Toshkent viloyatida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash bo`yicha viloyat shtabi 24 soat to`xtamasdan ishlab turibdi. Unga viloyat hokimi Rustam Xolmatov rahbarlik qilmoqda. Shtab a`zolari tomonidan har soatda voqealar rivoji tezkorlik bilan tahlil qilinib, zarur qarorlar qabul qilinmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi rasmiy axborot berdi.
Ayni paytda viloyatdagi sanatoriya, oromgoh va Chirchiqdagi poligonda qurilgan maxsus hududda jami 3732 nafar fuqaro karantinga olingan. Viloyat va tuman, shahar yuqumli kasalliklar shifoxonalarida 641 nafar fuqaro karantinga olingan.
Uy sharoitida 5 ming 933 nafar fuqaro karantinga olingan bo`lib, ular 1558 ta xonadonda istiqomat qilishmoqda. Uyda karantinga olingan xonadonlar O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo`riqlanmoqda.
Uy sharoitida karantinga olingan fuqarolarga 12 turdagi oziq-ovqat mahsuloti, 17 turdagi dori-darmon, tibbiy-gigienik vositalar bepul tarqatilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda og`ir sharoitda kun kechirayotgan 1000 ta kamxarj, ehtiyojmand oilaga qoramol, sog`in sigir berilayapti.
Ayni paytda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash chora-tadbirlari uchun viloyatimizda 195 nafar terapevt, 131 nafar reanimatolog, 64 nafar infeksionist, 133 nafar epidemiolog, 5 ming nafardan ko`proq o`rta va kichik tibbiy xodim safarbar etilgan.
Chegara postlari orqali viloyatimizga kirib kelayotgan fuqarolar karantinga olinayapti hamda ularga barcha zarur shart-sharoit yaratib berilmoqda.
27 martdan 28 martga o`tar kechasi Qozog`iston Respublikasidan “G`isht ko`prik” chegara posti orqali o`tgan 167 nafar fuqaro Chirchiq harbiy poligonida qurilgan karantin hududiga yuborildi. Poligonga yuborilgan fuqarolarning 158 nafari erkak, 8 nafari ayol va bir nafari voyaga etmagan shaxs.
27 martdan 28 martga o`tar kechasi Dubay-Toshkent aviareysi orqali yurtimizga kelgan 40 nafar fuqaro Qibray tumanidagi “Botanika” sanatoriysiga joylashtirildi. Shuningdek, 650 nafar fuqoro Yuqori Chirchiq tumanidagi maxsus karantin poligoniga joylashtirildi (kun davomida bu raqamlar o`zgarishi mumkin).
Bugungi kunda viloyatdagi barcha savdo komplekslari to`liq yopilgan. 28 ta dehqon bozori (shundan 16 tasi kunlik) ishlab turibdi. Ularda 17 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdosi yo`lga qo`yilgan. Bozorlarda har kuni dezinfeksiya va sanitar-tozalov tadbirlari amalga oshirilmoqda, teplovizorlar bilan to`liq ta`minlash ishlari yakuniga etkazilmoqda.
Bugungi kunda shahar va tumanlar hokimlari – fuqaro muhofazasi boshliqlarining qarori bilan hududga kirib chiqish bo`yicha cheklov, karantin tartibi o`rnatilmoqda. Xususan, Nurafshon, Olmaliq, Yangiyo`l, Bekobod, Ohangaron shaharlari, Bekobod, Yuqori Chirchiq, Chinoz, Piskent tumanlarida karantin sharoitiga o`tildi, hududga kirish-chiqish maxsus ruxsatnoma bilan amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda 54 ta karantin blokposti tashkil etilgan (poytaxtga kirish-chiqish blokposti bilan birga). Shuningdek, 200 ta ichki yo`l berkitilgan.
Yuzaga kelgan sharoit taqozosiga ko`ra, dehqon bozorlariga olis joylarda, tog`li qishloqlarda (Bo`stonliq, Ohangaron, Parkent tumani) arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari vaqtinchalik savdo markazi tashkil etilmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimligi, boshqarma va tashkilotlar tomonidan ijro mexanizmi va hujjat almashuvini to`liq elektron tizimga o`tkazish bo`yicha birlamchi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.