Ijtimoiy tarmoqda bir yigit bilan qiz bola nomidan tanishib, uning suratlarini tarqatishini aytib 5 million so`m talab qilgan firibgar qo`lga olindi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2020 yil 9 iyul kuni 26 yoshli M.E. «Odnoklassniki.ru» ijtimoiy tarmog`i orqali o`zini Andijon viloyati Marhamat tumanida yashovchi «Shoxista» ismli qiz sifatida tanishtirgan profil egasi bilan tanishgan.
M.E. unga rasmlarini yuborganidan so`ng, qiz 5 million so`mni bank orqali u aytgan plastik karta hisobiga tashlab bermasa, internet tarmog`ida yigitni sharmanda qilishini aytib «shantaj» qilgan.
Samarqand viloyati IIB tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida «Odnoklassniki.ru» ijtimoiy tarmog`idagi mazkur profil egasi aslida Samarqand tumanida yashovchi 44 yoshli F.X. ekanli aniqlangan. F.X. «o`ljasi»dan talab qilingan pulning ma`lum bir qismini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.