Avval xabar berganimizdek, hozirda yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar 55 nafarni tashkil etmoqda. Jumladan, ayni paytda Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan bemorlar orasida poytaxtimizdan tashqari, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan bo`lgan fuqarolarimiz ham bor.
Shuningdek, bemorlarning 2 nafari Farg`ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ulardan biri Saudiya Arabistonida Umra safarida bo`lib qaytgach, unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Barcha bemorlar Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko`ra, belgilangan standartlar asosida davolanmoqda.
Eslatib o`tamiz, dunyodagi qaltis epidemik vaziyat tufayli mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida davlatimiz tomonidan qator qat`iy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Fursatdan foydalanib, Sog`liqni saqlash vazirligi fuqarolarimizdan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to`planmaslik, shaxsiy gigiena kabi qoidalarga qat`iy amal qilishlarini so`rab qoladi. Dunyo tajribasiga ko`ra, koronavirus tarqalishining oldini olishda eng samarali yo`l, aynan, karantin qoidalariga so`zsiz rioya etishdir.