1

Shavkat Mirziyoev Nagoya universitetining faxriy doktori bo`ldi

Siyosat 18.12.2019, 11:56
Shavkat Mirziyoev Nagoya universitetining faxriy doktori bo`ldi

Davlatimiz rahbarining ta`lim sohasini rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissasi hamda ilm-fan va akademik almashinuvlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlagani uchun, shuningdek, O`zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni liberallashtirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi islohotlar e`tirofi sifatida Nagoya universitetining ilmiy kengashi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga universitet faxriy doktori unvonini berish to`g`risida qaror qabul qildi.

Universitetda uning rahbariyati, professor va o`qituvchilari, talabalari hamda Nobel mukofoti sovrindorlari ishtirokida davlatimiz rahbariga ushbu yuksak ilmiy unvonni topshirishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi.

Marosimda Nagoya universiteti prezidenti Seyichi Masuo so`zga chiqib, O`zbekiston rahbari ikki mamlakat o`rtasida ilm-fan sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga katta e`tibor qaratayotgani, ushbu qaror ta`lim sohasidagi uzoq muddatli va istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirishga tomonlarning intilishi ifodasi ekanini ta`kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o`z nutqida o`zbek va yapon xalqlarini o`xshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini ta`kidladi. Zamonaviy dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovasion g`oyalar, yuqori texnologiyalar jadal va barqaror taraqqiyotning fundamental asosini tashkil qilayotganini qayd etdi.

– Bu unvonni, men avvalo O`zbekiston xalqiga ko`rsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya Universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz O`zbekiston ta`lim va fan sohalaridagi keng miqyosli islohotlar haqida so`zladi. 

Davlatimiz rahbari O`zbekiston – Yaponiya hamkorligida ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etib, ayni vaqtda bu borada ishga solinmagan imkoniyatlar ham borligini ta`kidladi hamda qator takliflarni ilgari surdi. Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilmiy-akademik almashuvlar va texnologiyalar transferi bo`yicha O`zbekiston-Yaponiya qo`shma fondini tashkil qilishni taklif etdi.

Ushbu fond ilmiy tadqiqotlarni, ikki mamlakat yosh olimlarining birgalikdagi ilmiy izlanishlarini moliyalashtirish, talaba va professor-o`qituvchilar almashuvi bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz O`zbekiston – Yaponiya azaliy do`stligining ramzi sifatida mamlakatimizda o`zbek va yapon tillarida chop etilgan bir qancha kitob va albomlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etdi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1