1

Bog`cha ochmoqchimiz, ammo kredit paysalga solinyaptimi?

Savol-javob 20.02.2020, 18:17
Bog`cha ochmoqchimiz, ammo kredit paysalga solinyaptimi?

— “Yangi asr kichkintoylari” MTM rahbariman. Davlat xususiy sherikchilik asosida bog`cha ochib, hozirda 18 nafar ishchi xodimlar 78 nafar bolalarga tarbiya berib kelyapmiz. Bog`chamizning yonida 8 sotix er maydonini sotib olib, 150 o`rinli bog`cha binosini qurish uchun Guliston shahar Asaka bankidan kredit so`ragandik. Avvaliga kredit ajratishlarini aytishdi, so`ng “mablag` yo`q”, deyishyapti. Har kuni ota-onalar bolalarini olib kelishadi, biroq bo`sh o`rin yo`q. Davlat bog`chalarida esa navbat juda katta. Bog`chaga talab bo`lgani uchun ham faoliyatimizni kengaytirmoqchi edik. 1 foizli kredit hujjatlarini rasmiylashtirib, viloyat maktabgacha ta`lim boshqarmasiga topshirganmiz. Bank tomonidan ajratiladigan kredit faqat bog`cha qurilishiga etadi. Jihozlash va qolgan ishlarni o`z mablag`imiz hisobidan xarajat qilamiz. Kredit ajratilishida amaliy yordam berishingizni iltimos qilamiz.    

R.Dadabaeva, Sirdaryo viloyati Guliston shahar 

                                              “AVVALO BITIM IMZOLANIShI KERAK”

Maqsudjon YuLDAShEV, Maktabgacha ta`lim vaziri o`rinbosari:

— Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta`lim tizimini yanada rag`batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3651-sonli qarorida davlat-xususiy sherikchilik asosida nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasini tashkil qilish uchun bitimi imzolangan tadbirkorlar o`rnatilgan tartibda tegishli bankdan imtiyozli kredit mablag`i olishga haqli ekanligi belgilangan. 

Biroq, Maktabgacha ta`lim vazirligiga Sirdaryo viloyati Guliston shahrida davlat-xususiy sherikchilik asosida “Svetochny gorod” NMTT tashkil etish yuzasidan shu kunga qadar hujjatlar kelib tushmagan. Shuningdek, tashabbuskor R.Dadabaeva bilan davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolanmagan. 

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrdagi “Maktabgacha ta`lim sohasida davlat-xususiy sheriklik shakllarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 944-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko`ra, xususiy sherikka tegishli er va bino-inshootlarda qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta`mirlash va jihozlash orqali nodavlat maktabgacha ta`lim muassasasini tashkil etish shaklidagi davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibi belgilangan.

Bugungi kunda davlat-xususiy sherikchilik asosida tuzilgan bitimlarni moliyalashtirish maqsadida Prezidentimizning 2018 yil 5 apreldagi PQ-3651-son qarorining 6-bandiga asosan Moliya vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlarini jalb etish yuzasidan tashkiliy ishlar olib borilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish uchun resurs mablag`lari shakllantirilgandan so`ng tadbirkor R.Dadabaeva tomonidan hujjatlar to`plami vazirlik ishchi guruhiga taqdim etilgan taqdirda o`rnatilgan tartibda davlat-xususiy sherikchilik bitimini imzolash masalasi ko`rib chiqilishi maqsadga muvofiq. 

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1