5 dekabr kuni AQSh Harbiy havo kuchlari “MakDill” aviabazasida (Tampa shahri, Florida shtati) AQSh Markaziy qo`mondonligida hamkorlik faoliyatini yuritayotgan ellikdan ortiq davlat ishtirokida “Xalqaro kecha” nomli tantanali madaniy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda ushbu davlatlarning madaniyati, urf-odatlari, milliy liboslari va taomlari namoyishidan dunyoning barcha qit`alaridan tashrif buyurgan uch mingdan ortiq mehmonlar bahramand bo`lishdi.
O`zbekiston Respublikasining AQSh Markaziy qo`mondonligidagi vakillari podpolkovnik U. Axmedov va mayor E. Aliev o`z oilalari bilan birgalikda yuqori ishtiyoq va tashabbus ko`rsatib, o`zbek madaniyati va milliy qadriyatlarini taqdim etishdi. Xususan, so`zana namunalari, milliy liboslardan atlas, adras, baxmal (duxoba), do`ppi, salla, to`n hamda milliy ranglar ila bezatilgan choynak, lagan, kosa va piyolalar namoyish etildi.
O`zbekiston harbiy vakillari tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, jumladan, osh, no`xot sho`rva, xasip, do`lma, manti, shashlik, xonim, lag`mon, somsa, chak-chak, qatlama, non, ko`k choy, ayron va o`rik sharbati barcha mehmonlar tomonidan tatib ko`rildi va ularning betakror va ajoyib ta`mi juda yuqori baholandi.
Ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan milliy liboslar kiygan hamyurtlarimizning ishtiroki tadbirga yanada o`zgacha bayramona shukuh va tantana bag`ishladi. Vatandoshlarimiz, ona yurtimizni chet elda bu kabi yuqori miqiyosdagi millatlararo tadbirlarda namoyish etilishi, shuningdek, tadbir ishtirokchilari tomonidan davlatimizga berilgan yuqori baho, kirib kelayotgan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kuniga munosib sovg`a ekanini ta`kidlashdi.
“Jangovar hamdo`stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” harbiy medali eskizining muallifi mayor E. Aliev yana bir bor nafaqat O`zbekistonni, balki butun Markaziy Osiyoni ifodalaydigan va keng ma`noda urf-odatlari va qadriyatlarini ochib beradigan asari, o`zbek ekspozisiyasiga yanada rang-baranglik tuhfa etdi.
Tadbir ishtirokchilarning butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash yo`lidagi hamjihat harakatlari davlatlarning o`z maqsadiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
O`zbek harbiylarining tadbir doirasidagi faolligi AQSh Markaziy qo`mondonligi rahbariyati tomonidan yuqori baholandi.






