AsosiyShou-biznes

Minavvara Abdullaeva: “Gogolning “Revizor”ini “plagiat” qilishdan ham toyishmayapti”

Ko`p sonli mushtariylarning talablariga ko`ra “Ochiq xat” loyihasini davom ettirishga qaror qildik. O`zbek kinosi va teatrida o`z o`rniga ega, iste`dodli yoshlarni tarbiyalab kelayotgan — O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida dosenti, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiyi Munavvara ABDULLAEVA bugungi kun dramaturgiyasining achchiq haqiqatlariga ochiq to`xtaldi...

“Qo`liga qalam ushlagan dramaturg bo`lib qolavermaydi”

Teatrda namoyish etilayotgan spektakllar haqida so`z ketganda biroz og`rinaman. Boisi tan olib, ochiq aytish kerak dramaturgiya havas qilarli darajada emas. Axir teatrning taqdiri bu — dramaturgiya! Prezidentimiz bot-bot zamonamiz qahramonini sahanada gavdalantirish kerakligi haqida gapirganlar. Ming afsuski, hali bu talabga javob beradigan asarning o`zi sahnalashtirilgani yo`q. Shaxsan o`zimga juda ko`p pesa olib kelishadi, o`qiganimda yuragim “jiz” etadigan bittagina jihati bo`lsa ham o`sha dramaturgga yordam berib, birga ishlayman. Biroq ko`pchilik dramaturglarimiz aslida pesa nimaligi, uning yozilishi — voqelar qanaqa boshlanib, qanday davom etishi va yakunlanishi haqida tasavvurga ega emas. Qo`liga qalam ushlagan dramaturg bo`lib qolavermaydi, bu sohaning ham o`z qonun-qoidalari bor. Yaqinda bir dramaturg “Opa, shu pesamni ko`rib bersangiz”, deb tashlab ketdi. Uni o`qiganimdan keyingi holatimni tasavvur qilib berolmayman. Chunki muallif o`z “asari”ni Gogolning “Revizor” pesasidan shundoqqina ko`chirgan-qo`ygan. Birgina farqi voqealar qishloqda bo`lib o`tadi, qahramonlar ismi o`zbekcha. O`sha dramaturgga qo`ng`iroq qilib, nima ish qilganini aytsam, “nima u revizor?” desa bo`ladimi? O`zini go`likka solmayotganini bilish maqsadida tekshirib ko`rib, Gogolning kimligi-yu, uning “Revizor” nomli asari borligini bilmasligini aniqladim. Mana “dramaturg”...     

“Nuroniy otaxonlar dardini ochdi...”

Pesada muallifning g`oyasi bo`lishi shart! Shundagina rejissyor dramaturgning g`oyasidan kelib chiqib, o`zinikini qo`shib tomoshabinga yuqori saviyadagi spektaklni taqdim eta oladi. Fikrlarim bilan hamma dramaturglarni yo`qqa chiqarishdan yiroqman.

Bir kuni dramaturg Erkin Xushvaqtovni “Opa, mana shu monologni ko`rib bering, Madina Muxtorovaga atab yozgandim”, deb qoldi. O`qiganimda judayam yoqqanidan Erkinga monologini tomoshabinbop pesa qilish mumkinligini aytganimda ishonqiramagandi. Erkin Hushvaqtov obrazlarni ko`ra biladi, yozish uslubi ko`ngildagidek. Birgalikda har bir sahna ketma-ketligini tuzdik, Erkin dialog yozdi. Natijada haligacha sahnadan tushmay kelayotgan “Andishali kelinchak” spektakli yaraldi. Mazkur asarda o`zbek kelining hayoti, dardi yoritilgani uchun ham tomoshabin to`qqiz yildan buyon zavq bilan ko`rmoqda. Komediya bo`lgani bilan zamirida jiddiy muammolar olib chiqilgan. Chunki o`zbek tomoshabini sahnada o`zini ko`rib, “mening sharoitimdan ham og`irroq axvolda bo`lganlar bor ekan-ku”, degan ma`noda taskin olgisi keladi.

Shaxsan o`zim shuning uchun milliy asarlarni sahnalashtiraman. Talabga javob beradigan tarjima asarlar ham ko`p. Lekin ular real hayotimizdan uzoqroq bo`lgani bois tomoshabin bunday spektakllarga kam boradi.

Shu o`rinda bir voqea yodimga tushdi, “Andishali kelinchak” spektakli tugab, tomoshabinlar zalni tark etgach, parda ochib qo`yildi. Lekin oltita nuroniy otaxon zalni tark etmay, meni poylab turishgan ekan. Hadik bilan “asar yoqmadimi?” desam, “Juda yoqdi, lekin bir iltimosimiz bor. Negadir oilasi uchun tinim bilmay ko`chada pul topib yurgan erkaklar qariganida farzandlar tomonidan onachalik qadrlanmaydi. Shu haqda ham spektakl sahnalashtirsangiz”, deya fikr berishdi.

Ishonsangiz, anchagina dramaturgdan shu haqda pesa yozib berishlarini so`radim. Lekin ko`ngildagidek asar chiqmayapti. 2014 yili birorta spektakl sahnalashtirmadim, chunki sahnaga olib chiqadigan asarning o`zi yo`q. Balki menga taklif qilishayotgan pesalar talab darajasidamasdir, yana kim bilsin... Lekin O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida Sharof Boshbekovning “Eski shahar Gavroshlari” asarini nomini o`zgartirib, “Eski shahar bolalari” nomi bilan bolalar dardi yoritilgan diplom spektakli sahnalashtirdim. Maktab, kollejlarda ijro qildik, juda iliq fikrlar bildiridi. Nasib etsa, mazkur asarni O`zbek Milliy akademik drama teatriga ham olib chiqish niyatidamiz.

“Dramaturglarimizga xohish etishmayapti”

Teatrlarimiz repertuarlarining sayozligi - hech qaerini o`zgartirmay, sahnaga olib chiqadigan pesaning o`zi yo`qligidan. Qachongi dramaturglarimiz olg`a qadam bossa, repertuarlar boyiydi.

Dramaturglarimizga xohish etishmayapti. O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida mahorat maktabi tashkil qilganimizda negadir kelishni istashmadi. Kechirasiz-u, ikkita pesa yozgan bilan dramaturg bo`lib qolmaydi.

Dramaturglar orasida Rixsivoy Muhammadjonovni juda hurmat qilaman. Bu ijodkorning darajasiga etish uchun taklifim, qalami bor dramaturglar mahorat maktabimizda dars olishsa foydadan holi bo`lmasdi.

“Aktyorlar mahoratini uvol qilishga majbur bo`lyapti”

Mazmunan sayoz spektakllarda rol ijro etayotgan professional aktyorlar mahorati uvol qilishga majbur bo`lib qolyapti. Chunki to`yga chiqmaydigan aktyorlar sahnada ijod qilmasa, tushkunlikka tushib qoladi. O`sha spektaklga bor kuchini berib, uni sayozlik “botqog`i”dan olib chiqishga urinishyapti. Tanganing ikkinchi tomoniga qarasak, professional aktyorlar darajasida bo`lmagan asarlar aktyorni o`tmas pichoqqa aylantirib qo`yishi ham bor gap.    

“Ko`r-ko`rona tanqid qilmang!”

O`zbek Milliy akademik drama teatri ochilganidan buyon hali yangi spektakl qo`yilmadi. Eski repertuaridagi “O`zbekcha raqs”ni e`tirof etish mumkin. Bu spektaklga yuzaki baho berib tanqid qilish ham mumkin, lekin chuqurroq yondoshilsa fidoiylik, muhabbat, odamiylik, ayollarning sabri juda chiroyli talqinda yoritilganiga guvoh bo`lasiz. Shu sabab ham tomoshabin bu spektaklni sevib tomosha qiladi.

“Qaynonalarni tarbiyalaydi”

Muqimiy nomidagi o`zbek davlat musiqiy teatrining “Jaydari kelin”i bilan faxralansa bo`ladi. Bunda qo`pol kelinni yumshoqlik bilan tarbiyalay oladigan ustamon qaynonalar o`rnak qilib ko`rsatilgan. Yo`qsa, “o`g`limga yoqmadi, boshqa qizga uylantiraman”, deydiganlar yo`q, deysizmi? Mazkur spektakl shunday qaynonalarni o`zi bilmagan holda tarbiyalab qo`yadi.     

“Nabi Abdurahmonov tomoshabin didini farqlay oladi”

Rus teatrlarini yaxshi ko`raman, boisi ularning repertuarlari juda boy. Shuningdek, O`zbekiston yoshlari teatridagi spektakllarni tilga olish mumkin. Chunki Nabi Abdurahmonov tomoshabinning didini juda yaxshi biladi, shu bois ham sodiq muxlislari har bir asarini qoldirmay ko`rishadi. Istagim har bir teatr repertuari mazmunan boy, “yuk”i bor asarlarga ega bo`lishi va o`z tomoshabinlarini yig`a olishiga tilakdoshman.

Hurmat bilan Minavvara Abdullaeva.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar