Bu yilgi murakkab va qiyin vaziyat, ayniqsa sirdaryoliklar uchun sinovli kunlar bo`lishiga qaramasdan Mirza vohasi dehqonlari g`alla tayyorlash rejasini muvaffaqiyatli bajardilar. Bu haqda viloyat matubot xizmati xabar berdi.
Belgilangan marra hamjihatlik bilan aniq tartibli ish tizimi yo`lga qo`yilgani hisobiga juda qisqa muddat — 17 ish kunida egallandi.
Bu mehnat zafarida Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlar, jumladan, qat`iy tizim asosida moddiy resurslarni, ya`ni mineral o`g`itlar, yoqilg`i moylash materiallari va talab etiladigan mablag`larni to`liqligicha o`z vaqtida etkazib berilganligi, shuningdek, xarid narxlarining g`alla hosildorligiga qarab to`lanishi hamda Xorazm viloyatidan o`rim kombaynlari yordamga yuborilganligi muhim omil bo`ldi.
Viloyat bo`yicha 85 ming gektar maydonda mo`l g`alla hosili etishtirildi. Viloyat bo`yicha 178255 tonna sara don etishtirilib, davlat shartnomaviy rejasi 100,2 foizga bajarildi. Hosildorlik o`rtacha 58 sentnerni tashkil etdi.
Suv toshqinidan talafot ko`rgan hudud bo`lishiga qaramasdan Mirzaobod tumani davlatga don sotish bo`yicha shartnomaviy rejani respublikada birinchi bo`lib bajarganligi alohida tahsinga sazovordir.Shuningdek, bu borada Sardoba, Xovos va Boyovut tumanlarining mirishkor dehqonlari ham viloyatda birinchilardan bo`lib shartnomaviy rejalarini bajardilar.
Boyovut tumanidagi «Mullo Holiqul bobo», «Mirishkor nafosat gulshani» fermer xo`jaliklari hosildorlikni 85 sentnerga etkazib, rejani 125 foizga uddaladi.
Sirdaryo tumanidagi «Doston farovon baraka», «Nurli quyoshli yurt» Sayxunobod tumanidagi «Qurama», «Begali» fermer xo`jaliklari gektariga o`rtacha 70-75 sentnerdan hosil oldilar va ular davlatimiz tomonidan qishloq xo`jaligiga yaratib berilayotgan imkoniyatdan to`g`ri foydalanilsa yuqori natijaga erishish mumkinligini amalda isbotlab berdilar.
Kamol Alibekov, Avazbek Mirzaev, Narzulla Elmuradov, Baxtiyor Mardiev singari kombayn operatorlari kuniga 100-120 tonnadan g`alla donini o`rib-yig`ib olib, davlat shartnoma rejasining bajarilishiga o`zlarining munosib hissalarini qo`shdilar.
O`rim-yig`im jadal davom etmoqda. Viloyat g`allakorlari hosildorlikni 65 sentnerga etkazishni maqsad qilishgan.