Qoraqalpog`iston Respublikasi Amudaryo tumanida faoliyat yurituvchi «Amu naslli chorva» nomli fermer xo`jaligi rahbari chorvachilikni rivojlantirish uchun er maydoni ajratilmayotganligidan norozi bo`lib murojaat qilgan.
Biznes-ombudsman axborot xizmati ma`lum qilishicha, murojaat yuzasidan fermer xo`jaligiga tegishli amaliy yordam ko`rsatish maqsadida joriy yilning 5 may kuni Amudaryo tuman hokimligiga so`rov xati yuborilgan. So`rov xatini ijro qilish tuman hokimining qishloq va suv xo`jaligi masalalari bo`yicha o`rinbosari F.Sadullaevga yo`naltirilgan.
Unda tegishli ma`lumotlar joriy yilning 11 may kuniga qadar taqdim qilinishi ko`rsatilgan bo`lsada, F.Sadullaev tomonidan so`rov xati bee`tibor qoldirilgan.
Qonunchilikka ko`ra davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo`yicha vakilga uning faoliyatida ko`maklashishi, u tomonidan so`ralayotgan, tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga taalluqli bo`lgan hujjatlar, materiallar hamda boshqa ma`lumotlarni, agar boshqa muddat belgilanmagan bo`lsa, so`rov olingan kundan e`tiboran o`n kundan kechiktirmasdan taqdim etishi shart.
Yuqoridagi qonun buzilish holati yuzasidan hokim o`rinbosari F.Sadullaevga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma rasmiylashtirildi.
Amudaryo tuman ma`muriy sudi qarori bilan hokim o`rinbosariga jarima jazosi tayinlandi.