O`zbekiston-Qirg`iziston chegarasining «Chashma» uchastkasida sodir bo`lgan hodisa bo`yicha Tashqi ishlar vazirligi voqea tafsilotlarini ma`lum qildi.
2020 yil 31 may kuni O`zbekiston-Qirg`iziston davlat chegarasi «Chashma» uchastkasida O`zbekiston va Qirg`izistonning chegaradosh hududlari aholisi o`rtasida mahalliy darajadagi hodisa yuz berdi.
Voqea sabablarini ikki tomon rasmiy shaxslari o`rganishi shuni ko`rsatdiki, «Chashma» bulog`ining ariqlarini birgalikda tozalash paytida yuzaga kelgan bahslashuv natijasida ikki mamlakatning ayrim fuqarolari o`rtasida mojaro kelib chiqqan.
Hodisa natijasida ikki tomondan ham jabrlanganlar bor. Ularga zarur tibbiy yordam ko`rsatildi. Ikki mamlakatning chegaradosh viloyatlari rahbarlarining muzokaralari natijasida vaziyat to`liq nazoratga olindi. Tomonlar bundan keyin oldindan kelishuvsiz tozalash ishlarini olib bormaslikka kelishib oldilar.
Ta`kidlash joizki, «Chashma» bulog`i O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi aholisini ichimlik va sug`orish suvi bilan ta`minlaydi. O`zaro manfaatlarni inobatga olgan holda «Chashma» bulog`idan birgalikda foydalanish to`g`risida kelishuv mavjud.
2020 yil 1 iyun kuni soat 09.00 da O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovning Qirg`iziston Respublikasi hukumati rahbari v.b. K.Boronov bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikka oid keng ko`lamli masalalar muhokama qilindi. Transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va chegarada yuzaga keladigan muammolarni do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik ruhida, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi o`rtasida 2017 yil 6 oktyabrda imzolangan Chegara hududida ishonch choralari bo`yicha Bitim qoidalariga muvofiq hal qilish to`g`risida kelishuvga erishildi.
Hukumat rahbarlari yaqin vaqt ichida Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya yig`ilishi va O`zbekiston Respublikasining chegaradosh viloyatlari hokimlari va Qirg`iziston hukumatining chegaraoldi hududlaridagi vakolatli vakillari Kengashini o`tkazishga kelishib oldilar.
Ikki mamlakat delegasiyalari rahbarlari birgalikda mahalliy aholi bilan ham uchrashuv o`tkazdi.