1

"Ushbu ajoyib filmni men juda katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildim" - Shavkat Mirziyoev "Ilhaq"ni e`tirof etdi

Madaniyat 09.05.2020, 17:27
"Ushbu ajoyib filmni men juda katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildim" - Shavkat Mirziyoev "Ilhaq"ni e`tirof etdi

Bugun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev G`alabaning 75 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga bag`ishlangan tantanali marosimda nutq so`zladi. 

Davlat rahbari o`z nutqi avvalida urush va mehnat faxriylarini muborakbod etdi. Toshkent shahrida barpo etilgan  G`alaba bog`ini e`tirof etdi.

"Buyuk G`alabaning 75 yilligi sharafiga bunyod etilgan bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo`lib, ham me`moriy jihatdan, ham tarixiy-ma`naviy jihatdan g`oyat noyob va mahobatli obida bo`lib qad rostladi.

Mana shu ulkan maydonda qisqa muddatda juda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida G`alaba bog`i, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag`ishlangan keng ko`lamli tarixiy-badiiy ekspozisiyalar yaratildi.

Agar vaqt imkon berganda edi, ularning har biri haqida soatlab gapirish mumkin bo`lardi...", dedi Prezident.

Shavkat Mirziyov "O`zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan "Ilhaq" filmi haqida ham iliq gaplarni gapirdi.

"Men o`tgan yili 9 may bayramida Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog`ida yashab o`tgan Zulfiya Zokirovaning har qanday odamni ham hayratga soladigan insoniy jasorati haqida so`z yuritgan edim.

Turmush o`rtog`i Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya yolg`iz o`zi besh o`g`il, bir qizni tarbiyalab voyaga etkazgan. Ikkinchi jahon urushida Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon degan beshta azamat o`g`lidan judo bo`lgan.

Urush tufayli Zulfiya Zokirovaning to`rt kelini beva, besh nabirasi etim bo`lib qoldi. Onaizor umrining oxiriga qadar suv kelsa – simirib, tosh kelsa – kemirib, qahramon o`g`illarining aziz xotirasi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, yurtning tashvish va quvonchlari bilan yashadi.

Zulfiya ayaning mehr-oqibatli kelinlari ham undan o`rnak olib, unga madad bo`lib, barchasi o`z yoriga, oilasiga sodiq qoldi – boshqa turmush qurmadi.

Shu mavzuda ijodkorlarimiz ko`plab maqolalar, she`r va dostonlar yaratmoqdalar.

Bu haqda gapirganda, men “O`zbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi to`g`risida alohida to`xtalmoqchiman. Iste`dodli yosh rejissyor Jahongir Ahmedov suratga olgan ushbu ajoyib filmni men kecha juda katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildim. Xalqimiz hayotining eng og`ir, eng fojiali davriga bag`ishlangan bu asar tom ma`noda qahramonlik qasidasi bo`lib, har qanday odamning ham qalbini larzaga soladi.

Dahshatli urush tufayli besh nafar bahodir o`g`lidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaq, ya`ni intizor bo`lib kutgan Zulfiya Zokirova siymosida o`zbek onalari, o`zbek ayollariga mansub eng buyuk fazilatlar nihoyatda teran ifoda topgan. Biz bu badiiy go`zal asarni bugungi ulug` bayram kunida barcha telekanallarimiz orqali keng namoyish etishga qaror qildik.

Fursatdan foydalanib, men butun xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni mana shu filmni oila davrasida ko`rishga, uning qahramonlaridan o`rnak olishga da`vat etaman", dedi Prezident.

Eslatib o`tamiz, "Ilhaq" badiiy filmining katta premerasi bugun, 9 may kuni televidenie orqali bo`lib o`tadi.  Kartinani bir vaqtning o`zida, ya`ni soat 19:40da “MU5”, “Sevimli”, “ZOʻR TV”, telekanallari va 10 ta nodavlat hududiy telestasiyalarini birlashtirgan “Uzbekiston-online.uz” teletarmog`ida tomosha qilishingiz mumkin.

Ayni paytda (soat 17:00 da boshlangan) ushbu film “Oʻzbekiston 24” telekanalida ilk bor namoyish etilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1