1

Bir film tahlili: “Tog`a”dan nimani o`rganamiz?

Shou-biznes 16.06.2015, 15:36
Bir film tahlili: “Tog`a”dan nimani o`rganamiz?

   Ba`zan o`zbek filmlari haqida gap ketganda, “Maishiy mavzulardan ortmay qoldi, shuni ham eplab ishlasa-ku, mayli edi-ya”, degan fikrlarga duch kelamiz. Shubhasiz, o`zbek kinosanoatining aksari maishiy mavzulardan iborat.  Lekin hozirda ayrim kamchiliklardan xoli bo`lmasa-da, aynan mulohazakor tomoshabinlar didiga munosib filmlar ham yaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Xususan bu borada “O`zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan yaratilayotgan ko`plab filmlarni misol keltirish mumkin. Keling, shu o`rinda mazkur kinostudiya tomonidan 2015 yil mahsuli bo`lgan “Tog`a” filmi haqida so`z yuritsak.

MA`LUMOT

Film janri: komidiya, melodrama.

Ssenariysi muallifi va postanovkachi rejissyori: Rashid Malikov.

Rollarda: Bobur Yo`ldoshev, Boris G`ofurov, Zarina Nizomiddinova, Ra`no Shodieva, Nigora Karimboeva, Feruza Sobitova, Ali Choriev va boshqalar...

Fakt: Filmda “Andijon polkasi” va polyak kompozitori Mixail Oginskiyning “Oginskiy polonezi” musiqasidan milliy cholg`u asboblari yordamida foydalanilgan.

“Tog`a etti ota o`rnida”

  Xalqimizda “Tog`a – yarim pir” degan ibratli naql bor. Mazkur naqlni o`zgacha hayotiy qarashlar bilan isbotlashga uringan film ijodkorlari qaysidir ma`noda buni eplay olgan.  Shu o`rinda “Tog`a” filmining qisqacha mazmunini yodingizga solsak.

   Voqealar Sanjar ismli shaxmatchi yirik musobaqa oldidan uyushtirgan matbuot anjumanidan boshlanadi. Unda bir muxbir qiz shaxmatchidan Jumash ismli kishi haqida so`raydi. Jurnalistning savoliga javoban  Sanjar anjumandan so`ng boshidan o`tkazgan voqealarni hikoya qilib beradi. Hikoyadagi voqealar o`tgan asrning saksoninchi yillari oxirida Buxoroda bo`lib o`tadi.

  Sanjar o`shanda to`qqiz yashar bolakay edi. Ota-onasi ajrashib ketgan. U yozgi ta`til paytida Jumash tog`asinikiga mehmonga borib, u erda bir muddat yashaydi. Tog`asi garchi quvnoq, hazilkash odam bo`lsa-da, yuragining bir chekkasi kemtik, farzandi yo`q edi. Shu bois Jumash jiyanini har doim o`zi bilan birga etaklab yuradi. U ba`zan nojoiz ishlarga ham qo`l uradi. Lekin oxir-oqibat o`z xatolarini tushunib etadimi-yo`qmi, filmni tomosha qilish asnosida bilib olish mumkin.

Hayot o`yinlari shaxmatga ko`chadi

   Film voqealarini qisqacha bayon etgan bo`lsak-da, uning mohiyat va mazmuni borasida yana anchagina fikrlarni aytish mumkin. Sanjar tog`asi Jumash bilan yurib, hayotning turli past-balandlariga guvoh bo`ladi. Tog`asining ichki iztiroblarga, qimordagi g`oliblik va mag`lublikka bo`lgan munosabatini kuzatadi. Bir qarashda Jumashning jiyaniga ko`rsatayotgan yo`lini qoralashingiz  mumkin. Misol uchun, jiyani bilan cho`milishga borgan Jumash uni chuqurroqqa suzib borshiga undaydi. Bu bilan tog`aning jiyanini chinakam, jasur yigit bo`lib o`sishga, har jihatdan chiniqishga undaydi.

Epizodda Jumashning quvonchli va g`amgin holatlari hamisha u bilan ergashib yuradigan uch sozanda tomonidan chalinadigan sho`x yoki mahzun musiqalar orqali ifoda etiladi.

Jumash ba`zi garov o`yinlarda g`irromlik bilan qatnashib, hech narsaga erisholmaganini jiyani Sanjarga saboq sifatida ko`rsatgandek bo`ladi. Voqealar yakuniga yaqin Jumash “Endi shaxmat o`ynayman, unda g`irromlik qilib bo`lmas ekan”, deb  aytadi va bu bilan jiyanining hayotdagi ilk ustozi bo`lib qoladi.

 “Tog`a”ning ham xatolari bor

   Mazkur filmning yutuqlari uning ba`zi kamchiliklariga ko`z yumush kerak degani emas. Axir bugunga qadar ishlanayotgan filmlarimizning kamchiliklardan xoli bo`lib borishiga aynan tanqidlar sabab emasmi? Filmda Sanjar jurnalist qizning tog`asi haqidagi savoli yuzasidan mushohada yuritib, “Bu qiz Jumash haqida qaerdan bildi ekan?” deydi. Shu o`rinda hurmat yuzasidan “Jumash tog`am” deb ishlatishi mumkin ediku!

“Tog`a” filmining keyingi voqealari saksoninchi yillar manzaralarini aks ettiradi. Mehmonga kelayotgan to`qqiz yoshli yigitcha va onasini kutib olgan tog`asi ularni o`z uyiga olib ketadi. Uyda esa tog`asining shim kiygan xotini kutib oladi. Ammo 80-yillarda o`zbek qishloqlarida shim kiyib yurgan kelin bo`lganmikan? Nahotki, zamonlar tafovutini shu o`rinda anglash qiyin bo`lgan?! Hozir ham qishloqlardagi xonadonlarda ayollar kamdan-kam holatlarda shim kiyishadi.

Jumashning o`zi bilan don olishib yurgan savdogar ayolning uyiga jiyani bilan borishi, jiyani uning nojo`ya ishlaridan xabardor bo`lishi  ham tomoshabinga xiyla erish tuyuladi. Mana shu kabi juz`y kamchiliklar  filmning tomoshabin oldidagi darajasini biroz tushirgandek chamamda.

 Nima bo`lganda ham film tomoshabinlar hukmiga havola etildi, demak, uning darajasiga hukmni ham tomoshabinlar beraveradi.

Abdulaziz RUSTAMOV

   

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1