Ayni damda Ummon sultonligi Al-Amirat shahrida bo`lib o`tayotgan «Masqad festivali»ning 25 yillik yubiley tadbirida O`zbekistondan bir guruh delegasiya qatnashmoqda. Folklor yo`nalishda ijod qiluvchi «Surxon» guruhi ayni damda festival ishtrokchilaridan biridir, deb xabar bermoqda Uz24.uz.
Festivalda turli davlatlardan kelgan ishtirokchilar o`z milliy urf-odatlari, milliy hunarmandlik mahsulotlari, qolaversa, milliy qo`shiqlarini butun dunyodan tashrif buyurgan mehmonlarga taqdim etishadi.
Mazkur katta festivalga 11 mamlakatdan, ya`ni O`zbekiston, Ummon, Tayland, Fransiya, Misr, Hindiston, Tanzaniya, Eron, Marokko, Turkiya va Xitoydan vakillar kelishgan. Undagi har bir davlat uchun maxsus ajratilgan joyda o`sha yurtning milliy madaniyati va o`ziga xos maqbaralarini aks ettiruvchi eksponatlar, kichik shaharcha ko`rinishidagi dekorasiyalar qurilgan. Ma`lum bo`lishicha, ularni har bir davlatdan yuborilgan fotosuratlar bo`yicha quruvchilar bunyod etishgan. Bundan tashqari, o`ndan ortiq sahnalar qurilgan bo`lib, turli millat san`atkorlari uchun 30−45 daqiqadan vaqt ajratilgan. Bizning hamyurtlarimiz 21 yanvar Toshkent vaqti bilan 21:00 da sahnaga chiqdi va o`zbek milliy ashulalarini ijro etishdi.
Bir oy davomida bo`lib o`tadigan mazkur festivalni tomosha qilishga kelgan chet ellik mehmonlar va barcha qatnashchilar olam-olam ta`assurotlar olishadi, o`zga millatlar san`ati bilan yaqindan tanishishadi.