San`atning noni shirin, tashvishlari yashirin. Radio orqali yangrayotgan uch daqiqalik qo`shiq ortida qanchadan-qancha uyqusiz tunlar yotganini payqamaymiz. Albatta hamma qo`shiqchilar-u, qo`shiqlarni yuqoridagi fikrimizga isbot sifatida keltirolmaymiz. O`zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova esa chinakam mehnatsevar, tun-u kun demay ijod qiladigan xonandalardan. Xonanda shu yilning 9 dan 15 fevralga qadar “Istiqlol” san`at saroyida jonli ijrodagi konsert dasturini taqdim etmoqchi. Darvoqe, “Ikki avlod” loyihasining galdagi soni ham aynan ijod jarayonida bo`lib o`tdi. Ovoz yozish studiyasida Gulsanamni akasi Otabek Muhamadzohid bilan uchratdik.
Shahnoz, xonanda, bastakor, shoira:
— Gulsanamni O`zbekiston davlat konservatoriyasida o`qib yurgan davrlaridan yaxshi taniyman. O`sha vaqtlardayoq uning iste`dodiga ishonchim baland edi. Oradan ko`p yil o`tmagan bo`lsa-da, u muxlislarning ham ishonchini qozona oldi.
— Otabek aka, Gulsanam ikkingizni birga ko`rib turganimdan xursandman. Umuman olganda aka-singil san`atkorlar juda kam. Gulsanam akangizga yoqqan xonanda sizga yoqmasligi mumkin yoki aksincha sizga yoqqani akangizga. Bu borada bahslashib turasizlarmi? Joiz bo`lsa yoqtirmaydigan qo`shiqchilaringiz nechta?
Gulsanam: (kulgi ko`tarildi) Shahnoza opa, bunday savol bilan boshlamang-da. Bor albatta...
Otabek: Ko`p hollarda didimiz bir xil chiqadi. Hamma xonandaning qo`shig`ini eshitishga harakat qilamiz. Ba`zida fikrlarimiz qarama-qarshi chiqadigan holatlar ham yo`q emas. Singlimga qo`ng`iroq qilib, falonchi xonandaning qo`shig`ini eshitib ko`r, yaxshi chiqibdi desam, “aka, yaxshi chiqqan bo`lsa bordir, lekin aytayotgan qo`shig`i o`ziga to`g`ri kelmaydi-ku” deb tushuntirib ketadi.
— Keyingi savolimga o`zingiz yo`l ochib berdingiz. Shunday xonandalar borki ularning sahnadagi ijodiga tan berasiz, iqtidoriga ishonasiz. Ammo ijodi bor-u hayotda o`z o`rni yo`q, odamgarchiligi yo`q san`atkorlar ham bor. Kishi ko`ziga, odamlarning yonida majburan salom-alik qiladigan paytlarimiz ham bo`ladi. Buni menimcha tomoshabinlar ham payqaydi. Xonandaning hayotdagi tutgan o`rni, odamlar bilan munosabati qo`shiqlariga ta`sir qiladimi?
Otabek: Bir san`atkorni bilaman, yoshligimdan o`sha insonga havas qilib ulg`ayganmiz, haligacha ustoz deb hatto yonida qo`shiq aytishga iymanaman. Iqtidori shunday yuksak inson lekin dili, gapirayotgan gapi, kuylayotgan qo`shig`i bilan hayotdagi amali bir xil bo`lmagani uchun qo`shiqlarining ham ta`sir kuchi yo`q. U xoh rassom, xoh shoir, xoh xonanda bo`lsin qachonki tili bilan dili bir bo`lsa, tinglovchini qalbiga etib boradi. Afsuski, hozir tildan chiqqan narsa esa, quloqda qolib ketyapti xolos.
— Xonanda faqat qo`shiq aytish bilan shug`ullanishi kerakmi yoki...
Gulsanam: Yo`q, agar Yaratgan yuqtirgan iqtidori, shu iqtidorni namoyish etishga imkoniyati bo`lsa hamma narsada o`zini sinab ko`rishi mumkin. Axir ijodkor o`z nomi bilan ijodkor-ku.
Otabek: Meni fikrim biroz boshqacha. Chumchuq so`ysa ham, qassob so`ysin degan gap ham bekorga aytilmagan. Misol tariqasida kino san`atini olaylik. Kinolarimizni tomoshabinbop qilish uchun, sarflagan xarajatni ikki baravar chiqarib olish uchun taniqli xonandalarni filmlarga taklif qilishadi. O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutida o`qiyotgan yoki o`sha erni bitirgan iqtidorli aktyorlarimiz biroz nazardan chetda qolib ketyapti. O`sha xonandaning aslida iqtidori bormi yoki yo`qmi, u kinoda o`ziga berilgan vazifani uddalay olyaptimi bu ikkinchi darajali bo`lib qolyapti. Lekin shaxsan men xonanda Anvar Sobirovning aktyorlik qobiliyatini juda yuqori baholayman.
— Gulsanam siz ham o`zingizni kinoda sinab ko`rdingiz. Taklif kimdan chiqqandi.
Gulsanam: “Katta hovli” filmida uzumchi qiz rolini ijro etdim. O`sha qiz xayolida aktrisa bo`lishni istaydi va filmning o`zida men Skarlett obrazini ham yaratishimga to`g`ri keldi. Ochig`ini aytsam kinoda rol o`ynash men o`ylaganchalik oson ish emas ekan.
— Xabaringiz bo`ldimi yoki yo`q: ayni shu film tomoshabinlarning juda katta tanqidlariga sabab bo`ldi. Akangiz aytganlaridek tomoshabinlarni kinoteatrga chaqirish uchun taniqli xonandalardan foydalanilgan degan gaplar ham qulog`imga chalindi.
— To`g`risi bu gaplardan xabarim yo`q, chunki filmning tayyor holatini ko`rmaganman. Film premerasi bo`ladigan kun xorijda bo`lganim uchun, filmni ko`ra olmadim.
— Xonandalik o`z yo`liga, lekin Gulsanamning xalq bilmagan yana qanday hunarlari, qiziqishlari bor.
— Bolaligimdan raqs san`atiga juda qiziqaman. Hatto O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Ma`mura Ergasheva, Sug`diyona Isroilovalardan tahsil ham olganman. Farg`onadagi san`at kollejida o`qib yurgan kezlarim birinchi kursdaligimdayoq qizlardan tashkil topgan raqs guruhim bo`lardi. Akamning vodiydagi qancha konsertlariga raqslarni o`zim sahnalashtirganman. Keyin juda yaxshi pazandaman. Oshxonaga bir kirib olsam, qaytib chiqarvolishingiz qiyin (kulib). Ha aytgancha yoshligimda sportning taekvondo turi bilan ham shug`ullanganman.
— Yo`g`-e?
— (Suhbatga xonandaning turmush o`rtog`i qo`shildi) Zarbasi juda kuchli, isbotim ham bor, desam-a... (kulgi ko`tarildi.)
— Mana bunisi men uchun yangilik bo`ldi. Sizni lirik qo`shiqlarning mohir ijrochisi deb bilaman. Lekin nega o`zingizni boshqa yo`nalishda sinab ko`rmaysiz? O`ta zamonaviy qo`shiqlarni kuylagan bo`larmidingiz?
— Albatta, nega kuylamas ekanman. Hozir konsertga tayyorgarlikni boshlaganmiz. Repetisiya jarayonlarida yangi janrda kuylayotganimni ko`rib, hatto akam ham hayron qoldilar. Muxlislar ham, san`at ahli ham menimcha ijobiy qabul qiladi. Konsertimda o`zingiz eshitib baho berasiz.
— Sizlar oilada ikki farzandmisizlar yo boshqa aka-uka, opa-singillar bormi?
— Ko`pchilik muxlislarimiz bilishmaydi, akam bilan mening o`rtamizda yana bitta opam borlar. Ismlari Go`zal. Ular hisobchi bo`lib ishlasalar-da san`atni juda yaxshi tushunadilar.
— Kimga Gulsanamning opasi bor desam, adashyapsiz u yolg`iz qiz deb urib engardi (kulib). Gulsanam siz shu vaqtgacha o`zingizning qo`shig`ingizni, yuragingizni ochib beradigan ashulani aytib bo`ldingizmi?
— (o`ylanib) Menimcha bu savolingizga yana 15 yillardan keyin javob berolsam kerak. Chunki hayot davom etyapti, ertaga nima kuylashimni bilmayman.
Menimcha hali bunday qo`shiq qilmadim. Inson qalbiga faqat bitta qo`shiq bilan kirib bormaysiz-ku. Hozirdan falon qo`shig`imda Gulsanamni topasiz desam noto`g`ri bo`ladi, menimcha. Chunki yangidan-yangi g`oyalar, qo`shiqlar juda ko`p...
— Qani bo`lmasa bir uchini bizga ham oshkor eting.
— Bitta qo`shiqqa 4-5 xalqning qo`shig`ini, nolasini, musiqasini jo qilmoqchiman. Bu yilgi konsert dasturimga ulgurolmadim balki keyingi yilga harakat qilib ko`rarmiz.
— O`zi qaysi tillarda mukammal kuylay olasiz?
— Rus, qozoq, ozar, turk, hind tillarida. Ayni shu tillarda kuylagan qo`shiqlarimiz ham bor. Lekin inglizchani judayam o`rgangim kelyapti. Kelajakda milliy maqom qo`shiqlarimizni ingliz tiliga o`girib, xorijdagi maqom shinavandalariga ham nima haqida kuylayotganimizni tushuntirish istagim ham yo`q emas.
— Bu juda katta yangilik bo`lardi albatta. Men “Qaro ko`zim”ni ingliz tiliga o`girganman, istasangiz sizga ham berishim mumkin.
Q.Shayxov: Maylimi, keyingi savollarni men bersam. Gulsanam mana konsert arafasida turibsiz. Har yili konsert beradigan xonandalar konsert oldidan kamida 2 qo`shiqni va klipni muxlislar e`tiboriga havola etadi. Ular orasida juda bo`lmaganda bitta sho`x qo`shiq bo`ladi. Sizning ijodingizni anchadan buyon kuzataman. Lekin uch yildan buyon konsert oldidan faqat mahzun qo`shiqlarni taqdim etasiz. Buning sababi nima?
— Chunki mahzun qo`shiqlar tinglovchining qalbiga yaqin bo`ladi. Sho`x qo`shiqlar shundoq ham etarli. Lekin tomoshabinga biror mavzuni ko`targan, yuki bor qo`shiqlar kerak. Shuning uchun har yili konsert oldidan mahzun qo`shiqlarga e`tibor qarataman. Bu bilan sho`x qo`shiqlarim chetda qoladi demoqchimasman. Ular ham mehnatimiz mahsuli albatta. Umuman qo`shiq u xoh sho`x, xox mahzun bo`lsam juda katta mehnat talab qiladi. Har biri ustida oylab vaqt sarflaymiz, shoirlar bilan maslahatlashamiz. Bachkana ko`rinib qolishdan, xalq ustimdan kulishidan qo`rqaman. Shuning uchun ishimga juda jiddiy qarayman.
— Lekin “Tanovor” bilan “Sensizligimda” nomli qo`shig`ingiz “Yor-yor ayting”chalik natija bermadi.
— Fikringizda jon bordir lekin “Sensizligimda” tinglovchilarga taqdim etilganiga endigina bir oy bo`ldi. Balki biroz vaqtdan keyin uning ham natijasi ko`rinib qolar?
— Bu bilan qo`shig`i umuman talabga javob bermasa-da TV da tinimsiz aylanishi oqibatida quloqqa o`rnashib qoladigan xonandalar toifasiga kirib qolmaysizmi?
— Bilmadim, men bu fikringizga biroz qo`shilmayman. Qo`shiq bilan qo`shiqning farqi bor. Bu qo`shiqlarning tinglovchiga etib borishiga, singishiga vaqt kerak.
— Gulsanam Mamazoitovaga o`xshash uchun uning yo`lini tutgan xonandalar kundan kunga ko`payib borayotgani sizning keyingi mavqeingizga salbiy ta`sir ko`rsatmasmikan?
— Buni nimasi yomon? Axir hammamiz ham kimgadir havas bilan san`atga kirib kelganmiz. Kun kelib ular ham o`z yo`llarini topib ketishar. Eng muhimi, meni yo`limni tutadimi yoki boshqa yo`lnimi, milliy yo`nalishni rivojlantiradigan san`atkorlar ko`payyapti.
Shahnoz: Men baribir sizni boshqa yo`nalishda ko`rgim kelaveradi. Milliy qo`shiqlar borasida ancha ishlarni qilib bo`ldingiz. Endi navbat yangi janrga keldi. Sizga qarab turib go`yo vaqtingiz o`tib ketayotganday tuyulaveradi. Shuning uchun tez orada sizdan yangi janrlardagi qo`shiqlarni eshitaman, degan umiddaman. Suhbat uchun katta rahmat!
— Sizga ham rahmat. Ochig`i mazza qildim. Konsertimda kutaman!
Gulsanam Mamazoitova haqida qisqacha ma`lumot:
1981-yil 22-martda Farg`ona viloyatida tug`ilgan
1999-yilda Yunus Rajabiy nomidagi Respublika maqomchilar tanlovchida 2-o`rinni g`olibi bo`lgan.
2000-yilda Xorazmda bo`lib o`tgan 1-Respublika mumtoz musiqa festivali g`olib bo`lgan.
2004-yilda O`zbekiston davlat konservatoriyasini tugatgan.
2004-yilda “Nihol” mukofoti bilan taqdirlangan
2006-yilda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist unvoni topshirildi.
2013-yil mustaqilligimizning 22 yilligi arafasida O`zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlandi.
Qo`shiqlari soni – 150 ga yaqin
Kliplari soni – 12 ta
Musiqiy albomlari – 10 ta
Qamariddin ShAYXOV tayyorladi.
Fotomuxbir Bekzod Mirsodiqov.





