1

Alisher Usmonov Sardobadagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 15 mln dollar ajratdi

Iqtisodiyot 07.05.2020, 23:24
Alisher Usmonov Sardobadagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 15 mln dollar ajratdi

Asli o`zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi suv ombori to`g`oni buzilishi va suv toshqini yuzaga kelishidan jabr ko`rgan aholiga ko`mak berish uchun 15 million dollar miqdorida xayriya mablag`i ajratdi. Bu hada manbalar asosida Kun.uz ma`lum qildi.

IntelliNews nashri xabar berishicha, bu mablag`ning 10 million dollarlik qismi O`zbekiston uchun, 5 million dollari esa Qozog`iston uchun taqdim etilgan. Kun.uz manbasi bu ma`lumotni tasdiqlagan.

Tengrinews.kz nashri xabariga ko`ra, suv toshqinidan jabr ko`rgan Turkiston viloyati hokimligi 5 million 202 ming dollar ajratilganini tasdiqlagan. 

«Bu mablag`lar jabrlangan 5202 oila boshliqlariga o`tkazib beriladi», degan hokimiyatdagi manba.

1 may kuni Sirdaryoning Sardoba tumanida ro`y bergan suv toshqini oqibatida atrofdagi hududlardan, jumladan Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridan ham jami 90 mingga yaqin kishi evakuasiya qilindi.

Suv Qozog`iston janubiga kirib borishi tufayli Turkiston viloyati Maqtaraal tumanida 10ta qishloqni suv bosdi va xavfli hududlardan 30 mingdan ortiq kishi ko`chirildi.

Qayd etish kerakki, Alisher Usmonov so`nggi oylarda koronavirus pandemiyasi tufayli O`zbekiston aholisi uchun ikki marta xayriya mablag`i ajratgandi. Mart va aprel oylarida u jami 25 million dollar miqdoridagi mablag`ni koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasidagi O`zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik jamg`armasiga o`tkazib bergandi.

Financial Times nashri ma`lumotiga ko`ra, u 2019 yilda ham bir necha yuz million dollar miqdoridagi mablag`ni O`zbekistondagi ijtimoiy va madaniy loyihalarga yo`naltirgan.

Forbes jurnalining 2020 yilgi ma`lumotiga ko`ra, Alisher Usmonovning boyligi 13,4 milliard dollarni tashkil etadi. U Rossiyada eng badavlat tadbirkorlar reytingida ettinchi o`rinda joylashgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1