Bugun, 3 iyun kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev raisligida kambag`allikni qisqartirish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Ta`kidlanishicha, kambag`allikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarni qo`llab-quvvatlash uchun ro`yxatlar shakllantirilgan. Ularga muvofiq, bugungi kunga qadar shunday oilalarning 540 mingtasiga 307 milliard so`mlik ko`mak berildi.
Davlatimiz rahbari asosiy maqsad kambag`al oilaning hech bo`lmaganda bitta a`zosini ish bilan ta`minlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shug`ullanish zarurligini ta`kidladi.
Yig`ilishda belgilanganidek, tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar ro`yxatini shakllantirib, ularni kambag`allikdan xalos etish rejasini ishlab chiqadi. Viloyat hokimining iqtisodiyot va mahalla masalalari bo`yicha o`rinbosarlari sektorlar hamda tijorat banklari ishini muvofiqlashtirib, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga mas`ul bo`ladi. Bosh vazir o`rinbosari rahbarligida Respublika shtabi ularning hisobotini eshitib, muammolarini hal qilishga vazirlik va idoralar, tijorat banklarini jalb qiladi.
Ushbu tizim Yagona ijtimoiy reestr uchun ham katta zamin bo`ladi. Mutasaddilarga yil oxirigacha mazkur reestrni vazirlik - viloyat - tuman - mahalla kesimida to`liq joriy etish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste`mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.






