AsosiyJamiyat

"Bu kunlar ham ortda qoladi, o`shanda ayrimlarga ko`kragining kuyugi azob bermasa bas..."

'"Bu kunlar ham ortda qoladi, o`shanda ayrimlarga ko`kragining kuyugi azob bermasa bas..."'ning rasmi

Bugun butun insoniyat tilsiz yov – koronavirusga qarshi kurashmoqda. Har bir yurt  u bilan kurashning o`ziga xos yo`lini tanlamoqda. Jumladan biz ham... baribir o`zbekmiz, o`zimizga xos, o`zimizga xon, o`zimizga bekmiz-da!

Oldindan aytib qo`yay, bu “iddaolar”ning xalqimizning omonligi, salomatligi uchun halovatidan kechgan rahbarlar, molu jonini ayamayotgan hamyurtlarimiz, vijdonli, insofli, diyonatli insonlarga aloqasi yo`q. Ammo  go`sht  suyaksiz bo`lmaydi, guruch kurmaksiz.  

Mana qarang, dunyoning turli mamlakatlarida aholiga moddiy yordam ko`rsatish maqsadida pul tarqatilayotgan bir paytda biz odamlarni ko`chaga chiqarmaslik uchun turli-tuman jarimalarni o`ylab topdik. To`g`ri-da, biz uchun jondan ham ko`ra pul shirinroq ekanini o`zimiz yaxshi bilamiz.  

Ispaniya, Italiya, Gemaniya, Italiya singari yurtlarda bu dard butun millatni birlashtirdi. Bir-biriga imkon qadar yordam qo`lini cho`zdi. Davlat boshqalarga insonparvarlik ko`rsatishni emas, o`z xalqini qutqarish uchun bor choralarni safarbar qilishni o`yladi.  

Bizda esa... kuni kecha sog` odamni ham “kasal” deb rasmiylashtirib,  kasallar uchun ajratilgan millionlab pullarni jig`ildoniga urgan ayrim nokaslar bugun chindan kasallikka uchrab, madad so`rab borganlarni “joy yo`q, pul yo`q, dori yo`q” deb ortiga qaytarmoqda.  

Bir qator mamlakatlarda odamlar jon hovuchlab uydan tashqariga chiqmay o`tirgan bir paytda biz karantin tadbirlari bekor bo`lganidan foydalanib, uch “smena”da to`ylar qildik. Endi esa, ayrim mamlakatlar bu dardni enga boshlagan  bir paytda kundan kunga “kovid” to`riga o`ralib boryapmiz.  

Boshqa davlatlarda ma`murlar qanday qilib aholining kam ta`minlangan toifalariga ko`proq ko`maklashish to`g`risida  o`ylayotgan bir paytda bizning ba`zi “kattakon”lar qanday qilib xalq uchun ajratilgan pullarni talon-taroj qilish haqida bosh qotirishdi.  

Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Rossiya singari mamlakatlar tezroq vaksinani yaratib, chegara bilmas bu ofatning yo`liga g`ov tiklashga intilayotgan paytda biz qanday qilib dorilarninng narxini oshirish, odamlarning chorasizligidan, musibatidan foyda ko`rishni ko`zlayapmiz.  

O`zbekistona kun sayin o`sib boratyogan noxush raqamlar qachon to`xtaydi, umidbaxsh vaksina yurtimizga qachon etib keladi – bilmadim. Ammo, vaksina yurtimizga kirib kelgach, uning “savdosi” ham kimlarningdir ko`zini mo`ltiratib, yana kimlarningdir hamyonini qappaytirishi mumkinligidan xavotir bor... (O`zimiznikilarni qo`yaturaylik, o`sha vaksina chiqargan davlatlar o`z mahsulotini etarli miqdorda etkazib berish ba`zi bir ShARTlarni ham ilgari surmasmikin?) Mayli yaxshi niyat qip turaylik. Har kimning ham insofini bersin.  

Bitta rivoyat aytaymi? Eshitganlar jim tursin: ocharchilik paytida bir  aka ukaning uyiga xabar olgani boribdi. Ukasi shu payt endigini tandirdan uzilgan nonni emoqchi bo`lib turgan ekan. Akasini ko`rishi bilan issiq nonni ko`ylagi ichigaa tiqibdi. Qaynoq non ukaning ko`ksini kuydirsa-da, arang tishini tishiga bosibdi. Akasi u bilan biroz gaplashib, ortiga qaytmoqchi bo`lib: “Ha uka, bu kunlar ham o`tib ketar, lekin shu ko`kragingni kuygani qoladi-da” degan ekan.  

Nima bo`lganda ham, bu kunlar ham ortda qoladi. Vaqti kelib hammamiz (deyarli!)  bu qiyin kunlarni, bu mashaqqatlarni qo`rqinchli tushdek eslab yuramiz, inshaAlloh! O`shanda ayrimlarga “ko`kragining kuyugi” azob bermasa bas...

Yana bir bor aytaman: bu gaplar hammaga tegishli emas! Millat o`z qahramonlarini unutmaydi, xoinlarni ham...

Rustam Jabborov

    Boshqa yangiliklar