1

"Har bir loyiha aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan ta`minlanadi, degan savollarga javob topish shart– Shavkat Mirziyoev.

Siyosat 27.05.2020, 00:07
"Har bir loyiha aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan ta`minlanadi, degan savollarga javob topish shart– Shavkat Mirziyoev.

26 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida investisiya masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. 

Tadbirda Investisiya dasturining joriy yil dastlabki to`rt oyidagi ijrosi tahlil qilindi. 

2020 yilgi Investisiya dasturiga 3 mingdan ortiq loyiha kiritilgan bo`lib, ularni amalga oshirish uchun 235 trillion so`mlik investisiyalar, jumladan, 7 milliard dollar to`g`ridan-to`g`ri xorijiy sarmoyalar o`zlashtirilishi belgilangan.

Qariyb bir oydan keyin birinchi yarim yillik tugaydi. Bugungi murakkab davrda investisiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarning dastlabki natijalari yuzaga chiqadi.

Shu bois davlat rahbari tez vaqtlarda natija beradigan, ayniqsa, yangi ish o`rinlari yaratadigan va iqtisodiy o`sishni ta`minlaydigan loyihalar bo`yicha ishlash kerakligini ta`kidladi.

– Har bir loyihani amalga oshirishdan oldin ushbu ob`ekt hudud rivojiga hamohangmi, bundan aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan ta`minlanadi, degan savollarga javob topish shart, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Yig`ilishda har bir tarmoq va hudud rahbari byudjetdan moliyalashtiriladigan investisiya loyihalarini yana bir bor ko`rib chiqib, xarajatlarini optimallashtirishi zarurligi ta`kidlandi.

Bosh vazir o`rinbosarlariga kelgusi yil uchun Investisiya dasturiga birinchi navbatda yangi ish o`rinlari yaratadigan va kambag`allikni kamaytirishga yordam beradigan loyihalarni kiritish mezonlarini joriy etish topshirildi. 

Ob`ekt qiymati, loyihalarning sifati va ularning kelgusidagi natijadorligi ko`p jihatdan loyiha hujjatlariga bog`liq. Ularning aksariyati xalqaro talablarga javob bermaydi, xorijdan jalb qilingan kompaniya va mutaxassislar bu loyihalar asosida ishlay olmaydi.

Shu bois jahon standartlarini tezroq adaptasiya qilish shartligi ta`kidlandi. Kelgusi yildan boshlab byudjet mablag`lari hisobidan yirik ob`ektlarni loyihalashdan tortib, ularni foydalanishga topshirishgacha bo`lgan barcha jarayonlar xalqaro me`yorlar asosida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, loyihalashga mablag` ajratish bo`yicha qo`yilgan cheklovlar bekor qilinadi.

Qurilish vazirligiga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, ekspertizadan o`tkazish bo`yicha xalqaro standartlarni joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bunda loyiha tashkilotlarining mualliflik va buyurtmachilarning texnik nazorat bo`yicha mas`uliyati va javobgarligi ham aniq belgilanadi.

Yig`ilishda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalar ishtirokidagi loyihalar ham atroflicha tahlil qilindi. Bugungacha faqat xorijlik investorlar uchun ko`zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi. Misol uchun, xususiy investor o`z hisobidan 25 million dollardan ortiq qiymatdagi loyiha boshlasa, tashqi muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari byudjet hisobidan qurib beriladi.

Shuningdek, chet elda yashayotgan vatandoshlarimizni mamlakatimizga investisiya kiritishga rag`batlantirish va ular bilan doimiy ishlash bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Investisiya dasturi doirasida joriy yilda 206 ta yirik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ulardan 39 tasida muddatdan kechikish xavfi bor. Bu loyihalarning asosiy qismi energetika, to`qimachilik, elektr texnikasi, transport tarmoqlari hamda Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg`ona viloyatlariga to`g`ri keladi.

Prezidentimiz bu loyihalar natijasida minglab ish o`rinlari yaratilishi, import o`rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishi zarurligini ta`kidlab, mutasaddilarga tegishli ko`rsatmalar berdi.

Yig`ilishda, shuningdek, aholi daromadini oshirishga xizmat qiladigan kichik loyihalarga investisiyalarni ko`paytirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1