“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig`iga asosan “Ishchi guruh” tomonidan “Taxiatosh neft bazasi” MChJga qarashli Ellikqal`a filialining 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” FYoTShlarida o`rganish olib borildi hamda neft mahsulotlarining kamomadi aniqlandi. Bu haqda jamiyatning Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Olib borilgan ichki tekshiruv natijasida, Filialning 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” FYoTShlaridagi neft mahsulotlarining 2020 yil 1 may holatiga haqiqiy qoldig`i yuzasidan o`tkazilgan inventarizasiya natijasida aniqlangan jami 112 448,1 ming so`mlik 15719 litr neft mahsulotlari kamomadi mavjudligi aniqlandi.
Ushbu aniqlangan kamomad bo`yicha materiallar filial buxgalteriya bosh hisobchisi tomonidan tegishli buxgalteriya o`tkazmasi (47.30-hisobdorlar bilan hisob kitoblar scheti) berilib, 51 va 25-sonli FYoTShlar moddiy javobgar shaxslari filialdan jami 112 mln. 460 ming 966 so`mga qarzdor qilib qo`yilgan.
O`rganish jarayonida filialga qarashli 51-sonli “Chayka” va 25-sonli “Qirqqiz” nomli FYoTShlarda saqlanayotgan neft mahsulotlarini miqdor jihatidan to`liq saqlanishini inventarizasiyadan o`tkazildi va natijada 51-sonli “Chayka” nomli FYoTShda SAE-140 moyidan 485,0 ming so`mlik 117 litr kamomad aniqlandi.
2020 yil 15 may holatidagi neft mahsulotlari qoldig`ini inventarizasiyadan o`tkazish vaqtida, 51-sonli FYoTShda dizel yonilg`isining haqiqiy qoldig`i 6177 litrni tashkil qilgan bo`lib, buxgalteriya hisobi qoldig`iga nisbatan 10862 litr kamomad mavjudligi va 25-sonli FYoTShda dizel yonilg`isining haqiqiy qoldig`i 3212 litrni tashkil qilgan bo`lib, buxgalteriya hisobi qoldig`iga nisbatan 4299 litr kamomad mavjudligi ma`lum bo`ldi.
Ushbu kamomadni kelib chiqish sababi FYoTShning katta operatori A.Ibragimovdan so`ralganda, u o`z tushuntirish xatida fermer xo`jaliklariga dizel yonilg`isini tegishli hujjatlarni umuman rasmiylashtirmasdan, neft mahsulotlarini iste`molchilarga tarqatish vedomostiga dizel yonilg`isini olganligini tasdiqlovchi imzosini qo`ydirmasdan berib yuborganligi aniqlandi.
O`rganish yakuni bo`yicha ma`lum bo`lgan neft mahsulotlarining kamomadi yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar qonunda belgilangan tartibda ko`rib chiqish uchun Prokuratura organlariga taqdim etildi.