Soliq kodeksi bilan 2020 yildan boshlab O`zbekiston Respublikasi hududida jismoniy shaxslarga xizmatlarni elektron shaklda taqdim etadigan xorijiy kompaniyalari uchun qo`shilgan qiymat solig`ini (QQS) to`lash joriy etildi.
Mamlakatimizda bunday kompaniyalarni ro`yxatga olish uchun Davlat soliq qo`mitasi tomonidan maxsus xizmat – Internet-kompaniyalarning QQS-ofisi – http://tax.uz yaratildi.
Bugungi kunga qadar QQS-ofis orqali O`zbekistonda 9 ta xorijiy kompaniyalar ixtiyoriy soliq to`lovchi sifatida ro`yxatdan o`tdi.
Ular:
- Google Commerce Limited;
- Google Ireland Limited;
- Google Voice Inc;
- Apple Distribution International Limited;
- Netflix International B.V.;
- Samsung Electronics Co., Ltd.;
- Sleverbridge AG;
- Xsolla (USA), Inc.;
- Activision Blizzard International BV
QQS bo`yicha birinchi to`lov «Google Commerce Limited» kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Kompaniya joriy yilning I-choragi yakunlariga ko`ra davlat byudjetiga 85 ming evro miqdorida mablag` to`ladi.
Ixtiyoriy ro`yxatdan o`tish, chet el korxonalari (kompaniyalar) o`z imidjiga putur etkazmaslik bilan bir qatorda hududida pullik xizmat ko`rsatayotgan davlatning qonunlarini xurmat qilishlarini bildiradi.
Hozirda mamlakatimizda ham elektron tijorat tezkorlik bilan rivojlanayotganligini inobatga olib, bunday ixtiyoriy ro`yxatdan o`tish va soliqlarni to`lash mahalliy tadbirkorlar uchun ham yaxshi namuna bo`ladi.
Davlat soliq qo`mitasiga QQS-ofisi orqali ro`yxatdan o`tish uchun xorijiy kompaniyalardan arizalar kelib tushishi davom etmoqda.






