1

"Erimning uyida men va farzandlarimning haqqi bormi?"

Savol-javob 27.02.2020, 18:11
"Erimning uyida men va farzandlarimning haqqi bormi?"

— 2002 yil qonuniy nikohdan o`tib, turmushga chiqdim, 3 nafar farzandimiz bor. Gap shundaki, erim uydan haydab yubordi. 20 sotixli uyda yashardik. Erimning uyida men va farzandlarimning haqqi bormi? 

D.O., Jizzax viloyati, Paxtakor tumani

Doston JO`RAEV, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining Murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi katta konsultanti: 

— Qonuniy nikohdan o`tgan bo`lsangiz, Oila kodeksining 23-moddasiga muvofiq, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar bo`lajak er-xotinning umumiy mablag`lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida bosh­qacha hol ko`rsatilmagan bo`lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi. Hozir eringiz yashayotgan uy agarda nikohdan keyin olingan bo`lsa, mazkur uyga nisbatan turmush o`rtog`ingiz bilan teng miqdorda ulushli hisoblanasiz. Umumiy mulkni bo`lish masalasi Oila kodeksining 27-moddasiga asosan er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin o`rtasida o`zaro kelishuv asosida bo`lib olinishi mumkin. Nizo tug`ilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini bo`lish, shuningdek, bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi. Sizning holatingizda agarda eringiz uyni bo`lishdan bosh tortsa, sudga da`vo ariza bilan murojaat qiling. Uy-joyga nisbatan eringizdan o`zingiz va farzandlaringiz ulushini keltirilgan qonun talablaridan kelib chiqqan holda talab qilishga haqlisiz.

Agar nizoli uy qaynotangiz nomida bo`lsa, ushbu uyda eringiz bilan teng huquqda farzand­laringiz bilan birga uy-joydan foydalanish huquqingiz mavjud. Bordi-yu, eringiz kelin bo`lib tushgan uyingiz­dan foydalanishga to`sqinlik qilayotgan bo`lsa, sudning qarori bilan uy-joyga majburiy tartibda kiritilib, uy-joydan farzandlaringiz bilan birga foydalanish huquqiga ega bo`lasiz. Bundan tashqari, eringiz farzandlaringizni moddiy ta`minlashdan bosh tortayotgan bo`lsa, sudga aliment undirish yuzasidan ariza bilan murojaat qilib, farzandlaringiz voyaga etguniga qadar aliment undirishingiz ham mumkin.

Sadoqat ALLABERGANOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1