Insoniyat har doim yangi kashfiyot va ixtirolarga intiladi. O`tgan yil ham qator ixtiro va kashfiyotlarga boy bo`ldi. Bu yangiliklar hayotimizni engillashtirish yo`lida yana bir olg`a qadam bo`lishi mumkin. (xabardor.uz)
1. “ReSound LiNX” eshitish qurilmasi. Bu qurilma eshitish qobiliyati past bo`lgan “iPhone” egalariga mo`ljallangan bo`lib, u Bluetooth-texnologiyasi yordamida eshitish qurilmasini tezroq sozlash imkonini beradi.
2. “Telebot” robot-polisiyachisi. 2012 yilda boshlangan bu loyiha o`tgan yili o`zining dastlabki natijasini berdi. Tez orada bo`yi inson bo`yi bilan teng robot-polisiyachi ko`chalarda navbatchilik qila boshlashi mumkin. U “Oculus Rift” to`ldirilgan voqelik ko`zoynagi yordamida operator tomonidan masofadan turib boshqariladi.
3. Ryukzakka o`rnatilgan “Vodafone” mobil stansiyasi. Og`irligi 11 kilogrammli “Vodafone” ko`chma stansiyasi tarmoq yo`q joylarda o`n daqiqa ichida tarmoqqa ulanish imkonini beradi.
4. “Foldscope” karton mikroskopi. Stenford biomuhandisi Manu Prakash o`tgan yili yo`riqnoma asosida har qanday kishi o`zi tayyorlay olishi mumkin bo`lgan karton mikroskop loyihasini taqdim etdi. “Foldscope”ni tayyorlash uchun atigi yarim dollar sarflanadi va u jismlarni 2000 marta kattalashtirib ko`rsatadi.
5. “Sol-Char” quyosh biohojatxonasi. Er yuzida 2,5 milliardga yaqin kishi yomon sanitariya sharoitida yashashi haqidagi ma`lumot tadqiqotchilarni quyosh energiyasi yordamida chiqindilarni bioko`mirga aylantiruvchi biohojatxona yaratishga undadi.
6. Quyosh shossesi. Aydaxodagi startap loyihasi yo`llarga asfalt emas, toblangan shishadan ishlangan yorug`lik diodli maxsus quyosh panellarini yotqizishni taklif etmoqda. Shu yo`l bilan yo`llarni yoritishda elektr energiyasini tejash bilan birga kundalik ehtiyoj uchun etarli energiyani ham olish mumkin bo`ladi.
7. Nano-dvigatel. Olimlar nano-texnologiya sohasida qanchalik ilgarilab ketishganini yaqinda daqiqasiga 18 ming marta aylanuvchi mitti “dvigatel” (tuz kristalidan 500 baravar kichkina) yaratishganidan bilish mumkin. Bu nano-zarralar rak hujayralariga qarshi kurashda yordam beradi.
8. Ong yordamida boshqariluvchi ekzoskelet. O`tgan yilning yozida, Braziliyadagi jahon chempionatida millionlab inson oyoqlari falaj 29 yoshli Juliano Pinto ilk marta to`pga zarba berganining guvohi bo`lishdi. Bunda unga bosh miya signallari orqali boshqariluvchi maxsus kostyum yordam berdi. Kelajakda bu kostyum imkoniyati cheklangan kishilarni nogironlar aravachasidan voz kechishlariga yordam berishi mumkin.
9. Suv ostiga sho`ng`ish uchun “Exosuit” kostyumi. Bu kostyum boshqa kostyumlardan farqli o`laroq, odamlarga okeanning tubiga hech qanday zararsiz sho`ng`ishlariga yordam beradi. O`tgan yili g`avvoslar uni kiyib 1000 metrdan ortiq chuqurlikka sho`ng`iy olishdi.
10. Dorini organizmga masofadan etkazuvchi chip. Mikrochip ko`rinishidagi bu qurilma hozirda sinovdan o`tkazilmoqda. U doimiy ravishda dori qabul qilishga majbur yoki tibbiy xizmat olishga imkoniyati yo`q kishilar hayotini engillashtirishi kutilmoqda.
11. Smartfon yordamida glaukoma rivojlanishini nazorat qilish. Ushbu texnologiya insonlarning ko`ziga o`rnatilgan mitti qurilma va smartfon yordamida o`z ko`rish qobiliyatini nazorat qilish imkonini beradi. Qurilma ko`z qon bosimini o`lchab turadi va zarurat tug`ilsa ko`z shifokoriga murojaat qilish to`g`risida xabar beradi.
12. Yuqori texnologiyali nogironlar aravachasi. “Intel” kompaniyasi organizmning muhim hayotiy ko`rsatkichlarini kuzatib turuvchi va salbiy o`zgarish yuz bergan taqdirda kerakli insonlarga xabar beruvchi nogironlar aravachisini namoyish etdi.
13. “Zoom Jet” energiya tejovchi plitasi. Ushbu plita dunyo bo`yicha yuz ming donaga yaqin sotildi. U qattiq yoqilg`ini 60 foizgacha tejaydi va yonish paytida ajralib chiqadigan zararli tutunni 70 foizgacha kamaytiradi.
14. “Nanopatch” nano-ignasi. To`g`rirog`i, igna emas, ushbu qurilmadagi minglab zarra hajmidagi ignalar organizmga dorini etkazib beradi. “Nanopatch” oddiy igna bilan emlash usuli o`rnini bosadi va tez buziladigan dorilarni saqlash muammosini bartaraf etadi.