Huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida rivojlangan davlatlarning tajribasini muntazam ravishda o`rganib borish, ijobiy yutuqlarni joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda, ushbu yo`nalishda kunchiqar mamlakat bo`lgan Yaponiyada amalga oshirilayotgan ishlarga e`tiborni qaratish muhim hisoblanadi.
Yaponiyada uzoq 1871 yilda uning poytaxti Tokioda «Poytaxt polisiyasi»ga asos solingan bo`lib, 1873 yilning noyabr oyida yuz bergan Meydzi revolyusiyasi vaqtida Yaponiya Ichki ishlar vazirligi, 1874 yilda esa butun mamlakatda polisiya xizmati tashkil etilgan.
Polisiya jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashibgina qolmay, yong`in xavfsizligi hamda jamoat tartibini saqlash funksiyalarini xam bajargan. 1881 yilda polisiya xizmatiga mamlakatdagi barcha turdagi bosmaxonalarni nazorat qilish vazifasi ham yuklatilgan. 1945 yil ikkinchi jahon urushi tugagandan so`ng Yaponiya polisiyasi tizimida islohotlar amalga oshirilgan.
Jumladan, 1947 yilda ilk marotaba «Polisiya to`g`risida»gi qonun qabul qilingan va 1954 yilda ushbu qonun qayta ko`rib chiqilib, yangi tahrirda qabul qilingan.
Yaponiya 1956 yilda Interpolga qabul qilingan.
Kunchiqar yurt polisiyasining xizmat majburiyatlariga shaxsning hayoti va mol-mulkini himoya qilish, jinoyatchilikning oldini olish va fosh etish, jinoyat sodir etganlikda gumonlangan shaxslarni ushlash, yo`l xarakati havfsizligini ta`minlash, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta`minlash kiradi.
Hozirgi kunda Yaponiyada huquq-tartibot idoralari markazlashtirilgan tizim tartibida xizmat olib bormoqda. Polisiya tarkibiga quyidagilar kiradi:
– Kasiva shahrida joylashgan polisiya ilmiy-tadqiqot instituti;
– Tokio shahrida joylashgan polisiya Akademiyasi;
– Saroy polisiyasi;
– tarkibiga markaziy Boshqarma hamda ettita hududiy polisiya byurolari kirgan Yaponiya milliy polisiyasi.
Hududiy polisiya byurolari tarkibiga esa poytaxt polisiya boshqarmasi, Kioto shahri polisiya boshqarmasi, Osaka shahri polisiya boshqarmasi, Xokkaydo orollari polisiya boshqarmasi va prefekturalardagi 43 ta polisiya xizmatlari kiradi.
Har bir prefekturadagi munisipal polisiya tizimiga shtab (xombu), polisiya boshqarmasi (keysasusyo), shahar va aholi punktlaridagi polisiya uchastkalari (koban), qishloq joylaridagi polisiya postlari (tyudzaysyo) kiradi.
Shuningdek, polisiya tarkibida kavaleriya bo`linmalari (Tokio shahridagi otliq otryad polisiyasi) mavjud.
Koban yapon polisiya tizimining nisbatan kichik tashkiliy tuzilmasi bo`lib, ularning har birida 10 nafargacha polisiya xodimlari faoliyat ko`rsatadi.
Qishloq joylarida tashkil etilgan polisiya postlarining har birida bir nafar polisiya xodimining xizmat olib borishi va istiqomat qilishlariga zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Ushbu polisiya xizmati mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda jinoyatchilikka qarshi kurashish, yo`qolgan hamda topib olingan buyumlar nazorati, voyaga etmaganlar tarbiyasi, favqulodda holatlarda aholiga yordam ko`rsatish, qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga etmaganlar bilan ishlash kabi yo`nalishlarda faoliyat yuritadi.
Munisipal polisiyaga alohida polisiya okruglari, polisiya uchastkalari biriktirilib, ular joylarda o`zini o`zi boshqarish organlari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Polisiya uchastkalari polisiya bo`linmalari (Koban) hamda polisiya maskan (budka)lari (Chizaisho) tomonidan boshqariladi. Ular Yaponiya polisiyasining «yuragi» hisoblanadi.
Alohida e`tirof etish joizki, yaponlar munisipal polisiya bo`linmalari (Koban)ga xavfsizlik maskani sifatida qaraydi. Ushbu maskanlarda munisipal polisiya xodimlari doimiy ravishda navbatchilikni amalga oshirib, aholidan tushgan har qanday xabar bo`yicha zudlikda harakat qiladi. Har bir polisiya maskani (budka)ning xizmat hududi belgilangan bo`lib, unda uchastka polisiyasi tomonidan tizimli ravishda xizmat amalga oshiriladi.
Munisipal polisiya bo`linmalari (Koban) rahbarlari xodimlarning muayyan hududda uzoq yillar barqaror ishlashini ta`minlaydi. Albatta, bu borada xodim xizmat hududi to`g`risida to`liq ma`lumotga, jinoyatlarning sodir bo`lish sabab va shart-sharoitlari to`g`risida bilimga ega bo`ladi.
E`tiborli jihati shundaki, polisiya xodimlariga muntazam ravishda xalqqa yaqin bo`lishlari uqtiriladi. Ulardan aholi bilan xushmuomalada bo`lish, jinoyat to`g`risida kelib tushgan xabar bo`yicha voqea joyiga 3 daqiqa ichida etib borish talab etiladi. Shuning uchun kunchiqar yurtda jinoyatlarni issiq izida fosh etish ko`rsatgichlari yuqori foizni tashkil etadi.
Hozirgi kunda Yaponiyada 6200 ta polisiya uchastkalari va 6600 ta polisiya maskan (budka)lari faoliyat yuritib, ular o`zlariga biriktirilgan hududlarda xavfsizlikni ta`minlash yuzasidan boshqaruvni amalga oshiradi. Har bir polisiya uchastkalari, polisiya maskan (budka)lari aloqa vositalari, xizmat avtomashinalari bilan ta`minlangan. Ularda asosan ofiser xodimlar xizmat olib boradi.
Polisiya xodimlari o`zlariga biriktirilgan hududlarda piyoda, velosipedda, xizmat avtomobilida aylanishadi hamda patrullikni amalga oshirishadi.
Jinoyatchilik yuqori bo`lgan hududlarda gumondorlarni tekshiradi, axolini, voyaga etmaganlarni sodir etilgan huquqbuzarliklar bo`yicha ogohlantiradi.
Polisiya xodimlari hududdagi aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa ob`ektlarda fuqarolar o`rtasida profilaktik targ`ibot ishlarini muntazam ravishda olib borishadi. Har bir oilada turmush tarzi, oila a`zolarini nima bezovta qilayotganligi to`g`risida qiziqib boradi. Yoshlar o`rtasida jinoyatchilikning oldini olish maqsadida polisiya xodimlari ularni o`qishga, sport turlariga va boshqa foydali mashg`ulotlarga jalb qilish choralarini ko`radi. Aholi bilan muntazam ravishda o`tkaziladigan muloqotlarda ulardan polisiya ishini yaxshilash bo`yicha takliflarni oladi.
Polisiya xodimi ko`chada har qanday fuqaroni jinoyatda gumonlab polisiya uchastkalari yoki polisiya maskan (budka) lariga surishtiruv o`tkazish uchun olib borishi mumkin, lekin fuqarolarga kuch ishlatish, majburiy tartibda olib borish qat`iyan taqiqlanadi. Polisiya xodimlari dzyudo, kendo kabi sport turlari bilan shug`ulangan bo`lishi, qo`lga olish usullarini, o`q otar quroldan otish sirlarini, jang qilish san`atini yaxshi bilishlari lozim. Ushbu yo`nalishda ofiserlar bilan muntazam ravishda mashg`ulotlar o`tkazilib boriladi.
Yaponiya polisiyasining jinoyatlarni fosh qilish boshqarmasida alohida yoshlar bilan ishlash bo`limi mavjud bo`lib, ular yoshlar o`rtasida muammolarni o`rganish, bartaraf etishga ko`maklashish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi yo`nalishlarida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Qo`riqlash bo`limlarida ham alohida bolalar va o`smirlar muassasalari bilan ishlash bo`yicha xodimlar faoliyat ko`rsatadi. Ular bolalar va o`smirlar o`quv muassasalarida doimiy ravishda navbatchilik asosida mashg`ulotlar o`tkazadi. Shuningdek, ko`chalarda bolalarning xatti-harakatlarini kuzatib borishadi.
Yaponiya polisiyasi shaxsiy tarkibining 40 foizini patrul xizmati tashkil etadi. Ularning asosiy vazifalari huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash, fosh qilish, tezkor-qidiruv hamda tergov xarakatlarini amalga oshirish hisoblanadi. Polisiya xodimlarining har biri o`rtacha 550-560 nafar aholiga xizmat ko`rsatadi.
O`tkir Gulmatov,
IIV Malaka oshirish instituti
katta o`qituvchisi, podpolkovnik