida dunyoga kelgan chaqaloqlar tashqi muhit sharoitlariga qiyinchilik bilan moslashadi. Negaki ular tug`ilishiga ko`mak berilgan va ularda kurashuvchanlik qobiliyati yaxshi shakllanmagan. Shuning uchun shifokorlarning xulosalariga ko`ra, bu amaliyot faqat tabiiy tug`uruqning iloji bo`lmagan hollarda tayinlanadi.
Aksariyat mutaxassislarning ta`kidlashlaricha, hozirda kesarcha kesish amaliyotida tug`ishning ko`payishiga ayollardagi kamharakatlik (homila vazni ortishi va teskari joylishishi ham shu sababli) ko`p ovqat iste`mol qilish, o`z salomatligiga vaqtida e`tibor qilmaslik holatlari sabab bo`lmoqda.
Manzura BEKJONOVA tayyorladi.