1

“Angren” erkin iqtisodiy hududida 732,9 mln. dollarlik investisiyalar o`zlashtirildi

Iqtisodiyot 03.03.2020, 22:17
“Angren” erkin iqtisodiy hududida 732,9 mln. dollarlik investisiyalar o`zlashtirildi

Ohangaron tuman hokimligida viloyat hokimi o`rinbosari Jamshid Abdusalomov raisligida erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari Ma`muriy kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda Angren, Ohangaron shaharlari va Ohangaron tumani hokimlari, sektor rahbarlari, mas`ul tashkilotlar rahbarlari hamda tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Unda “Angren” erkin iqtisodiy hududida joylashgan korxonalarning 2019 yil yakunlari bo`yicha faoliyatiga baho berilib, eksport majburiyatlarini bajarmagan korxonalarning ishi tanqidiy tahlil etildi. 

Xususan, 2020 yil fevral oyiga qadar “Angren” EIH da 67 ta loyiha ishga tushirilgan. Mazkur loyihalar doirasida 732,9 mln. dollarlik investisiyalar, shu jumladan 283,0 mln. dollar miqdorida to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar o`zlashtirildi va natijada 7100 dan ortiq ish o`rni tashkil etilgan.

Jumladan, erkin iqtisodiy hududining Angren shahar blokida 38 ta, Ohangaron shahar blokida 26 ta loyiha ishga tushirilgan. Shuningdek, Ohangaron tumani mas`ulligida mazkur hududda 3 ta loyiha ishga tushirilgan. Ularning umumiy qiymati 688 million AQSh dollaridan ziyod.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, hududda umumiy qiymati qariyb 144 million AQSh dollari bo`lgan 21 ta loyiha foydalanishga topshirildi. Natijada, 1730 ta ish o`rni yaratildi. 

O`tgan yil yakunlariga ko`ra “Angren” erkin iqtisodiy hududidagi korxonalar umumiy hisobda 49,7 million AQSh dollari miqdorida mahsulot eksport qildi. 

Ma`muriy kengash yig`ilishida tadbirkorlikni rivojlantirishdagi to`siqlarni bartaraf etish, er maydonidan unumli foydalanmayotgan korxonalarning erlarini davlat zaxirasiga qaytarish, investision majburiyatlarni nazoratga olish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.

Masalan, “Angren” erkin iqtisodiy hududida faoliyat ko`rsatayotgan, eksport majburiyati mavjud bo`lgan 10 ta korxona 2019 yilda eksport bilan mutlaqo shug`ullanmagan. Bundan tashqari, yana 7 ta korxona ishlab chiqarish faoliyatini to`xtatgan.

Viloyat hokimining o`rinbosari Jamshid Abdusalomov erkin iqtisodiy hudud sub`ekti bo`lgan korxonalarda yuzaga kelgan bunday sharoitni tanqidiy tahlil qildi va tegishli ko`rsatmalarni berdi.

Yig`ilishda “Angren” erkin iqtisodiy hududida 2020 yilda amalga oshiriladigan ishlar, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, eksport salohiyatini yanada yuksaltirish bo`yicha rejalashtirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. 

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Toshkent viloyatidagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat hududlari Ma`muriy kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1