1

Nogironlik pensiyasi yoshga doir pensiyadan ko`proq bo`ladimi?

Savol-javob 20.02.2020, 17:26
Nogironlik pensiyasi yoshga doir pensiyadan ko`proq bo`ladimi?

— 34 yil davlat ishida ishladim. Sog`ligim tufayli muddatsiz etib, II guruh nogironligi berishdi. 2007 yil 60 yoshimda nafaqaga chiqdim. Nogironlik yoki yoshga doir pensiyadan birining tanlovini o`zimga qo`yib berishdi. Nogironlik pensiyasini tanladim. 2019 yilga qadar 550 000 so`m olardim. 2019 yil 1 avgustda pensiyalar 10 foizga oshirildi. “Darakchi”da II guruh nogironlik pensiyasining eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizdan 75 foizga oshirilgani haqida o`qib qoldim. Bilsam, 5 yil oldin nogironligimni olib tashlashgan ekan. Sababini so`raganimda, nogironlikda qolsam, pensiya yana kamayib ketishini aytishdi. II guruh nogironligi pensiyasida qolsam, hozir olayotgan yoshga doir pensiyamdan ko`proq bo`ladimi?

Tojim Ilhonov, Toshkent viloyati Bo`stonliq tumani 

 

Farrux SULAYMONOV, Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi ijro etuvchi apparati bo`lim boshlig`i o`rinbosari: 

            — Siz hozirgi kunda yoshga doir pensiya olib kelmoqdasiz. Taqdim etgan hujjatlaringizga asosan ish staji va o`rtacha ish haqi hisoblab chiqarilgan. Hozirgi kunda olib turgan pensiyangiz miqdori eng kam yoshga doir pensiyaning 75 foizidan (327 112 so`mdan) ko`pni tashkil etadi. Nogironlik pensiyasiga huquqingiz bo`lsa, pensiya turini o`zgartirishingiz mumkin.

Pensiyalarning bir turini olib turgan pensioner pensiyaning boshqa turiga huquqi mavjud bo`lganda boshqa tur pensiyaga o`tishi mumkin. Pensiyaning boshqa turiga o`tkazishda amalda bo`lgan qonun hujjatlari bilan qo`yiladigan talablarga muvofiq pensiya tayinlanadi. Fuqaroga (erkak kishiga) yoshga doir pensiya tayinlashda talab etilgan ish staji 25 yilni tashkil etadi. Sizga nogironlik guruhi belgilanganda va nogironlik pensiyasiga o`tganingizda talab etilgan ish staji 20 yilni tashkil etadi. Nogironlik pensiyasi tayinlashda o`rtacha ish  haqimiqdori  o`zgarmasa, pensiya miqdori 5 foizga oshishi mumkin. Siz pensiyangiz miqdori o`zgarishi bo`yicha aniq ma`lumot olish uchun Pensiya jamg`armasiga murojaat etishingizni tavsiya etamiz.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1