1

Mirjalol Qosimov: Xitoy - intizomli jamoa. Ammo biz uni mag`lub etamiz

Sport 13.01.2015, 16:25
Mirjalol Qosimov: Xitoy - intizomli jamoa. Ammo biz uni mag`lub etamiz

Xitoy - O`zbekiston uchrashuvi oldidan O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov ishtirokida bo`ladigan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Xabar qilishlaricha, Xitoydan Avstraliyaga 100 dan oshiq jurnalist kelgan. 

Biroq shuni ham ta`kidlab o`tish lozim, Mirjalol Qosimov va Odil Ahmedov ishtirokidagi matbuot anjumani boshlanishi oldidan qiziq holat yuzaga keldi. Kutilmaganda xitoylik jurnalistlar matbuot anjumanidan chiqib ketdilar. Xitoy terma jamoasi vakillari bilan bo`lib o`tgan savol-javob yakuniga etgach, ko`plab xitoyliklar zaldan chiqib ketdilar. Aftidan Xitoy matbuotiga O`zbekiston terma jamoasi fikri qiziqarli emas, shekilli...

Shu o`rinda ta`kidlab o`tish lozim, Xitoy terma jamoasi guruhdagi dastlabki uchrashuvni ham Brisben shahrida o`tkazgan. O`zbekiston milliy terma jamoasi esa birinchi turda Sidneyda maydonga tushib, so`ngra Brisben tomon yo`lga chiqqan.

O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va yarim himoyachi Odil Ahmedov matbuot anjumani zaliga kirib kelgach, muloqotning ikkinchi qismi boshlandi. Dastlab murabbiy va futbolchidan ertaga bo`ladigan o`yin haqida fikrlari so`raldi.

Mirjalol Qosimov: Ertaga bizni yaxshi o`yin kutib turgani aniq. Chunki biz ham, raqib ham birinchi turda bir xil hisobda g`alabaga erishganmiz. Shunday ekan, o`yin ancha qiziqarli kechishi aniq. Biz Xitoyni engib, guruhdan chiqish imkoniyatini yanada yaxshilashni maqsad qilganmiz. Xitoy yaxshi jamoa, ammo biz g`alaba uchun maydonga tushamiz.
Odil Ahmedov: Murabbiyimiz fikriga qo`shilaman. Xitoy haqiqatan ham kuchli jamoa. Ammo biz ertaga hamjihatlik bilan o`yin olib borib, raqibni mag`lubiyatga uchratamiz. Bunga kuchimiz etadi.

Xitoylik jurnalist:
O`zbekiston terma jamoasidagi uch nafar futbolchi Xitoy chempionatida o`ynagan. Biri hamon o`ynamoqda. Ulardan Xitoy haqida ma`lumot oldingizmi?
Albatta biz Xitoy bilan yaxshi tanish bo`lgan futbolchilar bilan suhbatda bo`ldik va bu suhbat jamoamizga etarlicha yordam beradi,deb o`ylayman.

Azizxon Akbarov, www.uff.uz jurnalisti:
Xitoy boshqa sport turlaridan kuchli. Ammo futbolda yuqori saviyaga chiqa olmayapti. Nima deb o`ylaysiz, Xitoy o`z saviyasini oshira oladimi?
Xitoy terma jamoasi o`sishda davom etmoqda. Yil o`tgan sari raqib o`yini ham o`sib bormoqda. Ammo ertaga nima bo`lishini hech kim bilmaydi.

Avstraliyalik jurnalist:
Savolim Odil Ahmedovga: Qatardagi Osiyo Kubogida Avstraliyadan yirik hisobda mag`lubiyatga uchragan edingiz. Bu mag`lubiyat hozirgi o`yiningizga ta`sir o`tkazadimi? Guruhdan chiqsangiz yana Avstraliya bilan tushishingiz mumkin. Bu borada nima deya olasiz?
Odil Ahmedov: Bu tarixga aylangan o`yin. Biz asosiy maqsad sifatida guruhdan chiqishga qaramoqdamiz. Agarda buni uddalay olsak va Avstraliyaga qarshi maydonga tushsak, bu safar boshqacha o`yin bo`lishi aniq.

Axadxon Abduhamitov:
Xitoy terma jamoasi birinchi turda ham Brisbenda o`ynagan. Bu raqibga qanday ustunlik berishi mumkin? Ikkinchi savol Odil Ahmedovga. Siz Xitoyga qarshi avval ham o`ynagansiz. 2011 yildagi Xitoy bilan hozirgi Xitoy haqida nima deya olasiz?
Mirjalol Qosimov: Men bu borada hech qanday muammo ko`rmayapman. Jamoamiz yaxshi tayyorgarlikka ega va raqibga qarshi to`liq kuch bilan o`ynashga tayyor.
Odil Ahmedov: Men hozirgi Xitoy haqida hech narsa deya olmayman. Chunki o`yinlarini kuzatib bormaganman. Ammo hamma terma jamoalar ham o`sishda davom etmoqda va Xitoy ham boshqacha bo`lgani aniq. Ertaga bo`ladigan o`yin hammasini ko`rsatib beradi.

Xitoylik jurnalist:
Odil Ahmedovdan shuni so`ramoqchi edim. Siz birinchi o`yinda yaxshi tayyor emasdingiz. Endi ancha tiklanishga muvaffaq bo`ldingiz va o`yiningiz kuchayadimi? Mirjalol Qosimovga: Xitoy tarkibida qaysi o`yinchini ajratib ko`rsata olasiz?
Odil Ahmedov: Birinchi o`yinda qiyin bo`lishi aniq edi. Aslida har doim ham ilk o`yin og`ir kechadi. Ammo men ancha yaxshi holatdaman va ikkinchi o`yinda bor kuchimni ko`rsatishga harakat qilaman. O`yindan o`yinga kuchayib boraveramiz, deb o`ylayman.
Mirjalol Qosimov: To`g`risini aytsam, biror futbolchini ajratib ko`rsatmagan bo`lardim. Chunki Xitoy har doim jamoaviy o`yin namoyish etib kelgan. Faqat shuni aytishim mumkinki, raqib tarkibida 10-raqamli futbolchi ancha kuchli. Shuningdek qanot himoyachilari va darvozabon yaxshi o`yin namoyish qiladi. Xitoyning ajralib turadigan jihati - ularda intizom ancha kuchli. Ammo biz raqibni mag`lubiyatga uchratishga tayyormiz.

Shu bilan matbuot anjumani yakuniga etdi. Hammasi ertaga bo`ladigan o`yinda hal bo`ladi.

Manba: www.uff.uz

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1