Bugun, 6 aprel kuni o`zbek futboli fidoiylaridan biri Sergey Arutyunov 93 yoshida vafot etdi. Bu haqda O`zbekiston Futbol federasiyasi rasmiy sayti xabar qiladi.
1922 yilning 15 mart kuni tavallud topgan Arutyunov 1940 yildan boshlab “Dinamo” safida to`p surgan va jamoasi bilan O`zbekiston chempionligi va mamlakat kubogi sohibi bo`lgan. Keyinchalik faoliyatini Toshkentning “Spartak” jamoasida davom ettirgan.
Futbolchilik faoliyatini yakunlagach esa avval hakamlik qilan, so`ngra murabbiylik bilan shug`ullangan. Arutyunov 1953 yilda Moskvadagi murabbiylar tayyorlovchi Oliy maktabni tamomlagan. 1956 yilda “Paxtakor” futbol maktabi tashkil qilinib, Arutyunovni u erga ishga taklif etishdi. Ushbu maktab Gennadiy Krasniskiy, Birodar Abduraimov, Hamid Rahmatullaev, Stanislav Stadnik kabi iste`dodli futbolchilarni tarbiyaladi.
1962 yilda Sergey Aurtyunov “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan murabbiy” unvoniga sazovor bo`lgan.
1998 yilda Fransiyada bo`lib o`tgan Jahon Chempionatida Sergey Arutyunovga FIFA oltin medali topshirilgan. U, shuningdek, O`zbekiston Futbol Federasiyasi ko`krak nishoni sohiblaridan biri edi.





