Talabalarimiz inson his-tuyg`ularini ochuvchi dastur yaratdilar

Hi-tech 28.12.2019, 18:20
Teglar: talaba, dastur
Talabalarimiz inson his-tuyg`ularini ochuvchi dastur yaratdilar

Toshkentdagi Inha universitetining to`rtinchi kurs talabalari Abdulloh Asqarov, Shahobiddin O`rmonov, Sardor Ibrohimov, Bedilbek Hamidov, Eldor Abduhamidov va Sherzod Niyozovlar professor Frensis Tai No boshchiligida C-Vision noyob sun`iy ko`rish tizimini yaratdilar. Bu xususda universitet matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarga ko`ra, talabalar inson hissiyotlari orqali u haqida ma`lumot olinishi, shuningdek qarash yo`nalishini aniqlaydigan va odamning keyingi hatti-harakatlarini aniqlab beradigan dastur namoyish etdilar.

«Dastur odamning qarashini aniqlaydi, uning his-tuyg`ularini anglaydi va ushbu ma`lumotlarni, masalan, real vaqtda ma`ruzachining nutqi bilan taqqoslaydi. Ushbu xizmat ma`ruzaning har soniyasida tinglovchilar tomonidan idrok etilishi yoki sezmaslik darajasini belgilaydi», – deydi talaba Abdulloh Asqarov.

Ishlab chiquvchilarning xabariga ko`ra, bu loyiha mobil dastur hisoblanib, u turli sohalarda ishlatilishi mumkin: ta`lim, xavfsizlik, reklama va shunga o`xshash.

«Dastur katta tadbirlarda xavfsizlikni ta`minlash uchun ishlatilishi ham ko`zda tutilgan. Masalan, bir necha soniya ichida bu dastur hissiyotlarni taniy oladi va tahlil qiladi, natijada sport stadionida, konsert zalida minglab odamlarning niyatlarini aniqlab bera oladi. Dastur salbiy his-tuyg`ularga ega odamlarni aniqlaydi va ularni alohida klasterga joylashtiradi. Bu xavfsizlik xodimlarining ishini ancha engillashtiradi», – deydi ishlab chiquvchilar.

Bundan tashqari, ta`lim sohasida qo`llash mumkin bo`lib, u talabalarning ma`ruza/dars jarayonida qanchalik qiziqish bilan ishtirok etayotganini aniqlaydi.

«Sun`iy intellekt professori, professor Frensis Tai No ushbu dasturni yaratishda bizni ilhomlantirdi. Uning so`zlariga ko`ra, nafaqat nazariyani o`rganish, balki uni hayotda qo`llash ham kerak. Biz kurs loyihasini olgach, dastlab shahar ko`chalarida videokuzatuv xizmatini yaratishga qaror qildik. Ammo rivojlanish jarayonida ushbu dastur juda mobil bo`lib, turli sohalarda osonlikcha qo`llanila boshladi. Biz buni reklama agentliklariga ham tavsiya etamiz. Shuningdek, agar siz ko`chalarga kameralar o`rnatadigan bo`lsangiz, dastur orqali shahar aholisining his-tuyg`ularini kuzatishingiz mumkin», – deya qo`shimcha qildi ishlab chiquvchilar.

Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalari o`zlarining ishlanmalari bilan Varshavada bo`lib o`tgan Microsoft Thenext AIGuardians-2019 xalqaro sun`iy intellekt tanlovining final bosqichida qatnashdilar. O`zbekistonlik dasturchilar bunday tanlovda birinchi marotaba ishtirok etib, uning g`olibiga aylandi. Bundan tashqari, xuddi shu loyiha bilan talabalar Google TakeOff-2019 xalqaro startap tanlovida ishtirok etib, eng yaxshi elliktalikdan joy egalladilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1