1

“Coca-cola” xususiy investorga sotiladi

Iqtisodiyot 10.07.2020, 09:06
“Coca-cola” xususiy investorga sotiladi

“Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd” ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiy investorga sotiladi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.  

Aynan shunday vazifa oziq-ovqat sanoatining investisiyaviy jozibadorligini oshirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, chet el investisiyalarini jalb qilib sohaga zamonaviy ishlab chiqarish va boshqaruv texnologiyalarini joriy etish maqsadida qabul qilingan O`zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining tegishli Farmoyishi bilan belgilandi. 

Ushbu jarayonning samaradorligi va oshkoraligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratiladi. Investorlar bilan ishlashni tashkil qilish, shuningdek, davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida dunyoning etakchi banklaridan moliyaviy maslahatchi sifatida JP Morgan,  

Rothschild & Co, Credit Suisse banklari orasidan biri tanlanadi.  

JPMorgan Chase - Amerika moliyaviy xolding kompaniyasi. AQShdagi "Katta To`rtlik" banklaridan biri sanaladi. 2003 yildan hozirgi kungacha aynan Coca-Cola brendi bilan bog`liq 15 ta yirik (mikdori 448 mln 6 mlrd AQSh dollargacha) kelishuvlarda ishtirok etgan. JP Morgan ichimliklar sohasidagi eng yirik maslahatchilardan biri bo`lib, Coca-Cola bilan bevosita ish olib borish va uning bitimlarida maslahatchi sifatida ishtirok etish bo`yicha tajribaga ham ega.  

Credit Suisse Shveysariyaning ikkinchi yirik moliyaviy konglomerati bo`lib, 7 ta bo`linmadan iborat. Ushbu bank ichimliklarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan ishlash bo`yicha shubhasiz dunyo etakchilaridan biri bo`lib hisoblanadi, hamda tegishli ravishda oxirgi 20 yilda 30 mlrd. AQSh dollariga yaqin 

Coca-Cola kompaniyasini turli mamlakatlarda sotish va birlashtirish jarayonlarida moliyaviy maslahatchisi sifatida ishtirok etgan. Bank moliyaviy maslahatchi sifatida Coca-Cola kompaniyasining butun dunyo bo`ylab qator muhim bitimlarida ishtirok etgan.  

Rothschild & Co xalqaro moliyaviy xolding kompaniyasidir. So`nggi 8 yil mobaynida, bank Coca-Cola guruhi bilan bog`liq 10 dan ortiq bitimlarda maslahatchi sifatida qatnashgan. Shu jumladan, ‘Costa Coffee’ni sotib olish bo`yicha 2018 yilda 5.1 milliard AQSh dollari miqdoridagi kelishuv bo`yicha bank tomonidan maslahat xizmatlari ko`rsatilgan. Bu o`z navbatida bank nafaqat ichimliklar sohasida, balki Coca-Cola guruhi bilan to`g`ridan-to`g`ri hamkorlik qilish bo`yicha boy tajribaga ega ekanligini namoyish etadi. Bank jahon investision banklarining Top-10taligiga kiritilgan bo`lib, Evropa mamlakatlarida barqaror etakchi o`rinlarni saqlab turibdi. 

Shuningdek, "Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd” ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayonini umumiy muvofiqlashtirish, shu jumladan birinchi bosqichda kompaniyani baholash (due diligence), sotish strategiyasini ishlab chiqish, biznes plan va moliyaviy model tayyorlash vazifalari qo`yiladi. Ikkinchi bosqichda salohiyatli investorlarni aniqlash uchun raqobat jarayonini tashkil qilish, munozaralarda ishtirok etish, eng yaxshi taklifni tanlash bo`yicha maslahat berish, sotish hujjatlarini tayyorlash va imzolashni tashkil qilish xizmatlarini taqdim etadilar. 

Bunday yondashuv xususiylashtirish savdosini shaffof va samarali o`tkazib, kelgusida xususiylashtirishga investorlarni jalb qilish uchun namuna, yoki benchmark bo`ladi. Ushbu jarayondan asosiy maqsad - kompaniyani modernizasiya qilish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi texnologiyalarni jalb qilish, korporativ boshqaruvni yaxshilash orqali kompaniyaning samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1