Bugun 5 aprel – Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kuni. Ana shu sana munosabati bilan DXX tomonidan amalga oshirilgan ayrim ishlar o`zA tomonidan e`lon qilindi.
Xabarda aytilishicha DXX O`zbekistonda uyushtirilishi rejalashtirgan 2 ta terrorchilik harakatining oldini olgan. Shuningdek, mamlakatimix xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan hamdo`stlik mamlakatlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 7 ta terrorchilik harakatiga barham berilgan.
Shu bilan birga o`tgan vaqt mobaynida 625 kilogrammdan ortiq giyohvand moddalar musodara qilindi. 500 dan ortiq korrupsiya bilan bog`liq holatlarga chek qo`yildi hamda mamlakatimiz chegaralaridan noqonuniy olib o`tilgan qariyb 97,7 mlrd so`mlik tovar-moddiy boyliklar musodara qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig`iga ko`ra amalga oshirilgan “Mehr 1” va “Mehr 2” gumanitar operasiyalari doirasida Yaqin Sharq davlatlarida og`ir sharoitda qolayotgan 220 nafar ayollar va bolalar mamlakatimizga olib kelindi. Yot g`oyalar ta`sirida Afg`onistonda qiyin holatga tushib qolgan o`nlab vatandoshlarimiz ham o`z yaqinlari bag`riga qaytarildi. Bu ishlarda ham DXX xodimlari faol ishtirok etdi.
Ushbu sana munosabati bilan "Darakchi" gazetasi va sayti jamoasi nomidan DXX xodimlarini kasb bayramlari bilan samimiy tabriklaymiz, mashaqqatli va sharafli faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz.
05.04.2020 10:29
DXX O`zbekistonda rejalashtirilgan 2 ta terrorchilik harakatining oldini olgani ma`lum bo`ldi






