"Darakchi" gazetasining har sonida "Shifokorga savolim bor" rukni ostida muxlislardan kelgan savollarga mutaxassis shifokorlarning javoblari berib boriladi. Gazetaning 2020 yil 4-sonida "Havo bulut bo`lsa nega bosh og`riydi?" "Doimiy isitma ko`tarilishi xavflimi?" "Og`izdagi noxush ta`m sababi nima?" "Yosh qizchada tuklar ko`payishi gormonal o`zgarish belgisimi?" kabi bir qator savollarga shifokor Gulchehra Ortiqova javob berdi:
“HAVO BULUT BO`LSA, BOShIM OG`RIYDI...”
“Mening salomatligimga ob-havo o`zgarishi yomon ta`sir qiladi. Masalan, yomg`ir yog`ishidan oldin boshim lo`qillab og`riydi, qon bosimim tushadi... Buning oldini olish mumkinmi?”
Masturaxon, Toshkent viloyati
- Ob-havo o`zgarishi har bir odamga turlicha ta`sir ko`rsatadi. Ob-havo o`zgarishiga sezgirlik tibbiyotda “meteota`sirchanlik” deb ataladi. Bu holat ko`pincha toza havoda, tabiat qo`ynida kam bo`ladiganlarda, asosan o`tirib ishlaydigan, aqliy mehnat bilan shug`ullanadigan, badantarbiya qilmaydigan kishilarda kuzatiladi. Hozirgi vaqtda meteota`sirchanlik alomatlari sifatida odamda kayfiyat buzilishi va bosh og`rig`idan tashqari, holsizlik, tez charchash, uyquchanlik, asabiylik ham kuzatiladi. Ba`zida shamol yo`nalishining o`zgarishi ham bunday kishilarda sababsiz bosh va bo`g`im og`riqlariga sabab bo`ladi. Albatta inson ob-havo o`zgarishini nazorat qila olmaydi. Ammo o`z organizmiga ob-havo o`zgarishiga moslashishga ko`maklashishi mumkin.
Buning uchun ayrim oddiy qoidalarga amal qilish kerak:
- Avvalo immunitet, yurak-qon tomir hamda hazm tizimlarini mustahkamlash haqida qayg`urish kerak.
- Kimdaki issiq havo siklonlari yaqinlashishi bilan ta`sirchanlik ortsa, ularga organizmni kislorod bilan boyitishga yordam beruvchi jismoniy mashqlarni: yugurish, toza havoda yurish, toqqa sayrga chiqish, nafas gimnastikasi, tanani sovuq suv bilan artish kabilarni tavsiya qilish mumkin.
- Chidamlilikni oshirish uchunbasseynda cho`milish, oyoqqa sovuq va iliq suvli kontrast vanna qilish, ertalabki gimnastika, o`z-o`zini ishontirish (meditasiya)tavsiya etiladi.
- Barcha vitamin va mikroelementlarni o`z ichiga olgan to`laqonli ovqatlanish haqida ham unutmaslik lozim. Ovqatda askorbin kislota (vitamin S), karotin (vitamin A), mineral moddalar to`yinmagan yog` kislota miqdori etarli bo`lishi zarur.
- Issiq mavsumda ta`sirchanlik kuchaymasligi uchun juda to`yib ovqatlanmaslik talab etiladi.
Savollarning javobini batafsil "Darakchi" gazetasining 4-sonida o`qishingiz mumkin.