AsosiyIqtisodiyot

“O`zikkilamchiranglimetall” Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bozoriga chiqmoqchi

'“O`zikkilamchiranglimetall” Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bozoriga chiqmoqchi'ning rasmi

Yaqin vaqtda “O`zikkilamchiranglimetall” o`z mahsuloti bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bozoriga chiqmoqchi. Bu esa er shari aholisining qariyb yarmini tashkil etadi. 

Zavod vakillari Xitoy, Hindiston,  Malayziya, Indoneziya va Singapurdagi  hamkorlar bilan  muzokaralar olib borishmoqda. Bundan tashqari, joriy oyda Tailand delegasiyasiToshkentga  tashrif buyurgan. Bu haqida korxona matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Xususan, Tailandning Win Global Metal Co kompaniyasi “O`zikkilamchiranglimetall”dan alyuminiy xarid qilishni rejalashtirgan. Dastlabki kelishuvlarga ko`ra, birinchi bitim yil yakuniga qadar amalga oshishi mumkin.

Ta`kidlash lozimki,zavod mahsulotlari  asosan Boltiqbo`yi davlatlari,  Angliya, Turkiya, MDH davlatlari hamda Gonkongga eksport qilinmoqda.  Joriy yilda “O`zikkilamchiranglimetall” ilk bor o`z mahsulotini Afg`oniston,  Pokiston hamda  qo`shni Tojikistonga etkazib berdi. Shu bilan birga  zavodning strategik hamkorlari sifatida  Turkiya, AQSh, Germaniya, Kanada, Hindiston, Yaponiya, Buyuk Britaniya hamda Shveysarining yirik metallurgiya korxonalarini ko`rsatish mumkin. 

Korxona vakillarining  ma`lum qilishicha: “Joriy yilning 9 oyi davomida “O`zikkilamchiranglimetall”ning eksporti 15 million dollardan oshdi. Bunda asosan alyuminiy, mis, jez, qo`rg`oshinning ikkilamchi qotishmalari etkazib berilmoqda. Shuningdek, zavod tomonidan respublikada qayta ishlanmaydigan nikel, titan va magniy chiqindilari va parchalari eksportga yuborilmoqda. Ular MDH va Evropa davlatlariga etkaziladi”. 

Ta`kidlash lozimki, “O`zikkilamchiranglimetall” Markaziy Osiyoda yagona sanalgan rangli metall chiqindilari va parchalarini tayyorlash va kayta ishlash,  shuningdek  rangli metall qotishmalari va xalq iste`mol mahsulotlarini  ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi. 

Bugungi kunda “O`zikkilamchiranglimetall” –zamonaviy korxona bo`lib, respublika bo`ylab tayyorlov tashkilotlari tarmog`iga ega va mahalliy iqtisodiyot tarmoqlarini sifatli rangli metall bilan ta`minlab kelmoqda. 

Joriy yilning sentyabr oyida “O`zikkilamchiranglimetall”ning  ustavi kapitalidagi  davlat ulushi xorijning SFI Management Group korxonasiga ishonchli boshqaruv asosida topshirilgan. Bundan korxona boshqaruvi  tizimining samaradorligini oshirish  maqsadi ko`zlangan edi. 

 

 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar