Joriy yilning 3 aprel kuni Prezidentimiz “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub`ektlarini qo`llab-quvvatlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonni imzoladi. Unda bir qator oziq-ovqat mahsulotlariga 2020 yil 31 dekabrga qadar O`zbekistonga olib kirishda bojxona boji va aksiz solig`ining nol stavkalari belgilangan.
Bu farmonda imtiyozlar berilgan oziq-ovqatlar ro`yxatida shakar borligi kishini taajjublantiradi. Chunki, O`zbekistonda ikkita shakar ishlab chiqarish korxonasi – “Angren shakar” va “Xorazm shakar” MChJlar ishlab turibdi. Yoki bu korxonalar mamlakatimizda shakarga bo`lgan talabni to`liq ta`minlab berish quvvatiga ega emasmi? O`zA muxbirining savollariga “Angren shakar” MChJning Bosh direktori Rustam Akbarxodjaev quyidagicha javob qaytardi:
– O`zbekistondagi mavjud “Xorazm shakar” va “Angren shakar” MChJ bugungi kunda yurtimizdagi iste`molchilarning ehtiyojiga etarli bo`lgan shakar ishlab chiqarish quvvatiga ega va buni uddalamoqda. Hozirda birja savdosiga mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz tomonidan 5360 so`mdan sotuvga ko`yilgan. Oldindan buyurtma uchun esa 5220 so`m narx belgilangan. E`tiborga loyiq tomoni shuki, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz stabil holatda faoliyat yuritgan taqdirda ham, kuniga 2000 tonnadan ortiq shakarni birja savdosiga kuyish imkoniyati mavjud. Vaholangki, O`zbekiston aholisining shakarga bo`lgan ehtiyoji yiliga 700 ming tonnani tashkil etadi.
– Mahalliy ishlab chiqaruvchilar xom ashyoni o`zimizdan olishadimi yoki chetdan olib kelishadimi?
– Shakar xom ashyosini tayyorlash bo`yicha dunyodagi eng ilg`or davlatlardan ya`ni Lotin Amerikasidan olib kelinadi. Butun dunyoda xalqaro standartlarga to`liq javob beradigan xom ashyo ishlab chiqaruvchilar bilan shartnoma tuzganmiz.
– Karatin davridagi vaqtinchalik imtiyozlar berilgan ro`yxatda tayyor shakar ham kiritilgan ekan. Bu o`zimizdagi mavjud ikkita korxona faoliyatiga ta`sir qilmaydimi?
– Bizni taajjublantirgan tarafi ham shunda. Nega endi O`zbekistonda shakar tanqisligi sezilmasligi uchun faqat tayyor mahsulotga imtiyozlar berilishi kerak-da, xom ashyo uchun imtiyoz berilish mumkin emas. Bu erda qandaydir anglashilmovchilik ro`y bergan. O`ylaymizki, bu anglashilmovchiliklar bartaraf etilib shakar xom ashyosiga ham yil oxirigacha bo`lgan muddatga imtiyozlar beriladi. Shundagina sog`lom raqobat yuzaga keladi, shundagina tarozining pallasi adolatli tarzda bo`ladi.
– Aks xoldachi?
– Aks holda, bizning oldimizda juda katta xavf paydo bo`ladi. O`zbekistonda ikkita shakar ishlab chiqarish korxonasi – “Angren shakar” va “Xorazm shakar” MChJlar bankrot bo`ladi. Bu erda ishlayotgan 2000 nafar xodim esa ishsiz qolib chet ellarda migrant bo`lish ehtimoli mavjud. Aniqrog`i, qo`shni davlatlarni yana jami 2000 nafar tayyor mutaxassislar bilan ta`minlaymiz. Balki Ukraina, Qozog`iston yoki Rossiyadagi shakar zavodlaridan ish topishar. Bunday deyishimizga asos shuki, shakar zavodlarimiz faoliyati to`xtagandan keyin bari bir qo`shni davlatlardan shakar import qilishga majbur bo`lamiz. Shundoq ham Evropa bilan savdo aloqalari uzilgan Rossiya ishlab chiqargan shakarlarni qayga o`tkazishni bilmay turibdi. Oradan ikki, uch yil o`tadi. Ikkita zavodlarimizdagi asbob-uskunalar ishlamasdan korroziyaga uchrab, talon-taroj bo`lib yo`qolgandan keyingina oziq-ovqat siyosatidagi o`yinlar o`z bo`y-bastini ko`rsata boshlaydi. O`zbekistonga importni qo`lga kiritganlar muqobili yo`q oziq-ovqat hisoblanadigan shakarga narxni o`zi xohlagandek qo`ya boshlaydi. O`zbekistonga shakar kiritishni mavsum oldi ma`lum bir muddatga to`xtatib qo`ysa bass, shuning o`zi kifoya. Vahimaga o`rgangan xalqning o`zi narxni osmoni-falakka ko`tarib qo`ya qoladi. Kimlardir kutganidek, mustaqillik boshlaridagi shakar muammosining ssenariysi yana takrorlanadi.
– Aytmoqchisizki, agar shakar importiga imtiyoz berilib shakar xom ashyosi bunday imtiyozdan mosuvo bo`lsa, bankrot zavodlar soni yana ikkitaga ortishi mumkin. Bu shunchalik tez ro`y beradigan hodisami?
– Albatta, chunki, importyorlar imtiyoz berilgan qisqa muddatda O`zbekiston hududida tasavvur qilib bo`lmas miqdorda tayyor shakarni olib kirib bo`lishadi.
– Natijada esa...?
– Natijada, o`zimizdagi mavjud ikkita zavod bankrot bo`lgandan keyin bir yilda ulardan davlatga tushayotgan jami 160 milliard so`m soliq yo`qoladi.
Oziq-ovqat siyosatidagi muvozanat buzilib shakar narxi keskin ko`tarilib ketishiga olib keladi.
Shakar ishlatiladigan barcha oziq-ovqatlarning narxi ham ko`tariladi.
Taxminan 3-4 yildan keyin yurtimizga Pokiston va Afg`oniston kabi davlatlarning eng sifatsiz shakarlari kirib kela boshlaydi.
3 aprel kuni Prezidentimiz raisligida o`tkazilgan koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishida aynan yurtimizdagi korxonalarni qo`llab-quvvatlashini ta`kidlagan edi.
“Bitta korxona faoliyati to`xtatishiga ham “favqulodda holat” deb qaralishi kerak. Chunki bu korxonalar qanchadan-qancha ish o`rinlari va oilalar daromadini ta`minlamoqda” – degan edi, Prezidentimiz.
Vaholangki, ishsiz qolish xavfi ostida turgan 2000 ming nafar yurtdoshlarimizning oilasida o`rtacha 5 nafardan qora ko`zlar kun ko`rayotganini hisobga olsak, kamida o`n ming nafar vatandoshimizning taqdiri “yashash uchun kurash” o`yinlariga tikilgan. Demak, bu erda oddiy qilib aytib o`tilgan gapda bir-ikki nafar emas, 10 ming nafar insonning kelajagi haqida so`z yuritildi.
Shunday ekan, umid qilamizki, ushbu sohaga mas`ul bo`lgan mutasaddilar e`tibor qaratadi va 2000 nafar xodimni ish bilan ta`minlab kelayotgan shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz anglashilmovchiliklar qurboni bo`lmaydi.
3 033