Joriy yilning 24 may, yakshanba kuni Toshkent shahridagi "Ipoteka bank" Bosh ofisida ishlovchi xodimda koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi haqida xabar bergan edik. Xabarga mazkur bank rasmiy izoh berdi:
"Karantin davri boshlangandan beri, bankning Bosh ofisida jami xodimlarning 30 foiziga yaqini ishxonada ishlashiga ruxsat etilgan hamda xodimlarning aksariyat qismi masofadan ishlashga o`tkazilgan va qolganlariga mehnat ta`tili berilgan.
Bugungi kunda infeksiya aniqlangan xodim shifokorlar nazoratiga olingan hamda u bilan yaqin aloqada bo`lgan 25 nafar xodimlar esa karantinga olingan. Hozirda bankning Bosh ofisida ish faoliyatini davom ettirayotgan barcha xodimlar COVID-19 ga test topshirmoqdalar.
Ushbu holat bankimizning asosiy faoliyatiga o`z salbiy ta`sirini ko`rsatmaydi hamda barcha filiallarda bank xizmatlari ko`rsatilishi davom etadi. Shuningdek, bankimizda ish faoliyati karantin talablariga qat`iy rioya qilingan holda davom ettirilmoqda:
• bank binosi xonalari har kuni ikki marta dizinfeksiya qilinadi;
• bank binosiga kirishda barcha xodimlar harorati o`lchanadi;
• har bir xonalarda antiseptik vositalar mavjud;
• xodimlar tibbiy niqoblar bilan har kuni ta`minlanadi;
• barcha xodimlar sanitariya qoidalariga amal qilgan holda, tibbiy niqobda ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat olib bormoqdalar.