1

G`ani A`zamov tavalludining 110 yilligiga bag`ishlangan xotira kechasi bo`lib o`tdi

Madaniyat 30.10.2019, 15:37
G`ani A`zamov tavalludining 110 yilligiga bag`ishlangan xotira kechasi bo`lib o`tdi

Kecha – 29 oktyabr kuni O`zbek milliy akademik drama teatrida taniqli san`tkor G`ani A`zamov tavalludining 110 yilligiga bag`ishlangan xotira kechasi bo`lib o`tdi. 

Ushbu tadbir O`zbekiston teatr arboblari uyushmasi, Madaniyat vazirligi hamda O`zbek milliy akademik drama teatri hamkorligida tashkil qilindi.

O`zbekiston xalq artisti, teatr sahnasidagi betakror rollari bilan ko`plab muxlislar hurmat-e`tiboriga sazovor bo`lgan san`atkor G`ani A`zamov 1909 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. U o`z mehnat faoliyatini o`qituvchilikdan boshlagan. Dastlab teatr aktyorlariga lotin tilidan saboq berish uchun muallim bo`lib ishga kelgan G`ani A`zamov o`z hayotini bir umr teatr bilan bog`ladi. Ijodiy faoliyatini ommaviy sahnalarda qatnashishdan boshladi va ilk bor Uyg`un asari asosida sahnalashtirilgan “Qaltis hazil” komediyasida Mamarasul obrazini muvaffaqiyatli ijro etdi. Shundan so`ng san`atga qiziqishi ortib katta-kichik rollarni zo`r mahorat bilan ijro eta boshladi.

Utoz san`atkor kamdan kam uchraydigan tug`ma iste`dod sohibi edi. U o`zining 60 yillik ijodiy faoliyati davomida “Qutlug` qon”, “Qonli sarob”, “Alisher Navoiy”, “Tog`a-jiyanlar”, “Revizor”, “Kuyov”, “Oltin devor” kabi yuzdan ortiq spektakllarda mukammal obrazlarni sahnaga olib chiqqan. Teatr muxlislari G`ani A`zamovning kino, televidenie hamda “Nashtar” hajviy kino jurnalidagi betakror obrazlarini hamon e`tirof bilan eslashadi.

Xotira kechasida o`zbek teatr san`atiga katta hissa qo`shgan ustoz san`atkorni shogirdlari, izdoshlari, bir qator taniqli teatr arboblari hurmat bilan xotirlashdi. G`ani A`zamov bilan bog`liq voqealarni, suhbatlarda aytgan ibratli gaplarini esga olishdi. 

–Men to`qqiz yildan oshiq vaqt mobaynida G`ani akam bilan birga sahnada rol o`ynaganman. Tuman va shaharlarga boramizmi, chekka qishloqlardagi sahnalarda bo`lsin, ming martalab qo`yilgan spektakl bo`lsa ham, zalda tomoshabin kam bo`lsa ham unda rol o`ynashga erinmasdi, – dedi O`zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. – Endi o`ylab qarasangiz, albatta, aktyor hadeb bir rolni sahnada qayta o`ynayverganidan keyin maynavozchilik qilgisi keladi, so`z qo`shgisi keladi. Lekin ustoz doim zaldan kuzatib o`tirardi va agar nimadir yoqmasa spektakl tugaganidan keyin bizga dakki berardi: “Ha, jonlaringga tegdimi, almashtiraylikmi? Boshqa aktyor o`ynasinmi? Biron joyda ham maynavozchilik qilganlaringni ko`rmay! Rolni Toshxo`ja Xo`jaev (O`zbekiston xalq artisti, o`sha paytda teatrning bosh rejissyori) ko`rganda qanday o`ynagan bo`lsalaring, shunday o`ynanglar! Agar ming marta o`ynaganingdan keyin shu ming marta qo`yilgan spektaklni bitta odam ko`rmay qolgan bo`lsa ham, ana shu birgina odam uchun o`ynashga majbursan!” derdi. 

O`ziga ham juda talabchan edi. Ana shuning uchun G`ani A`zamov o`ynagan spektakllar ming martalab sahna yuzini ko`rgan. 

Milliy teatr sahnasida o`z ijodi bilan tanilgan aktyor va aktrisalar o`z xotiralaridan so`zlab bergandan so`ng tomoshabinlar e`tiboriga konsert dasturi va G`ani A`zamov ijodida alohida ahamiyatga ega bo`lgan “Oltin devor” spektakli havola etildi.

Maqola va fotosuratlar muallifi Manzura BEKJONOVA 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1