“Har kim fikrlash, so`z va e`tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o`zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo`lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”.
O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 29-modda.
Bundan kelib chiqadiki, Konstitusiya maxfiy ma`lumotlarni himoya qiladi va ular faqat maxfiylikdan chiqarish jarayoni o`tganidan keyingina tarqatilishi mumkin. Hujjatlarni mahfiylikdan chiqarish, agar ularda davlat sirini tashkil etuvchi ma`lumotlar bo`lmasa, ularga qo`yilgan “maxfiy” tamg`asini olib tashlash va ulardan foydalanishga qo`yilgan cheklovlarni bekor qilishni anglatadi.
Arxiv ma`lumotlarini oshkor qilish muammolari eng murakkab va munozarali masalalardan biri hisoblanadi, chunki ular me`yoriy va uslubiy bazaning mavjudligini nazarda tutadi, shuningdek, arxiv sohasi xodimlaridan tashabbuskorlik, kasbiy mahorat va intellektual qobiliyatlarni namoyish etishni talab qiladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 sentyabrdagi PF-5834-son Farmoniga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan tarixiy davr (1917 yilgacha) arxiv hujjatlarini o`rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish bo`yicha choralarini ko`rish belgilab berilgan. Shuning asnosida Ikkinchi jahon urushi davriga oid bo`lgan arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish tashabbusi kiritildi.
O`zbekiston Milliy arxivi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G`alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash yuzasidan bugungi kungacha maxfiylik rejimida saqlangan 1941-1945 yillarga oid arxiv hujjatlarini o`rnatilgan tartibda maxfiylikdan chiqarish ishlari olib borildi. Jumladan, 264 saqlov birligidagi arxiv hujjatlari (600 varaq), 2 dan ortiq arxiv fondlari maxfiylikdan chiqarildi.
Mazkur hujjatlarda asosan 1941-1945 yillarda urush maydonlaridagi aholini evakuasiya qilish jarayoni, ishlab chiqarish korxonalari, harbiy, ilmiy, madaniy muassasalar, bolalar uylari, gospitallar va boshqa toifa tashkilotlarni respublikamizga ko`chirib keltirilishi, xalqimizning urush davridagi front orti mehnatlari va xalqimiz tomonidan frontga jo`natilgan qurol-aslahalar, oziq-ovqatlar, to`qimachilik mahsulotlari va boshqa ko`plab shu kabi O`zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi g`alabaga qo`shgan hissasi aks etgan materiallar mavjud.
Amaliyot shuni ko`rsatadiki, arxivlarda hujjatlarining o`rtacha 30-35 foizi “maxfiy” deb tushuniladi, ammo tamg`a hujjat mazmuniga emas, balki o`sha davrdagi partiya ish yuritish qoidalariga binoan joylashtirilgan. Shaxsiy ma`lumotlarni o`z ichiga olgan hujjatlarni ishlatishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga keladi.
Arxiv xodimlari bir necha marotaba ommaviy axborot vositalarida arxivlar tomonidan hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish bo`yicha olib borilgan ishlar to`g`risida xabar berishgan. Tadqiqotchilar, tarixchilar, o`lkashunoslar, o`qituvchilar, talabalar, shuningdek manfaatdor muassasalar va tashkilotlar orasida “maxfiy” tamg`asi bosilgan hujjatlarga qiziqishi nihoyatda katta. Shunday ekan, maxfiylikdan hujjatlarni chiqarilishi tadqiqotchilar sonining ko`payishiga yordam beradi. O`zbekiston, O`rta Osiyo tarixiga qiziqish ortadi.
Ikkinchi jahon urushiga oid maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlardan esa, hozirgi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizning Olmazor tumanida yangi bunyod etilayotgan “G`alaba bog`i” hududidagi “Shon-sharaf” muzeyi eksponatlarining yaratilishida keng foydalanilmoqda. G`alaba bog`i ochilganida xalqimiz bu hujjatlar bilan yaqinroq tanishish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Bundan tashqari, tadqiqotchilar, talabalar va boshqa qiziquvchilar uchun karantin yakunlanganidan so`ng, davlat arxivi o`quv zalida mazkur hujjatlar bilan tanishish uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.
“O`zarxiv” agentligi maxfiylikdan chiqarilgan ba`zi hujjatlarni ilk marotaba rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali keng ommaga taqdim etishni rejalashtirgan.
Xulosa o`rnida shuni aytish kerakki, ilgari tadqiqotchilar foydalana olmaydigan ulkan arxiv majmualariga kirishning ochilishi tarixiy manbalarni ilmiy asoslashga imkon yaratdi va zarurat tug`dirdi, ularsiz XX asrning ichki tarixini tushunish mumkin emas.