AsosiySport

"Lokomotiv" klubi muxlislar va ishqibozlar uchun alohida elektron manzil yaratdi

Toshkentning "Lokomotiv" klubi  muxlislar talab va istaklaridan kelib chiqqan holda, ishqibozlar uchun savol va takliflar yuborish uchun alohida elektron manzil yaratdi. Bu haqda sports.uz nashri xabar beradi.

Quyida "temiryo`lchilar"ning muxlislariga yozilgan murojaati bilan tanishib chiqishingiz mumkin. "Futbolni muxlislarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Muxlislarsiz stadion go`yoki tomoshabini yo`q teatrga o`xshab qoladi. Natijada aktyor o`z rolini qoyillatib ijro qila olmaydi, o`z rolini maromida etkazib o`ynashi uchun esa unga zalda o`tirgan tomoshabin olqishi ko`mak beradi.

Futbolda ham shunday: stadionga qancha ko`p ishqiboz kelsa, o`yin ham shunga yarasha keskin kechadi, futbolchilar jon koyitib harakat qilishadi. "Lokomotiv" futbol klubi joriy mavsum ham o`z oldiga yuqori maqsadlarni qo`yganidan xabaringiz bor. Buning uchun jamoa qadam-baqadam o`sishga, yanada rivojlanishga intilib kelmoqda. Lekin har bir jamoa faoliyatida muxlislarning qo`llab-quvvatlashi, odamlarning e`tibori katta rol o`ynaydi.

Biz "Lokomotiv" futbol klubiga bee`tibor bo`lmagan ko`p sonli muxlislarning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda ishqibozlar uchun alohida elektron pochta qutisi tashkil qildik. Endi siz bemalol ushbu elektron manzil (lokomotiv.fans@mail.ru) orqali klub rahbariyatiga o`z taklifingiz hamda o`zingizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishingiz mumkin. Rahbariyat imkon qadar har bir savol va taklifni atroflicha o`rganib chiqadi va shunga monand javob beradi. Zero, biz "Lokomotiv"ga muxlislik qiladigan har bir kishini diqqat bilan eshitishga tayyormiz. O`z oldiga O`zbekiston chempioni bo`lish vazifasini qo`ygan "Lokomotiv" uchun muxlislar ko`magi nihoyatda zarur. Shunday ekan, o`yin kunlari stadionga kelib bizni qo`llab-quvvatlang va klub rahbariyatiga qanday savollaringiz bo`lsa, quyidagi elektron pochta orqali murojaat qiling", - deya, yoziladi klub rasmiy saytida. 

Agarda sizda ham "Lokomotiv" klubiga qandaydir taklif va savollaringiz bo`lsa, lokomotiv.fans@mail.ru elektron manzili orqali o`z savollaringiz bilan klub rahbariyatiga murojaat qilishingiz mumkin. 

 

    Boshqa yangiliklar