1

MAGATE O`zbekistonda umumiy qiymati 1 million evrodan ortiq bo`lgan to`rtta loyihani amalga oshiradi

Iqtisodiyot 12.02.2020, 09:36
MAGATE O`zbekistonda umumiy qiymati 1 million evrodan ortiq bo`lgan to`rtta loyihani amalga oshiradi

O`zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov MAGATEning yangi tayinlangan Bosh direktori Rafael Mariano Grossi bilan uchrashdi. Uchrashuv O`zbekiston delegasiyasining 2020 yil 10-14 fevral kunlari tashkilotning Vena shahridagi bosh qarorgohida bo`lib o`tgan Yadro xavfsizligi bo`yicha xalqaro konferensiyadagi ishtiroki doirasida bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Mariano Grossi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatimizning MAGATE bilan hamkorlikni kuchaytirayotganiga yuqori baho berdi. U MAGATE O`zbekiston timsolida mintaqadagi muhim hamkorni ko`rayotganini ta`kidladi.

Shuningdek, u yadro xavfsizligi sohasida hamda AES qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda tashkilot O`zbekistonga har qanday yordamni ko`rsatishga tayyor ekanini bildirdi, 2020 yilda MAGATE missiyasi yadroviy infratuzilmani har tomonlama ko`rib chiqishni belgilaganini ma`lum qildi.

Mariano Grossi mamlakatda yadro xavfsizligini ta`minlashda muvofiqlashtiruvchi muhim rol o`ynashini alohida ta`kidlab, shu boisdan muvofiqlashtiruvchining kadrlar salohiyatini oshirishga jiddiy e`tibor qaratish lozimligini ma`lum qildi. Bu borada MAGATE missiyalaridan biri bo`lgan «Muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha kompleks xizmatlar (IRRS)» dasturining o`tkazilishi O`zbekistonning milliy dasturi to`liq xalqaro talablar asosida amalga oshirilishini ta`minlash imkonini berishi ta`kidlandi.

2020-2021 yillar mobaynida MAGATE texnik hamkorlik dasturi doirasida O`zbekistonda umumiy qiymati 1 million evrodan ortiq bo`lgan to`rtta loyihani amalga oshirish uchun tasdiqladi. 

Dastur O`zbekistonda yadro energiyasi ob`ektlaridan foydalanishda yadro va radiasiya xavfsizligini mustahkamlash, tibbiyot va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida zamonaviy yadro texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, yadro energiyasi haqidagi bilimlarni tarqatishni ko`zda tutadi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1