13 iyun kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva aholi bandligini ta`minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag`allikni qisqatirish masalalari bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qashqadaryo viloyatiga bordi. Tashrif tafilotlari haqida Senat.uz xabar berdi.
Tashrif Qarshi tumanidagi “Qovchin” MFY hududida joylashgan “Abu Mu`yin An-Nasafiy” ziyoratgohidan boshlandi.
Abul Mo``iyn an-Nasafiy Abu Mansur Moturidiy (870-945) ta`limoti va hanafiya mazhabining batafsil sharhlari keng yoyilishiga katta hissa qo`shgan. Uning islom dini sofligini saqlash yo`lidagi xizmatlari diqqatga sazovor.
Mazkur majmua Prezidentimiz tashabbusi va topshirig`iga asosan bunyod etilib, alloma maqbarasi tubdan ta`mirlandi, majmua negizida 500 o`rinli masjid, kutubxona, muzey, ma`muriy bino, tahoratxona, choyxona qurib bitkazildi. Uning atrofidagi 70 gektar maydonda obodonlashtirish ishlari olib borilib, turizmni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ushbu sohada sayyohlarni qadimiy hunarmandchilik an`analari va milliy hunarmandchilik mahsulotlariga jalb etish maqsadida shu erning o`zida mazkur yo`nalishdagi klaster tashkil qilinmoqda.
Senat Raisi T.Narbaeva shu erning o`zida hunarmand ayollar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar bilan tanishib, hunarmand xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash, ularning muammo va kamchiliklarini bartaraf etish masalasiga e`tibor qaratdi.
Bu erda qadimiy bosma kashtachilik rivojlangan, uyda o`tirgan ayollarning ishlarini keng ommaga ko`rsatish uchun bandlik bo`limi bilan birgalikda klaster tuzib ishlamoqchimiz, dedi tadbirkor hunarmand Yulduz Mamadiyorova. – Bu erda kamida 70 ga yaqin odam ishli bo`ladi. Hozir 30 kishi ishlayapti. Ular 3 turdagi gilam, ikki xil kashta tikiladi.

Shundan so`ng Senat Raisi tumandagi Alisher Navoiy mahallasi hududida eksperiment tarzida tashkil etilgan “Atirgul” issiqxonasida umumiy qiymati 1,7 mln. AQSh dollari bo`lgan loyiha bilan tanishdi.
Unga ko`ra 1,3 gektar erda 5 turdagi Gollandiya atirguli etishtirilmoqda. Issiqxona egasi tadbirkor Q.Toshevning hozirgi pandemiya sharoitida jasorat namunasini ko`rsatayotgan besh mingdan ortiq tibbiyot xodimlariga bu yil etishtirilgan atir gullardan sovg`a qilganligi uchrashuvda alohida e`tirof etildi.
Keyingi manzil – viloyatda tashkil etilayotgan kichik sanoat zonalari. Senat Raisi T.Narbaeva ularning faoliyati bilan tanishib, bu yo`nalishda ro`yobga chiqarilayotgan ishlar bilan qiziqdi. Ta`kidlash joizki, bugungi kunda viloyat bo`yicha kichik sanoat zonalarida jami 40 ta loyiha amalga oshirilib, 419 ta yangi ish o`rni yaratildi. Jumladan, Qarshi tumanidagi kichik sanoat zonasida 4 ta loyiha bajarilishi natijasida 72 ta yangi ish o`rni yaratilishiga erishildi.
Shuningdek “Yulduz Chevar” MChJ tomonidan tikuvchilik loyihasi loyixasi ro`yobga chiqarildi.
Yana bir jihat, “Constructing The Mantle Service” MChJ tomonidan umumiy qiymati 350 ming AQSh dollari bo`lgan Quduqlar va neft gaz sohasidagi burg`ulash uskunalarini yig`ish sexini tashkil etish loyixasi amalga oshirilishi natijasida 30 ta yangi ish o`rni yaratiladi.
Kichik sanoat zonasida yana “Sapfir standart” MChJ tomonidan tozalash va yuvish vositalari, tish yuvish pastasi ishlab chiqarish, “Turdi muazzam servis” tomonidan isitish pechlari ishlab chiqarish bo`yicha yangi loyixalar amalga oshirilmoqda..
T.Narbaeva tumandagi “Xonobod” MFY hududida joylashgan “Qashqadaryo parnik taraqqiyot invest” MChJga qarashli gidroponika usulidagi issiqxonaga tashrif buyurdi.
Mazkur issiqxonada 10 gektar maydonga gidroponika uskunalari o`rnatilgan. Hozirda issiqxona uskunalari 100 foiz olib kelingan va 4 gektar er maydonida qurilish ishlari tugallangan. Qolgan 6 ga er maydonida 90 foiz ishlar yakuniga etkazilib, joriy yilning sentyabr oyida to`liq ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.






