1

"Rahbarki, u nafaqat o`zining sha`nini, balki davlat idorasining obro`sini ham saqlashga mas`ul ekanini unutmasligi kerak"

Siyosat 23.11.2019, 11:18
"Rahbarki,  u nafaqat o`zining sha`nini, balki davlat idorasining obro`sini ham saqlashga mas`ul ekanini unutmasligi kerak"

Bugun bo`lib o`tgan selektorda Shavkat Mirziyoev ochiqlik, amaldorlar mas`uliyati masalasiga to`xtalib o`tibdi:

“Bugun sizlar bilan yana bir muhim masalani muhokama qilib olishimiz zarur.

Barchangiz ko`rib, bilib turibsiz, bugun jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik va shaffoflik ta`minlanmoqda. Zamon tez rivojlanmoqda, xalqimizning dunyoqarashi o`zgarmoqda.

Bu borada ayniqsa, ommaviy axborot vositalari katta rol o`ynamoqda. Ular hayotiy muhim masalalarga e`tiborimizni qaratib, muammolarni hal etishda bizga ko`maklashmoqdalar.

Demokratik jamiyatning asosiy talablaridan biri ham shu.

Shuni esdan chiqarmaylik, matbuotni faoliyatimizni aks ettiruvchi ko`zgu deb bilishimiz kerak. Afsuski, ko`p yillar davomida biz ana shu ko`zguga qarashni o`zimizga ep ko`rmadik.

Oqibatda haqiqiy qiyofamizni ko`rolmay qoldik. Xalqimizga ochiq-oydin ma`lum bo`lib turgan aybu nuqsonlarimizni tan olmasdan, “men hammadan zo`rman” deb o`zimizga bino qo`yib, kekkayib yuraverdik. “Yuzing qiyshiq bo`lsa, oynadan o`pkalama” degan dono maqolni butkul unutib qo`ydik.

Yillar davomida jamiyatimizda qanchadan-qancha illatlarning tomir otishi, muammolarning yig`ilib qolishining asosiy sabablaridan biri ham shu bo`lgani, ayni haqiqat.

Men bu gaplarni nima uchun aytayotganimni hammangiz yaxshi tushunib turibsiz. Bugun barcha bo`g`indagi rahbarlarning jamoatchilik bilan, ayniqsa ommaviy axborot vositalari bilan muomala madaniyati har qachongidan ham muhim masalaga aylandi.

Ayrim hollarda rahbarlar tomonidan tanqidni qabul qila bilmaslik, nima qilib bo`lsa-da, uni tan olmaslikka bo`layotgan urinishlarda ham ko`zga tashlanmoqda.

Afsuski, ba`zi rahbarlar xalq bilan, matbuotchilar bilan muloqotda oddiy muomala madaniyatini, ma`naviyatni unutib qo`yishmoqda. Ular tomonidan qilingan murojaatlarga o`z vaqtida, xolis javob berilmasligi ham haqli e`tirozlarga sabab bo`layapti.

O`zingiz guvoh bo`lib turibsiz, deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir rahbarning faoliyati bilan bog`liq shov-shuvli xabar tarqalayapti. Ularda berilayotgan tanqidiy materiallarga o`z vaqtida xolis, asosli munosabat bildirilmayotgani oqibatida odamlar orasida har xil fikrlar, bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda.

Eng achinarlisi, ba`zi rahbarlar jamoatchilik o`rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo`lishi mumkin bo`lgan bunday holatlarning oldini olish o`rniga, kibru havoga berilish, o`ziga bino qo`yish bilan masalani yanada chigallashtirmoqda.

Tushunaman, har kimning o`ziga yarasha g`ururi, izzat-nafsi bor.

Lekin rahbar shunisi bilan rahbarki,

u nafaqat o`zining sha`nini, balki davlat idorasining obro`sini ham saqlashga mas`ul ekanini unutmasligi kerak.

U har qanday to`siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og`ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to`g`ri qaror qabul qilishi shart.

Shu bilan birga, har qaysi rahbar  

o`z mas`uliyati va javobgarligini, avvalo o`z vijdoni oldida, unga ishonch bildirgan  

el yurt oldida chuqur anglasa, faoliyatida qat`iyatlik bilan vazminlik, talabchanlik bilan aql-zakovatni uyg`unlashtira olsa, xalqning chinakam mehrini va ishonchini qozona oladi.

Xoh u Hukumat a`zosi bo`ladimi,  

vazir bo`ladimi, xoh hokim bo`ladimi yoki prokurormi, ushbu talab – barchamizga, ommaviy axborot vositalari xodimlariga ham birdek tegishli.

Buni unutishga hech birimizning haqqimiz yo`q”.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1