1

Toshkentda «QR-online» universal tezkor to`lov xizmati ishga tushirildi

Hi-tech 02.03.2020, 18:14
Teglar: onlayn, tizim, Toshkent
Toshkentda «QR-online» universal tezkor to`lov xizmati ishga tushirildi

O`zbekiston Respublikasida raqamli bankingni rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq, Markaziy bank tomonidan tijorat banklari bilan hamkorlikda QR-kod orqali (“Quick Response Code” — tezkor aniqlanadigan kod) tezkor to`lovni amalga oshirishning “QR-online” standartlashtirilgan va universal xizmati ishga tushirildi.

Markaziy bank matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, mazkur tizim doirasida savdo va xizmat ko`rsatish shoxobchalari (xo`jalik yurituvchi sub`ektlar) o`zlariga xizmat ko`rsatuvchi tijorat banklari orqali QR-kodni shakllantirib, ro`yxatdan o`tkazadilar. Xaridorlar tomonidan mobil ilova dasturlari vositasida savdo va xizmat ko`rsatish korxonalarining QR-kodlarini skaner qilish (“o`qish”) hamda xarid summasini kiritish orqali to`lovlar amalga oshiriladi. Bunda pul mablag`lari mobil ilovaga biriktirilgan bank kartalari hisob varaqlari va elektron pul hamyonlardan hisobdan chiqariladi.

Savdo va xizmat ko`rsatish korxonalari “QR-online” tizimi orqali mijozlardan qabul qilingan va bank hisob varaqlariga kirim qilinadigan mablag`larni “Telegram” tarmog`idagi “@onlineqrbot” kanali, mijozning bank shaxsiy kabineti hamda sms-xabarnoma xizmati orqali onlayn rejimida nazorat qilib borishlari mumkin. Mazkur tizim mavjud muqobil to`lov xizmatlaridan farqli o`laroq, xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan bo`lib, Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi bilan uzviy bog`liqlikda ishlaydi.

Ma`lum qilinishicha, hozirgi kunda ushbu tizimni Toshkent shahrida tatbiq etish doirasida tijorat banklari tomonidan 3 mingdan ortiq xo`jalik sub`ektlarining savdo va xizmat ko`rsatish punktlari ularga tegishli “QR-online” tizimi stikerlari bilan ta`minlandi.

To`lov xizmatlari bozorida “QR-online” tizimining ishga tushirilishi ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, naqd pulsiz hisob-kitoblar ko`lamini yanada kengaytirish, shuningdek, Markaziy bankning asosiy strategik maqsadli yo`nalishlaridan biri bo`lgan to`lov tizimi barqarorligini ta`minlashga xizmat qiladi, deyiladi Markaziy bank xabarida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1