Qozog`iston fuqarosining To`rtko`lga to`yga kelib, koronavirus yuqtirgani to`g`risidagi xabar bo`yicha Qoraqalpag`iston avtonom respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi rasmiy ma`lumot berdi.
Shu yilning 30 mart kuni Qozog`iston va O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalarida koronavirus infeksiyasini yuqtirgan qozog`istonlik ayolning Qoraqalpog`iston Respublikasining To`rtko`l tumanida yashovchi qarindoshining to`yida bo`lgani, ayol bilan yana 13 odam O`zbekistonda bo`lib qaytgani va ularning barchasi karantinga olingani haqida xabar tarqaldi.
Xabarda aytilishicha, Enbekshiqazaq tumanida 1960 yilda tug`ilgan G. ismli ayol o`z qarindoshlari bilan 26 mart kuni qaytgan va ular chet elga chiqib kelgan fuqaro sifatida karantinga olinib, COVID-19 infeksiyasiga tahlillar olingan. Tekshiruvdan so`ng, ayolda laboratoriya tahlillar natijalari bo`yicha koronavirus borligiga gumon qilinib, Esik shahridagi kasalxonaga yotqizilgan.
Bu borada Qozog`iston Respublikasining tegishli idoralari tomonidan O`zbekistonga rasmiy ma`lumot kelib tushmadi.
Lekin mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat tufayli ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabarga asoslanib, Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan guruh tashkil etilib, chuqurlashtirilgan profilaktik chora-tadbirlar (epidemiologik surishtiruv) o`tkazilmoqda.
Tadbirlar davomida quyidagilar aniqlandi:
2020 yil 14 mart kuni Qozog`iston Respublikasida doimiy yashovchi 20 nafar fuqaro (shularning 3 nafari voyaga etmagan) mikroavtobusda Qoraqalpog`iston Respublikasiga mehmonga kelib, shularning Esik shahridan bo`lgan 16 nafar fuqaro (2 nafari voyaga etmagan) To`rtko`l tumani «Tozabog`yop» OFYda yashovchi fuqaroning uyida mehmon bo`lib qolgan.
Taraz shahridan bo`lgan 4 nafar fuqaro (1 nafari voyaga etmagan) Ellikqal`a tumani «Ellikqal`a» OFYda yashovchi fuqaroning uyiga mehmonga ketgan.
Qozog`istonlik fuqarolarning respublikamizga kelishdan maqsadi to`y marosimlarida ishtirok etish bo`lgan.
14-25 mart kunlari oralig`ida To`rtko`l tumanida bo`lgan fuqarolar 3 xonadonda mehmonda bo`lib, 2020 yil 18 mart kuni nikoh to`yda qatnashgan.
Ellikqal`a tumanida bo`lgan fuqarolar 2 xonadonda mehmonda bo`lgan.
Qozog`iston Respublikasidan mehmonga kelgan 20 nafar fuqaro 2020 yil 25 mart kuni To`rtko`l tumanidan Toshkent viloyatining “G`ishtko`prik” chegara posti orqali Qozog`iston Respublikasiga chiqib ketgan. Yo`lda ketayotib hech qaerda to`xtamagan, boshqalar bilan muloqot qilmagan, o`zlarining yonida bo`lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste`mol qilgan.
Qozog`iston fuqarolarining barchasi 26 mart kuni o`z manzillariga etib borgan va ular tegishli tartibda karantinga olingan. Ularning ichida 60 yoshli ayolda laboratoriya tekshiruvlari natijasi bo`yicha koronavirus kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar kasalxonasiga joylashtirilgan.
Kasallik bilan gumon qilingan fuqaroning yaqinlari bergan ma`lumoti bo`yicha, ayolning laboratoriya tekshiruv natijasi koronavirusni ko`rsatgan bo`lsa ham, ayolda va u bilan muloqotda bo`lgan fuqarolarda kasallik belgilari yo`q ekani, ularning ahvoli yaxshi ekani ma`lum bo`ldi.
Hozirgi kunda To`rtko`l va Ellikqal`a tumanlarida qozog`istonlik fuqarolar bilan muloqotda bo`lgan odamlar aniqlanib, tibbiy ko`rikdan o`tkazildi, tegishli laboratoriya tahlillari olindi. Ularning tana harorati nazoratga olinib, 14 kunlik uy sharoitidagi karantinga olindi. Shu kunga qadar bu fuqarolarning hech birida koronavirus kasalligining belgilari aniqlanmadi.
Bu holat bo`yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda. Ularning natijasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.
Shuni ham alohida ta`kidlash joiz, To`rtko`l va Ellikqal`a tumanlarida profilaktik tadbirlarning o`tkazilayotgani aholi orasida bu tumanlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan degan noto`g`ri ma`lumotlar, turli mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo`lmoqda. Biroq bu profilaktik tadbirlar aynan infeksiya tarqalishining oldini olish uchun o`tkazilayotganini ma`lum qilamiz.
2020 yil 31 mart soat 22:30 holatiga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasida koronavirusga chalingan birorta bemor aniqlanmadi. Bu ma`lumot rasmiy, ob`ektiv va eng ishonchli ma`lumot bo`lib hisoblanadi. Yana bir marta ta`kidlash joiz, Qozog`iston Respublikasining tegishli idoralari tomonidan O`zbekistonga rasmiy ma`lumot kelib tushmagani uchun elektron ommaviy axborot vositalarida tarqalgan xabar norasmiy maqomga ega bo`lib, fuqarolarimizning xavotirlanishiga hech qanday asos yo`q.
Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va uni qisqa fursatda bartaraf etish, aholining epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini saqlash, fuqarolarning karantin va cheklov qoidalariga amal qilishini nazorat qilish maqsadida Sog`liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan keng ko`lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi xalqimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli asossiz xabarlarga ishonib qolmay, faqatgina rasmiy manbalarning ma`lumotlaridan xabardor bo`lib borishini, vahimaga berilmasdan, iloji boricha uydan chiqmaslikni, ko`chaga yoki jamoat joylariga chiqqanda himoya niqoblarini taqib chiqishni, eng asosiysi, tavsiya etilayotgan sanitariya-gigiena qoidalariga qat`iy amal qilishini so`raydi.