Odil Yoqubovning “Baxt qushi” hikoyasi asosida suratga olingan
Janr: Drama
Ssenariy mualliflari: D.Bulgakov, R.Botirov
Postanovkachi rejissyor: Ravil Botirov
Rejissyor: Yu.Sobitov
Bosh rollarda: Baxtiyor Ixtiyorov (Hasan), Aida Yunusova (Tamilla), Murod Rajabov (Vahob), Nigora Ernazarova (Sanobar), Bekzod Hamroev (Karim)...
Epizodlarda: Soyib Xo`jaev, Jalol Hoshimov, Husan Musaboev, Qudrat Xo`jaev, Ikroma Boltaeva, K.A`zamova, Lola Badalova va boshqalar
“Ajoyib xayolparast” filmi deganda ko`z oldimizga sertashvish, sodda, o`jar, romantik qishloq hakimi Hasan gavdalanadi. Baxtiyor Ixtiyorovning qahramoni rafiqasini shu qadar sevadiki, butun dunyo boyligini uning oyoqlari ostiga tashlashga ham tayyor. Hasanning soddaligi, beg`uborligi, rafiqasiga bo`lgan samimiy va chin muhabbati, va boyib ketish yo`lidagi soddadillarcha urinishi Baxtiyor Ixtiyorov talqinida o`ta tabiiy ishonarli ochib berilgan. Ushbu kartina suratga olinganiga salkam qirq yil bo`lsada, hamon muxlislar sevib tomosha qilishadi, filmdagi voqealarni tabassum bilan eslashadi...
“Chayka” avtomobili va qora mushuk haqida
Baxtiyor Ixtiyorov, O`zbekiston xalq artisti:
— Filmdagi Hasan obrazi o`zimga juda yoqqan. U chumoliga ham ozor bermaydigan, oqko`ngil inson. Nima qilsin, bechora... Uni muhabbat shunaqa telba ko`yga solgan-da. Yon-atrofga qarab, o`rtoqlari xotiniga istagan narsasini olib berayotganini ko`radi va nega men olib bera olmayman, deb o`ylaydi. Men hali ularga ko`rsatib qo`yaman, deb ahd qilgan oddiy, sodda yigit u. Asli kasbi shifokor, agar shu sohada ishlasa, ishlari yurishib ketishi mumkin lekin u puch va xom xayollarga berilib yuraveradi. Bu filmdagi birorta kadr menda qiyinchilik tug`idirmagan. Faqat qora mushukni quvib yuradigan holatimni aytmasa (kuladi). Sababi, birinchidan hayvonlarni yaxshi ko`rishim bois, ular bilan oson til topishganman. Qolaversa, qahramonimning xarakterini uning dardi, ichki kechinmalarini o`rganib shu tuyg`ular bilan yashab ko`rishga harakat qilardim.
Kinostudiyaga suratga olish jarayonlarida foydalanish uchun sport avtomobillari berilgan, shular orasida “Chayka” ham bor edi. Bizni s`yomkaga olib ketish uchun shu avtomobilda kelishar, mashinani ko`rib mahalladagi odamlarning og`zi ochilib qolardi. Filmda men bolalarning tomog`ini tekshiradigan kadr bor. Ana o`sha sahnadagi bolalar orasida hozirgi kunda ajoyib rejissyor bo`lib etishgan Hilol Nasimov ham bor edi. Filmda men suvga tushadigan soy borku, o`sha suvda hozirgi kunda baliq boqishyapti. Bizni tez-tez baliq bilan siylab, mehmon qilib turishadi.
Yangiyo`lda katta bir restoran ochilib, u erda quyon go`shtidan turli taomlar tayyorlanar ekan. Quyon etishtiradigan ferma xo`jayini bir kuni mendan “shu erga sizning rasmingizni osib qo`ysak maylimi?” deb ruxsat so`radi. Bajonidil rozi bo`ldim.
“Ajoyib xayolparst”dan tashqari “Ettinchi jin”, “Yor-yor”, “So`g`diyona 2”, “Kim jinni?”, “Shum bola” singari ko`plab filmlarda suratga tushgan bo`lsam-da, shu filmlar orasida o`zimga eng yoqqani “Ajoyib xayolparast” bo`ldi.
“Quyonlaringiz ko`payib qoldimi?”
Aida Yunusova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:
“Ajoyib xayolparast” filmiga Baxtiyor Ixtiyorov bilan meni kinosinovsiz suratga olishgan. O`sha paytlarda men “O`zbekfilm”da, aktyorlar studiyasida faoliyat yuritardim. Filmdagi obrazim menga qiyinchilik tug`dirmagan. Chunki uning xarakteri, hayoti o`zimga yaqin bo`lgani uchunmi, rolimni berilib o`ynaganman. Filmdagi qahramonim turmush o`rtog`i Xasanga achinadi, uni hammadan himoya qiladi. Tamilla erining boylik to`playman deb odamlarga mayna bo`layotganidan kuyinadi. Tamillaga boylik kerak emas, u erini qanday bo`lsa shundayligicha, yaxshi odamligi, ko`ngli tozaligi uchun sevadi. Aslida hayotda bunday odam bilan yashash qiyin bo`lardi menimcha.
Qahramonim bugungi kun ayollariga sabr-qanoatni, boriga shukr qilib yashash kerakligini o`rgatadi. Film suratga olinadigan paytda men homilador edim. Meni qiynalmasin, deb barcha sharoitlarni yaratishar, meni o`zim tushadigan kadrlargagina chaqirishardi. Yana uyimga o`zlari kuzatib qo`yishardi. S`yomka tugagunicha homiladorligim sezilib qolgan shuning uchun goh gul bilan goh qo`lim bilan qornimni bekitib suratga tushganman (kuladi).
Ko`cha ko`yda meni ko`rib qolgan muxlislarim “Quyonlar ko`payishib qoldimi?”, deb so`rab qo`yishadi. Haligacha bu filmni yaxshi ko`rib eslashadi. Hasan roliga Baxtiyor Ixtiyorovdan boshqa aktyorni tasavvur qilolmayman. Chunki Hasan obrazi Baxtiyor Ixtirovga qolipdek mos tushgan. Baxtiyor aka nafaqat o`zi filmda yaxshi o`ynardi, balki partnyorlarni ham filmga tortib olardi. Ya`ni, Baxtiyor aka bilan rolni yomon ijro etish mumkin emasdi.
“O`t o`chirish mashinasidan qor yog`dirganmiz”
Husan Musaboev, aktyor:
“Ajoyib xalparast” filmi debyut rolim bo`lib, meni Baxtiyor Ixtiyorov taklif qilgan. O`sha paytlarda birorta aktyorni kinosinovsiz suratga olishmas, kinosinov natijalari esa, Moskvada tasdiqlanardi. Men filmda Baxtiyor akaning do`sti — Yoqub duduqning rolini o`ynaganman. Film sentyabr oylarida suratga olingani uchun yomg`ir yog`mas, filmdagi yomg`ir va qorni o`t o`chiruvchi mashina orqali yog`dirishardi. Filmda biz Hasanning uyiga televizor olib kelib, antennasini o`rnatish uchun tomga chiqqanmiz. Baxtiyor aka tomga chiqqanida, rejissyor “kamera, motor” buyrug`ini berganda, men tomda turib, Baxtiyor akani beliga bog`langan arqonni tortib turishim kerak edi. Baxtiyor aka baquvvat odam bo`lgani uchun o`shanda qo`limdan arqon chiqib ketishiga sal qolgan. Filmda epizodik rollarni Ikroma Boltaeva, Soyib Xo`jaev, Javlon Hamraev, Qudrat Xo`jaevlar maromiga etkazib o`ynagan va aynan o`sha epizodik rollari xalq orasida hali-hanuz sevimli...
“Qishloqni quyon bosib ketgandi”
Hilol Nasimov, rejissyor:
1977 yili biz yashayotgan Oqqo`rg`on mahallasiga “Ajoyib xayolparast” filmini suratga olish uchun Ravil Botirov boshchiligidagi suratga olish guruhi keldi. Mahallada shov-shuv... Suratga olish ishlari boshlanganida uyimizga soch-soqoli o`sgan, rejissyor assistenti P. Tabibullaev kelib, dadamdan kinoga tushishga qobiliyatli bolalarni topishda yordam berishni so`radi. Dadam “Albatta, yordam beraman, o`g`lim ham kinoda suratga tushsa bo`ladimi?” deb so`radilar. Mahalladagi s`yomka jarayonlari tugaganidan so`ng ayrim kadrlarni suratga olish uchun Chirchiqqa ketishgan. Biz bolalar ham borganmiz. Dekorasiyalar uchun bir devorli uylar yasalgan. O`shanda tomoshabin tasavvurida uy ko`rinishi hosil qilish uchun “aldamchi” dekorasiyalar qurilishini ko`rib, hayron qolganman. Film uchun har kuni kamida o`ttiz-qirqta quyon tutib kelishar, kechga yaqin hammasi qochib ketardi. O`shanda qishlog`imizni quyon bosib ketgandi (kuladi). Tasvirga olish jarayonida Murod Rajabov suvga tushib, cho`miladigan kadr bor edi. Murod Rajabov suzishni bilmagani uchun uning o`rniga dublyor — O`tkir Xo`jaev suvga tushgan. O`shanda kino suratga olishning biz bilmagan sir-asrorlari ko`pligini tushunganman. “Ajoyib xayolparast” filmi qaysidir ma`noda mening taqdirimda katta burilish yasadi.
Rejissyor Ravil Botirovni eslab...
Ravil BOTIROV: Rejissyor, ssenarist:
Tug`ilgan yili: 1931 yil 4 aprel
Ijod: drama, sarguzasht, harbiy vatanparvar filmlar suratga olishgan
Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat teatr va rassomchilik institutini tamomlagan.
Baxtiyor Ixtiyorov: — Ravil Ismailovich Botirov Buxoro teatrida bosh rejissyor bo`lib ishlagan. Bunaqa iste`dodli, tajribali, ilmli rejissyorlar hayotda kamdan kam uchraydi. Buxoro teatrida meni ilk marotaba sahnaga chiqargan inson ham Ravil Botirov bo`ladi.
Hilol Nasimov: — Rejissyor Ravil Botirov jiddiy, juda kamtarin va madaniyatli odam edi. Tasvirga olish guruhi a`zolarining bari Ravil akani qattiq hurmat qilardi. Ularga qarab havasim kelganligidan, o`shanda men ham kelajakda rejissyor bo`lishni niyat qilgandim.
“Ajoyib xayolparast” haqida g`aroyib faktlar
Film 1977 yilda ekran yuzini ko`rgan.
Baxtiyor Ixtiyorov quvlab yuradigan qora mushuk hozirgi Sankt-Peterburg sirkidan buyurtma asosida keltirilgan.
Hasan yangi televizor olib kelganda, ko`rsatuvlar anonsini diktor Ra`no Jo`raeva o`qiydi..
Karimning turmush o`rtog`i Sanobar rolini o`ynagan aktrisa Nigora Ernazarova ayni paytda Moskvada istiqomat qiladi.
Filmda uch kilo osh eb tobi qochib qolgan Tursunboy roli ijrochisi Jamol Hoshimov hamda mazkur kinoasar rejissyori Ravil Botirov bugun oramizda yo`q.
Filmda Sanobar rolini ijro etgan Nigora Ernazarova marhum ustoz san`atkor Lola Badalovaning qizi.
Mohichehra EShMIRZAEVA tayyorladi
Fotomuxbir Alixan Utarbekov