Jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, bizning ulushimiz bir foizga ham etmayapti.
Bu haqda bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning meva-sabzavotchilik tarmog`ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta`minlash masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari ta`kidlashicha, bunga erishish uchun ekin va navlarni to`g`ri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarni oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni to`g`ri tashkil etish lozim.
Qayd etilganidek, kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga etkazish, keyingi uch yilda bu ko`rsatkichni 5 milliard dollarga etkazish imkoniyatlari mavjud.
Bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, o`rik, olxo`ri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.
O`zbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bog`lar etarlicha tashkil etilmayotgani, bog` va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi o`ta past darajada qolayotgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bog`lar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi. Hanuzgacha “mahsulot etishtirish – xarid qilish – saqlash va qayta ishlash – eksport” zanjirini tashkil etadigan kooperasiya tizimi joriy qilinmagan.