1

“Qonunlar xonada o`tirib yozilmasligi kerak”

Jamiyat 16.12.2019, 10:28
“Qonunlar xonada o`tirib yozilmasligi kerak”

Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQShXalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vaBMT Taraqqiyot dasturining O`zbekistonda qonun ustuvorligi yo`lida hamkorlik” qo`shma loyihasi doirasida mahalliy va xorijiy OAV ishtirokida press–tur o`tkazildi...

Press–tur safaridagi so`nggi manzil Buxoro viloyati bo`ldi. Press–turning mantiqiy nihoyasi sifatida press–konferensiya tashkil etildi. Unda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov so`zga chiqib, o`zini qiynayotgan masalalar xususida fikrlarini bildirdi. 

“JURNALIST HAR BIR IDORA VA FUQARO O`RTASIDAGI AXBOROTNI TO`G`RI ShAKLDA ETKAZIB BERUVChI KO`PRIK”

Kozimjon Komilov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi: — Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan sud hokimiyatining chin ma`nodagi mustaqilligini ta`minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilinishiga qaratilgan tarixiy islohotlar qat`iyat bilan amalga oshirilyapti. Bu jarayonda sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta`minlashga ham alohida e`tibor qaratilib kelinmoqda. Albatta bu borada OAV o`ta muhim o`rin tutadi. Prezidentimiz bosh qomusimiz qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil qilingan tadbirdagi bayram tabrigidamazkur masalaga alohida to`xtalib, OAV qonuniylikni qaror toptirishda chinakam jamiyat ko`zgusiga aylanishi kerakligini ta`kidlab o`tdilar. 

O`tgan qisqa davr mobaynida Oliy sud OAVning ana shunday muhim o`rnini e`tiborda tutib, o`zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim chora–tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu press–tur ham o`zaro hamkorligimizni ta`minlashdagi muhim qadamlardan biri. Ta`kidlash joiz, ushbu press–tur ilk bor tashkil etildi. Kelajakda bunday uchrashuvlarni yana–da takomillashtirishimiz, o`zaro muloqotni kuchaytrishimiz kerak. Oliy sud rahbariyati OAVning o`zaro hamkorligi, ayniqsa jurnalistning sermashaqqat mehnati, fidoiyligini yuksak qadrlaydi. 

Sudlar va OAV o`rtasida mustahkam hamkorlikning yo`lga qo`yilishi, 

birinchidan, sud–huquq tizimida qat`iyat bilan olib borilayotgan keng ko`lamli yangilanishlar, qabul qilinayotgan yangi hujjatlar mazmun–mohiyati to`g`risida keng jamoatchilikka xolis va haqqoniy axborotni etkazishdagi muhim omillardan biri. Bu o`ta muhim masala. O`tgan 3 yil davomida jamiyatni yangi bosqichga olib chiqish uchun qator qonunlar qabul qilindi. Lekin ularni qay darajada o`zimizga singdiryapmiz? Qonunlarimiz aholiga qay darajada etib boryapti? Bu borada savollar ko`p. Aytmoqchimanki, qabul qilingan qonunlarga odamlarning munosabatini bilish lozim. Shundagina yana qanday yangi qonunlar kerakligi, qaysilari “ishlamayotgani” va ularni qanday yo`lga qo`yish haqida kerakli ma`lumotga ega bo`la olamiz. Shunday ekan bu borada hali qilinadigan ishlarimiz etarlicha.

Ikkinchidan, sudlar faoliyatidagi ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik va qonuniylikni ta`minlashda ta`sirchan jamoatchilik nazoratini shakllantirish kerak. Avvallari sudyalar sira OAVda ko`rinmagan, hozirda buning aksini ko`rish mumkin. Ba`zida “Sudyalar buncha ko`p intervyu beryapti?” degan savol tug`ilishi mumkin. Sudyalar ham shu jamiyatning vakili. Islohotning qaysidir bir bo`g`ini boshqa bo`g`indan ortda qolsa, rivojlanish tezligiga o`z salbiy ta`sirini o`tkazmay qolmaydi. Shu ma`noda, jamiyatda hamma bo`g`in barobar rivojlanishi lozim. Bu jarayonda sudlarning ham o`rni katta. Sud–huquq tizimidagi ma`lumotlarni xalqimizga aniq va ravshan qilib etkazib berish judayam muhim. Bu yo`lda jurnalist har bir idora va fuqaro o`rtasidagi axborotni to`g`ri shaklda etkazib beruvchi ko`prik. Mazkur jarayonda qiyinchiliklarga duch kelishi ham mumkin. Shu ma`noda, jurnalistning noni juda achchiq. 

Uchinchidan, OAV bilan Oliy sudning mustahkam hamkorligi xalqimizning sudlarga bo`lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur press–tur ham keng hamkorlikka yo`l ochib berdi. Jurnalistlar bilan qay shaklda uchrashishimiz kerak: brifing yoki press–konferensiya shaklida? Har 3 oyda jurnalistlar uchun viloyat sud raislari va o`rinbosarlari ishtirokida brifing o`tkaziladi. Brifingda ma`lumot beriladi, xolos. Shu bois siz jurnalistlardan brifingni press–konferensiyaga aylantirish taklifi tushyapti, qarshi emasmiz. 

“OMMAVIY MUROJAATLAR BILAN QANDAY IShLAShIMIZ KERAK?”

Kozimjon Komilov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi: — Mazkur savol ham o`ta dolzarb. Ochig`i, 606 ta sud bilan Oliy sudning 2 nafar matbuot xizmati vakili shug`ullanadi. Hali viloyatlarda ularning vakillari yo`q, kelajakda bu kamchilikni bartaraf qilishimiz kerak. Masalan, viloyatda qandaydir ish bo`yicha munosabat bildirilgan bo`lsa, unga qonuniy munosabatni kim va qachon beradi? Mana shu savollar qiynaydi. 

Ochig`i, jurnalistikada sud–huquq tizimi yo`nalishidagi mutaxassislikning o`zi yo`q. Bu ham og`riqli masala. Bugun bozordan reportaj qilgan jurnalist, ertasiga sudga kelishi mumkin. Demoqchimanki, har bir sohani professional yoritilishi tarafdoriman. Qonunda bir jumla, bir so`z yo vergul inson hayotini hal qilishi mumkin. Hozirda huquqiy jurnalistlarni o`qitish, etishtirish borasida Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo`jaev bilan bu masala bo`yicha ish olib boryapmiz. Istagim jurnalistlar oilaviy munosabatlar, ma`muriy ishlar, iqtisodiy ishlar kabi sohaning qator toifadagi ishlarga chuqurroq kirib borsa, umumiy ma`lumot bilan chegaralanib qolmaslik. Har bir sohaga chuqqurroq kirish uchun esa o`sha sohaning bilimi kerak. Aytmoqchimanki, professional jurnalistlar kerak. “Toshkent voqeasi” nomli film ko`rib qoldim. Hind ijodkorlari ishlagani bois nega “Toshkent voqeasi?” degan savol tug`ildi. Bilsam, 1966 yildagi Hindiston bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining vafoti haqida ekan. Shu voqeani yosh jurnalist ko`tarib, mamlakat miqyosida muhokama qildi. Aytmoqchi bo`lganim, sohaga chuqquroq kirib borilsa, ancha masalalarni hal qilsa bo`ladi.

DA`VO ARIZALARI MALAKALI YuRISTLAR TOMONIDAN YoZILGAN

Kozimjon Komilov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi: — Oliy sudda yagona elektron baza yaratildi. Veb–saytimizni 2 marotaba yangiladik. Onlayn tarzida qaerda qanday ish ko`rilayotgani haqidagi statik holatlarini ko`ra olaman. Asosiy sharti ko`rilayotgan ishga aralashmaslik. Mazkur elektron baza optik tola orqali barcha sudlarga ulangan va xavfsizligi ta`minlangan. Asosiy maqsadimiz elektron dastur orqali ham odamlarga ko`proq ma`lumot berish. Ilgari esa sudning hech qanday statistikasi, ma`lumoti e`lon qilinmasdi. Elektron dasturda da`vo arizalarining na`munalari, barcha sudlov hay`atlarining statistik ma`lumotlari hamda qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari e`lon qilib boriladi. Bu odamlarga nima beradi? Gap shundaki, hammaning ham advokat yollashga imkoni bo`lmas. Shu bois, elektron dasturga iqtisod bo`yicha 100 dan, fuqarolik ishlari bo`yicha 150 dan ortiq da`vo arizalari nusxalari joylangan. Bular o`z navbatida yuqori malakali yuristlar tomonidan yozilgan. Istalgan fuqaro u na`munalardan foydalanishi mumkin. 

IQTISODIY SUDLARNI OChISh ZARURIYaTI PAYDO BO`LDI

Kozimjon Komilov, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi: — 2017 yil 1 iyunga qadar 2 ta Oliy sud bor edi, ular bitlashtirilgach yagona Oliy sud faoliyat yurita boshladi va 4 ta hay`at belgilandi. 

  • Jinoyat sudlari har bir tuman va viloyatlarda bor. 
  • Fuqarolikda 75 ta tumanlararo sudlar va 14 ta viloyat sudlari mavjud. Ma`muriy sudlar esa muqaddam bo`lgan emas. Endilikda har bir tumanda ma`muriy sudlar faoliyat yurityapti. 
  • Avvallari iqtisodiy sudlar faqatgina viloyat markazlarida bo`lgan. Iqtisod shiddat bilan rivojlangan vaqtda tumanlarda ham iqtisodiy sudlarni ochish zaruriyati paydo bo`ldi va 71 ta iqtisodiy sud ochildi.    

“YaRAShUV INSTITUTINI BOShQA INSTANSIYaLARDA HAM QO`LLASh TAKLIFINI ILGARI SURDIM”

– Suhbatimiz avvalida viloyatlar bo`ylab, sayyor qabullarda yurganingizni ta`kidladingiz. Joylarga chiqqaningizda eng ko`p ko`tariladigan muammolar nimalardan iborat?

– Ilgari bunday amaliyot mavjud emasdi. Endilikda nafaqat men, balki Oliy suddagi o`rinbosarlar ham sayyor qabullarga chiqishyapti. Oliy sudda haftaning 5 kunida rasmiy qabullar ham mavjud. 

Oliy sud raisi sifatida quyi sudlarning qarorlaridan norozi bo`lgan fuqarolarni qabul qilaman. Qabullar davomida, huquqiy ong darajasi borasida hali ko`p ishlar amalga oshirilmaganiga amin bo`lyapman. Har bir arizachi o`z dardi va o`z talqini bilan keladi. Lekin sudda oltin qoida bor: kimdir yutadi, kimdir yutkazadi. 

2018 yil 1 apreldan jinoyat ishlari bo`yicha qonunlarimizga dalillar maqbulligi borasida jiddiy o`zgarishlar kiritildi. Bu qonun ilgari ko`rilgan jinoiy ishlarni ham qayta ko`rish imkonini berdi. Ana shu ishlar bo`yicha ko`p murojaat qilishadi. Bu Prezidentimizning qonunchilik vakolatlaridan foydalanib kiritgan qonun loyihalari. 

Ilgari 2016 yilga qadar 5 yil mobaynida 7 tagina shaxs oqlangan. Joriy yilda esa 796 nafar shaxs oqlandi. Qonun qanchalik xalqchil va adolatga xizmat qiladigan bo`lsa, fuqarolarimiz uchun shuncha qulay imkoniyat yaratiladi. 

Fuqarolik ishlari bo`yicha esa oilaviy nizolar va meros masalalari bo`yicha ko`proq murojaat qilishadi.

Sayyor qabullardagi xalq bilan muloqotning juda katta foydasi bor. Aytmoqchi bo`lganim qonunlar xonada o`tirib yozilmasligi kerak. Yangi qonunlar xalq bilan muloqotlar natijasidan kelib chiqishi kerak. Hozirda ishlanayotgan yangi JPKga asos ana shu xalq bilan muloqot natijasi. Bugun davlat ham, fuqarolar ham 3 yil avvalgi emas. Shu jumladan, jurnalistlar ham! Balki jurnalistlarning yozgan tanqidiy maqaolasi yoqmas, lekin adolatli bo`lsa, uni tan olishim kerak. 

Shu o`rinda bir misol, jinoyat kodeksida yarashuv instituti bor, bu boshqa birorta davlatda yo`q. Taraflar yarashsa, ish tugatilyapti. Fuqarolar bilan muloqotda qaysi qonunlar kerak ekani va qaysilari yaxshi “ishlamayotgani”ni anglashimni misollar bilan asoslamoqchiman. O`tgan yili Buxoroga kelganimda Peshku tumanida bir fuqaroni qabul qildim. Fuqaroning qizi va kuyovi o`rtasidagi oilaviy janjal oqibatida jinoyat yuz bergan. Ish sudda ko`rilayotganida ular yarashmagan. O`sha jarayonda yarashganida bu yarashuv instituti tamoyiliga to`g`ri kelardi. Oradan 4–5 oy o`tgach, er–xotin yarashib olgan, bundan hursandman. Lekin qonunchilik dastlab ko`rilayotgan jarayondagina yarashuv institutini qo`llashga imkon beradi. Shu holatdan kelib chiqib aytsam, agar qonunchilikka o`zgarish kiritsak, boshqa instansiyalarda ham yarashuv institutini qo`llash imkoniyati bo`lsa, bu munosabatlarni ijobiy holatga olib keladi. 

Masalan, meros masalasini olaylik. Tarbiyamizga ko`ra, kattalarga “uyni taqsimlab bering”, deyilmaydi. Lekin ba`zi holatlarda kerakli hujjatlarni vaqtida rasmiylashtirmaslik, jigarlarning orasida nizo chiqishiga, ularning yuzko`rmas bo`lishiga sabab bo`ladi. 

Juda ko`p viloyatlarda fuqarolarni qabul qilaman. Xalq bilan uchrashib, ma`lum ish yuzasidan gaplashayotganimizda “qonunchilikka nima etishmayapti? Qaysi qismi oqsayapti?” “Qaysi qonunlarimiz talablarimizga javob bera olmayapti?” degan masalani ko`p o`ylayman. Bu borada chet el tajribasini ham o`rganyapmiz. Natijada qator kodekslarni qayta ishlashga to`g`ri kelyapti. Albatta sud qarori bilan hammani rozi qilib bo`lmaydi, bu qat`iy belgilangan jarayon. Har bir inson o`zini haq deb hisoblaydi. Bu jarayonda jurnalistlarning ko`magi juda kerak. Meni o`ylatiradigani “ochiqlik qay darajada, qanday shaklda bo`lishi kerak?” degan masala. 

Fuqarolik ishlari bo`yicha qabullarda shunga guvoh bo`lamanki, fuqaro mentalitetimiz nuqtai nazaridan, shakllagan odob–axloq qoidalari bo`yicha haqdir. Lekin u qonunga mos kelmasligi mumkin. 

So`nggi vaqtlarda mehnat: ishga tiklash nizolari ko`payib ketdi. Qaerda mehnat qonunlari buzilyapti? Fuqaro o`z mehnat huquqlarini tiklashda qanday xatolarga yo`l qo`yyapti? Shu savollarga javob olish barobarida, jurnalistlarimiz qo`shimcha yuridik bilimlarga ham ega bo`ladi. 

Eng katta muammoimiz aholini huquqiy ongini oshirish. Tergov olib borilayotgan yoki ish ko`rilayotgan jarayonda Oliy sud raisining oldiga kelishadi. Kechirasiz, sud ishiga aralashish Oliy sud raisining vakolatiga kirmaydi. Bordiyu aralashsam, javobgarlik bor. Muammolarimiz ko`p, lekin sud islohotlarida juda katta rejalarimiz bor. Qonun shunday narsaki, bugun o`ylab, ertaga amaliyotga tadbiq qila olmaysiz. U qonun xalqqa nima beradi, degan savolga javob topa bilish kerak.

— Sayyor sud majlislari odamlarga nima beryapti?

— Sudyalarimizning fuqarolarning savollariga javob berishidan maqsadi amaldagi qonunlarni ularga ko`proq tushuntirish. Sayyor sudlardan maqsad odamlarni qo`rqitishmi? Yo`q, bu odamlarni qonunlarni xurmat qilib tarbiyalashga xizmat qiladi. Jamiyatda hamma o`z huquqini to`liq bilmasa ham huquqini talab qiladi. Lekin qonun oldidagi majburiyatini ham anglashi kerak–ku! Oddiy misol, telefonni puli tugab qolsa, zudlik bilan hisobi to`ldiriladi. Nega endi uyda elektr energiyasidan foydalanganda, uning to`lovini vaqtida amalga oshirmaslik kerak?! Gohida elektr energiyasiga nisbatan telefonga ko`proq pul sarflanadi–ku.

Yaqqol misol, 3 yil avval jinoyat sodir bo`lsa, hamma yugurib borardi. Hozirda esa jinoyatchilikni oldini olish uchun kurash ketyapti. Ko`pchilik uchun kutilmagan natijaga ham erishildi, 35–37 foiz jinoyatchilik kamaydi. Fuqarolar bilan uchrashuvlar natijasida ularning huquqiy ongi o`syapti. Natijada, ular jinoyat, mayda huquqbuzarlik nima ekanini tushuna boshladi.

 

Sadoqat ALLABERGANOVA,

Buxoro viloyati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1