AsosiyIqtisodiyot

Jahon banki koronavirus bilan kurashish uchun O`zbekistonga 95 million dollarlik moliyaviy yordam beradi

Kecha, 24 aprel kuni Jahon banki koronavirus pandemiyasining (COVID-19) O`zbekiston fuqaro...

'Jahon banki koronavirus bilan kurashish uchun O`zbekistonga 95 million dollarlik moliyaviy yordam beradi'ning rasmi

Kecha, 24 aprel kuni Jahon banki koronavirus pandemiyasining (COVID-19) O`zbekiston fuqarolarining salomatligi va farovonligiga ta`sirini yumshatish bo`yicha favqulodda choralarni qo`llab-quvvatlash uchun $95 mln moliyalashtirish dasturini tasdiqladi. Bu haqda Moliya vazirligi ma`lum qildi.

Loyiha mablag`lari milliy sog`liqni saqlash tizimini yaxshilashga, shuningdek, pandemiya keltirib chiqargan iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan kam ta`minlangan va himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo`llab-quvvatlashga sarflanadi.

«Jahon bankining moliyalashtirishi xalqaro rivojlanish bo`yicha hamkorlar koalisiyasi tomonidan tashkil etilgan aholini pandemiya xavfidan himoya qilishda hukumatga ko`rsatilayotgan yordamning bir qismi sifatida taqdim etiladi», - dedi Jahon bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. «Hukumat, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning boshqa agentliklari, xalqaro moliyaviy institutlar, shu qatorda Jahon banki guruhi, ikki tomonlama yordam agentliklari va nodavlat tashkilotlar, shu jumladan Chegara bilmas shifokorlar (MSF) ushbu og`ir vaziyatda mamlakatni qo`llab-quvvatlashda xayrixohlik bildirishmoqda ».  

Ushbu loyiha doirasida Jahon banki ko`magi bilan koronavirus infeksiyasining oldini olish, uning profilaktikasi va tarqalishini nazorat qilish uchun milliy sog`liqni saqlash tizimini takomillashtirishga $38 mln sarflanadi. Ushbu mablag`lar shaxsiy himoya vositalarini, dori-darmonlarni va hayotiy zarur tibbiy asbob-uskunalarni, shu jumladan o`pkani sun`iy shamollatish qurilmalarini sotib olishda, koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolaydigan shifoxonalarni jihozlash uchun ham ishlatiladi.

Loyiha bo`yicha $57 mln atrofidagi mablag`lar kam ta`minlangan oilalarni qo`llab-quvvatlash va ishsiz fuqarolarga bir martalik to`lovlarni amalga oshirish bo`yicha davlat dasturlarini kengaytirish uchun sarflanadi.

 

 «Men shifokorlarga, hamshiralarga va bugungi kunda O`zbekistonda koronavirusga qarshi kurashning boshida turganlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. O`zlarini xavf ostiga qo`yib, ular boshqalarning hayotini saqlab qolishmoqda. Keling, uyda qolib, shaxsiy gigiyena qoidalariga, ijtimoiy masofalanishga va karantin choralariga rioya qilgan holda, ularga kasbiy burchlarini bajarishda yordam beraylik», - deya ta`kidladi Xideki Mori.

 

 

    Boshqa yangiliklar