AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Tuproqqal`a tumani tashkil etiladi

'O`zbekistonda Tuproqqal`a tumani tashkil etiladi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, kecha, 24 mart kuni Oliy Majlis Senatining 3-yalpi majlisi bo`lib o`tdi. Unda senatorlar bir qator masalalarni muhokama qilishdi.

Xususan, senatorlar Xorazm viloyati tarkibida Tuproqqal`a tumanini tashkil etish hamda Hazorasp tumani chegarasini o`zgartirish to`g`risidagi masalani ko`rib chiqdi.

Ta`kidlanganidek, davlatimiz rahbari joriy yil 12-13 mart kunlari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida mazkur viloyatning salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi g`oyalar ilgari surildi, mas`ullarga tegishli amaliy ko`rsatma va vazifalar berildi.

Xorazm viloyatining dehqonchilik hududi hisoblangan  Hazorasp tumani Pitnak shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun Xorazm viloyatida Tuproqqal`a tumanini tashkil etish tashabbusi ham ana shu tashrif mahsulidir.

Bugungi kunda Pitnak shahrida jami 54 ming 248 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Pitnak shahri va Tuproqqal`a maskani hududlari qo`shilganda jami 143 ming 74 gektarni tashkil etadi. Foydalanilmayotgan erlarda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, bog`dorchilik va boshqa yo`nalishlarda loyihalar amalga oshirilib, yangi ish o`rinlari yaratiladi. Shuningdek, qishloq xo`jaligida 552  gektar   er maydoni qaytadan foydalanishga kiritilib, qo`shimcha qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirilishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar Tuproqqal`a tumani tashkil qilinsa, mahalliy aholining yashash sharoiti va turmush tarzi yaxshilanishini ta`kidlab o`tdi.

Ko`rib chiqilgan masala bo`yicha tegishli qaror qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar