1

“Asarni kim yaratishi emas, undan chiqariladigan xulosa muhim!” — Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekovning qo`shig`i atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirdi

Madaniyat 11.04.2020, 00:46
Teglar: Ozodbek Nazarbekov, qo`shiq, madaniyat, vazirlik, koronovirus
“Asarni kim yaratishi emas, undan chiqariladigan xulosa muhim!” — Madaniyat vazirligi Ozodbek Nazarbekovning qo`shig`i atrofidagi muhokamalarga munosabat bildirdi

Yaqinda O`zbekiston madaniyat vaziri, xalq artisti Ozodbek Nazarbekov Prezident murojaatiga bag`ishlab “Hayot go`zal” nomli yangi qo`shiq kuyladi. 

Qo`shiqda koronavirusga qarshi kurash hamda ko`rilayotgan choralar va yutuqlar madh etilgan. Jumladan, unda “Bu kun rostga aylandi afsonalar. Tez kunda qad rostlar, ayting, qay yurtda, biznikiday ulkan shifoxonalar?” degan so`zlar bor. 

Ammo ushbu qo`shiq turli muhokamalarga sabab bo`lmoqda. Muhokamalarda qo`shiqni vazirning o`zi emas, boshqa xonandalar ijro etishi kerak edi, degan e`tirozlar ham yo`q emas. Madaniyat vazirligi ushbu gap-so`zlarga munosabat bildirdi:

“... Albatta, madaniyat vakillari o`z ijodiy asarlariga bildiriladigan munosabatlarni kutadi va ulardan tegishli xulosa chiqaradi. Ushbu qo`shiq Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning koronavirus pandemiyasi munosabati bilan xalqimizga yo`llangan murojaatlaridan ruhlangan holda dunyoga keldi. Madaniyat vazirligining maqsadi avvalo, mana shunday o`ta mashaqqatli, sinovli kunlarda xalq dardida qayg`urayotgan yurt rahbariga, vatanimizning fidoyi shifokorlari-yu, huquq tartibot xodimlariga, xayru-saxovat ishlarida faol bo`lgan fuqarolarimizga dalda bo`lish, ularni ruhlantirishdan iborat. Chunki ularga oson bo`layotgani yo`q. Bizga uyda o`tirish og`irlik qilayotgan bir paytda ular uyga borishni orzu qilishyapti. Qolaversa, olijanob xalqimizga yurt otasining murojaatini chuqurroq etkazish, yurtdoshlarimizni birdamlikka, yakdillika, sabru qanoatga chorlash maqsadida ham bu loyihaga qo`l urildi. 

Xalqqa atalgan asarni kim yaratishi muhim emas. Undan chiqariladigan xulosa muhim! Ibrat muhim! Bugun yurtimizda pandemiyaga qarshi qilinayotgan ishlar qamrovini to`laqonli tasavvur qila oladigan har bir kishi shunday xulosaga kelishi va uni xalqqa etkazishga oshiqishi aniq. “Go`zal hayot” qo`shig`i ana shunday xulosa mahsulidir!

Karantin e`lon qilinganiga hali bir oy ham bo`lmadi. Lekin har birimiz ungacha bo`lgan go`zal hayotimizni sog`ina boshladik. Bizni charchatib qo`ygan o`sha tashvishlarni ham, yugur-yugurlarni ham, tinim bilmas turmush ikir-chikirlarini ham sog`ina boshladik hatto. O`sha kunlar albatta, yana qaytadi. Qaytganda ham o`z qadrini o`tkazib qaytadi. “Go`zal hayot”ni to`laqonli his qilishni o`rgangan kunimiz u qaytadi. Biroq har kim aravani o`zi tomonga tortadigan, aql emas, hissiyotlarga erk beradigan bo`lsa, go`zal hayot bizdan uzoqlashib boraveradi. Uning tezroq qaytishi uchun esa bugun qo`lni-qo`lga beraylik! Yurtboshimizga qanot bo`laylik, birlashaylik!” - deyiladi vazirlik munosabatida.

Xabar berishlaricha, Madaniyat vazirligi, “O`zbekkonsert” davlat muassasasi va O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligida “Go`zal hayot” chellenji e`lon qilindi.

Chellenj ishtirokchilari “Go`zal hayot” qo`shig`ini kuylab, ijtimoiy tarmoqlarga #gozalhayot xeshtegi ostida joylashtirishlari lozim. Eng ko`p tomoshabin yig`a olgan ijrochi g`olib deb topiladi va karantin tugagach, qimmatbaho sovg`a bilan taqdirlanadi.

Avvalroq Ozodbek Nazarbekov koronavirus mavzusida “Bizlarni afv et” nomli qo`shiq kuylagandi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1